Prezident yigʻilishda Xalq qabulxonalari yangi ochilganida murojaatlarning 90-95 foizi shikoyat shaklida boʻlgani, hozirga kelib, 60-65 foizga tushganiga eʼtibor qaratdi.

«Bugun odamlarning dunyoqarashi oʻzgarib, shaxsiy masalada emas, mahallasidagi sharoitni yaxshilash yuzasidan taklif berishni afzal koʻryapti. Lekin muammosi hal boʻlmagan odamlar rahbarlar qabulini tashkil qilib berishni Prezidentdan soʻrayapti.
Endi bu tizim oʻzgaradi. Hokimlar arizada koʻtarilgan masalani hal qilishning oʻzi bilan cheklanmaydi. Aksincha, muammoning kelib chiqish sababi bilan ishlashi kerak», – dedi davlatimiz rahbari.

Shu bois, sohada yangi tizim joriy qilinib, Xalq qabulxonalari faqatgina ariza qabul qiluvchi organ emas, balki hududdagi muammolarni diagnostika qiladigan markaz boʻlishi belgilandi.

Prezident yangi tizim qanday ishlashini Qarshi shahri misolida tushuntirib berdi.

Oʻtgan yili Xalq qabulxonasiga Qarshi shahri aholisidan kelib tushgan 11 mingta murojaat tahlil qilindi.

Misol uchun, Qarshi shahridagi 255 nafar odam aliment toʻlashdan boʻyin tovlab yurganining sabablari oʻrganilganda ularning 193 nafari kasb-hunari bor boʻlgani bilan ishsiz ekani, yana 62 nafari daromadini kamaytirib koʻrsatayotgani aniq boʻldi.

Bu jarayonda hokimlik, banklar va hokim yordamchilari, shahar bandlik va MIB boʻlimlari birgalikda ishlab, fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qiladi, ishsizlarni hududdagi sanoat va servis korxonalaridagi vakant oʻrinlarga joylashtiradi. Xorijda ishlash istagida boʻlgan aliment toʻlovchilar bilan uch tomonlama shartnoma tuzib, til va kasbga oʻrgatib, xorijga yuqori daromadli ishlarga yuboradi.

Shahar soliq inspeksiyasi esa Bosh prokuratura departamenti bilan birgalikda daromadini yashirib kelayotganlarning faoliyatini “soyadan” chiqaradi.

Shunda aliment toʻlovchilar qaramogʻida boʻlgan 700 ga yaqin bolaning moddiy taʼminoti oʻzgarishi taʼkidlandi.