Vitiligoga chalingan bemorlar koronavirus bo'lib qolsa oq dog'lari ko'payib ketishi mumkinmi?

    Sevara Ubaydullayeva, SSV huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi:

    —Vitiligo kasalligi autoimmun jarayon bilan kuzatiladigan kasallik boʻlib, uning kelib chiqishida turli omillar taʼsir etadi. Koronavirus taʼsirida ham aholining 4 foizida autoimmun jarayon kuzatilishi oqibatida sitokin shtormi kuzatiladi. Olimlarning taʼkidlashicha, autoimmun jarayon bilan kechadigan kasalliklarni oʻtkazayotgan bemorlar organizmida immun tizim bu jarayonni nazorat qilishga moslashgan boʻladi.

    Vitiligo kasalligida kechayotgan autoimmun jarayonni organizm boshqarishni oʻrgangani bois, tashqi virus, yaʼni koronavirus organizmga tushganida, organizmda kelib chiqishi mumkin boʻlgan autoimmun jarayonni oldini olish xususiyati ishga tushib, kasallik ogʻir kechuvi kuzatilmasligi mumkin. Lekin bu degani vitiligo kasalligi kabi autoimmun jarayonni kechirayotgan bemorlar koronavirus kasalligi bilan kasallansa yengil darajada oʻtadi va himoyalanmaslik, profilaktika qilmaslik mumkin degani emas.

    Bunday holatlar inson organizmiga tushgan virus hajmiga bogʻliq boʻladi. Agar organizmga koʻp miqdorda virus tushsa yoki kasallikdan toʻliq tuzalmasdan turib bemorlar bilan kontaktda boʻlib yana virus organizmga tushsa, kasallik ogʻir kechishi kuzatiladi.

    Shuning uchun hozirda va doimiy ravishda bu kasallikdan himoyalanish, niqob va qoʻlqoplarni taqish, qoʻllarni doimiy ravishda sovunlab yuvish yoki antiseptik vositalar bilan ishlov berish hamda odamlar koʻp joylarda masofani saqlash oʻz dolzarbligini yoʻqotmagan.