Uchrashuvda Toshkent shahrida saralash va logistika markazlarini qurish masalalari muhokama etildi. Shuhrat Mirzayevning aytishicha, hozirda Osiyo taraqqiyot banki mablagʻlari hisobidan Toshkent, Samarqand va Andijonda uchta agrologistika markazini qurish loyihasi amalga oshirilyapti. Va u “Wildberries” MCHJga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari logistikasini tashkil etish nuqtayi nazaridan ushbu loyihani koʻrib chiqishni taklif qildi.

Shuningdek, tomonlar Oʻzbekiston agrosavdo portalini integratsiyalash, yaʼni maydonlarni oʻzaro integratsiya qilish imkoniyatlarini koʻrib chiqish uchun zarur maʼlumotlarni taqdim etish masalasini muhokama qildi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.

Konsolidatsiyalangan eksport masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Shuhrat Mirzayev “Wildberries” MCHJ marketpleysi orqali meva-sabzavot mahsulotlarini jamlanma eksport qilishni tashkil etishni taklif qildi. Shu maqsadda xorijlik hamkorlarga meva-sabzavotlarni zarur hajm va standartlarga muvofiq yetkazib berish tizimi yoʻlga qoʻyilgan.

Maʼlumot uchun.

Wildberries – kiyim-kechak, poyabzal, elektronika, bolalar uchun mahsulotlar, uy-roʻzgʻor buyumlari va boshqa tovarlarning xalqaro marketpleysi (internet doʻkon). Rossiya, AQSH, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Armaniston, Polsha, Slovakiya, Germaniya, Isroil, Moldova, Turkiya va Oʻzbekistonda faoliyat yuritadi.