Tadbir avvalida 1 mavsum boʻyicha statistikalar eʼlon qilindi. Maʼlum qilinishicha, “Viki Stipendiya” marafoniga start berilgandan keyin Vikipediyada oʻzbek tilidagi maqolalar soni 239 000 tadan oshdi. Tahrirlar soni esa 3 724 554 tani tashkil etmoqda. Marafon yakunigacha oʻzbekcha Vikipediya 365 tilli reytingda 62 oʻrindan 44 oʻringa koʻtarildi. Markaziy Osiyoda maqolalar soni boʻyicha birinchilikka erishdi.
Bu loyihaga asosan yoshlar jalb qilindi va 1 mavsum yakunidan soʻng gʻoliblar pul mablagʻlari bilan taqdirlandi. Loyiha davomida yoshlar orasida Vikipediyani keng targʻib qilish maqsadida “Zakovat” intellektual klubi bilan hamkorlikda “VikiQUIZ” oʻyinlari ham tashkil etilishi reja qilingan.
“Viki Stipendiya” ikkinchi mavsumda rejalashtirilgan ishlar va maqsadlar haqida keng maʼlumotlar berilib, bir qancha loyihalar amalga oshirilishi maʼlum qilindi:
- Oʻzbekcha Vikipediyadagi maqolalarni chet tillaridagi Vikipediyalarga tarjima qilish Marafoni.
- Oʻzbekcha Vikipediyaga Oʻzbekiston hududlari haqida maqolalar joylash loyihasi.
- Oʻzbekcha Vikipediyada statusli maqolalar tanlovi.
- “VikiQUIZ” loyihasi.
- “Viki-tur» loyihasi.
Tadbir soʻngida 1 mavsumdan kichik video lavha taqdim etildi, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.
Aziza SHAROFUDDINOVA,
OʻzJOKU talabasi