Xalq bilan muloqot – muammolar yechimining samarali yoʻli

    Bugungi kunda aholi orasiga chuqurroq kirib borish, ularni tashvishga solayotgan masalalarni joyida oʻrganish, mavjud muammolarga mutasaddi tashkilotlar eʼtiborini qaratish orqali yechimini topish mahalliy kengashlar faoliyatida muhim yoʻnalishga aylangan.

    Jumladan, ijtimoiy ahamiyat kasb etgan masalalarni mahalliy kengash sessiyasi yigʻilishi muhokamasiga va hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish davlat dasturiga kiritish orqali hal etish barcha darajadagi mahalliy kengashlar deputatlarining amaliy faoliyatiga aylanayotgani hayotiy haqiqatdir.

    Ayni maqsadlarda OʻzXDP Jizzax shahar kengashi va partiya deputatlik guruhi tomonidan Qaliya mahallasida ochiq muloqot tashkil etilib, unda ushbu hududdan saylangan deputat Baxtiyor Toshpoʻlatovning oʻtgan davrdagi faoliyati tahlil qilindi.

    Tadbirda deputatning partiya elektorati manfaatlaridan kelib chiqib, aholini, ayniqsa, ijtimoiy zaif qatlam manfaatlarini himoya qilishdagi faoliyati yuzasidan fikr almashildi.

    Hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ijtimoiy soha obyektlari (maktab, sogʻliqni saqlash)ni qayta qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash, katta koʻlamdagi obodonlashtirish ishlariga bosh-qosh boʻlganligi taʼkidlandi. Aholi talab-istaklari asosida hududdagi ichimlik suv va elektr taʼminotida boʻlgan nosozliklarga barham berishda koʻrsatgan begʻaraz yordami eʼtirof etib oʻtildi.

    Uchrashuv davomida fuqarolarning murojaatlari asosida aniq vazifalar qoʻyilgani holda shu kabi muloqotlarni kelgusida davom ettirish yuzasidan rejalar belgilab olindi.