Ayni kunda Xorazm viloyatida 766 ta dorixona mavjud boʻlib, ularning 10 dan ortigʻi ulgurji savdoga yoʻnaltirilgan. Urganch shahrida joylashgan ulgurji savdoga ixtisoslashgan dorixonalarda koronavirusni statsionar va uy sharoitida davolash hamda profilaktikani amalga oshirish maqsadida 2 ming turdan ortiq dori darmon, antiseptik vositalar, tibbiy niqob va qoʻlqoplar ulgurji narxlarda 500 dan ortiq dorixonalarga yetkazilmoqda. Ushbu jamiyatda asosan virusni oldini oluvchi, aholining ehtiyoji katta boʻlgan zarur preparatlar mavjud boʻlib, ularni chekka hududlarida joylashgan dorixonalarga, koʻchma xamda ijtimoiy dorixonalarga ham yetkazib berishga xizmati yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Bu borada Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Xorazm viloyat boshqarmasi va uning hududiy boʻlimlari xodimlari tomonidan kundalik nazorat tadbirlari, profilaktik suhbatlar tashkil etilmoqda. Unda asosiy eʼtibor pandemiya davrida dori darmon vositalarining uzluksizligini taʼminlashga hamda narxlarni asossiz oshib ketishini oldini olishga, noqonuniy dori darmon savdosiga chek qoʻyishga qaratilmoqda.

Shuningdek, Urganch shahrida joylashgan “Abbosbek” dorixonasi ham ulgurji va chakana savdoga yoʻnaltirilgan. Bu yerda virusni oldini oluvchi dori darmon vositalari, tibbiy qoʻlqop, niqob va antiseptik vositalar ulgurji narxlarda sotilmoqda. Dori vositalarining omborxonalarda saqlanish tartibi, sifati, yaroqlilik muddati, yetkazish xizmati hamda narxlari belgilangan tartib asosida tashkil etilgan.

 

Ming afsuski, pandemiya davrida ayrim noinsof kimsalar aholi uchun yaratilgan bu kabi sharoitlardan noqonuniy yoʻl orqali foydalanib, moʻmay daromad topishga harakat qilmoqda. Bu borada Bosh prokuratura huzuridagi departamentining viloyat boshqarmasi va hududiy boʻlim xodimlari tomonidan bir nechta tezkor tadbir oʻtkazilib, ana shunday noqonuniy harakatlarga chek qoʻyilmoqda.

Xususan, joriy yilning oʻtgan bir oyi davomida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Xorazm viloyat boshqarmasi va uning hududiy boʻlimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida 6 tumanda dori-darmon va tibbiy buyumlar savdosi bilan bogʻliq noqonuniy harakatlar fosh etildi. Masalan,Urganch tumanida yashovchi fuqaro A.S. oʻz xonadonida hech qanday hujjatlarsiz analgin, dimedrol, senepar kabi 23 turdagi 103 dona dori vositalarini hamda Gurlan tumanida yashovchi fuqaro R.J. ham oʻz xonadonida noqonuniy savdo orqali 134 turdagi dori vositalarini sotib kelayotganligi aniqlandi.

Shuningdek, Departamentning Hazorasp va Tuproqqalʼa tuman boʻlimi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Xazorasp tumani Amudaryo mahallasida yashovchi fuqaro L.I. oʻzining yashash xonadonida hech qanday hujjatlarsiz noqonuniy ravishda 12 turdan ortiq dori-darmon vositalarini sotib kelayotganligi aniqlandi. Noqonuniy savdoga moʻljallangan barcha dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.

 

Yana bir misol, departamentning Yangibozor tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir shu tumanda 22 yoshli yigit A.K. ham hech qanday rasmiy hujjatlarsiz oʻz xonadonida qonunga zid ravishda 20 turga yaqin dori sotib kelayotganligi aniqlandi. Tadbir davomida noqonuniy muomalaga kiritishga moʻljallangan 16 turdagi jami 1 mln 400 ming soʻmlik import dori vositlari ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyildi.

Xalq boshiga ish tushganda qoʻldan kelgancha yordam berish oʻrniga qiyin vaziyatni qulay fursat deb bilgan Xonqalik yigit S.R.ning ham noqonuniy chayqovchilik harakatlari fosh etildi. Departamentining Xonqa tuman boʻlimi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro S.R. oʻz xonadonida 12 turdagi dori darmon va antiseptik vositalarni hech qanday hujjatlarsiz sotayotganligi aniqladi. Barcha preparat va tibbiy vositalar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.

Hozirda dori-darmon va tibbiy buyumlar savdosi bilan bogʻliq boʻlgan mazkur noqonuniy harakatlar yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlarni tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Gʻayratjon SULTONOV

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga

qarshi kurashish Departamentining

Xorazm viloyat boshqarmasi boshligʻi

adliya maslahatchisi