Shu maʼnoda Xalq qabulxonalari Toshkent viloyatida sud-huquq masalalari boʻyicha tashkil qilgan navbatdagi ommaviy qabullarda ham har bir masalaga baho berishda qonuniylik, odillik va insonparvarlik tamoyillari asosiy mezon boʻldi. Qonunan haq boʻlgan murojaatchilarning joyida hal qilish imkoni bor masalalariga shu yerda yechim topildi, muammosining huquqiy yechimini topolmayotganlarga bu masalaning qonuniy yoʻl-yoʻrigʻi tushuntirildi.
Qabullar davomida Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi masʼullari 229 ta murojaatni koʻrib chiqib, ularning 189 tasiga yechim topdi. Ikki kunlik qabullar doirasida murojaatlar asosida jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyatining tuman va shahar sudlari tashkil qilgan sayyor sud majlislarida 70 ta ish koʻrib chiqilib, 69 nafar shaxs jazoni oʻtashdan muddatidan oldin shartli ozod qilindi. Muqaddam asossiz sudlangan 1 nafar shaxs oqlandi. Bundan tashqari, 36 nafar mahkumga nisbatan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi yengilroq jazo turiga almashtirildi. Bu bilan bilib-bilmay jinoyat yoʻliga kirgan, aybini tushunib, qilmishiga ming pushaymon boʻlgan, albatta oʻz xatolarini tuzatishga astoydil bel bogʻlagan bu fuqarolarga oʻz hayotini oʻnglab olishi uchun yana bir bor imkoniyat berildi.
Muloqotlar davomida fuqarolik ishlari boʻyicha aliment, merosdan ulush va taʼminot, moddiy va maʼnaviy zarar undirish, buzilgan huquqlarni tiklashga oid 23 ta sud ishi tugatildi. Qariyb 656 million soʻmlik moddiy zarar jabrlanuvchilar foydasiga qoplanishiga erishildi. Bu sud ishi boʻyicha nizolashayotgan tomonlar bilan suhbatlar oʻtkazilgani, ularning muammosi murosayu madora, oʻzaro kechirimlilik va yarashtiruv yoʻli bilan hal qilingani isbotidir.
Bosh prokuratura masʼullari koʻrib chiqilgan 77 ta masalaning 20 tasiga, Ichki ishlar vazirligi mutasaddilari 49 ta murojaatning 25 tasiga joyida yechim topdi.
Muloqotlarda sud qarorlari ijrosi boʻyicha ham murojaatlar koʻp boʻldi. Umuman, 2021-yilning oʻtgan davrida Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga Toshkent viloyatidan bu masalada 10 ming 617 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, ularning 6 ming 472 tasi qanoatlantirilgan. Ikki kun ichida esa 2 ta ish boʻyicha 65 mln. soʻm undirib berildi.
Yana bir masala – oʻtgan besh yilda Toshkent viloyatida yashayotgan fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan ham fuqarolik olish masalasida minglab murojaatlar kelgani rost. Davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi bilan bu muammoning huquqiy yechimlari topib berilgach, joriy yilda “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi qonunga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritilgach, bu masalani qonuniy hal qilish ancha yengillashdi. Joriy yilning oʻtgan davrida Toshkent viloyatida 43 nafar murojaatchiga Oʻzbekiston fuqaroligi berilib, ID-kartalar rasmiylashtirildi.
Mazkur ommaviy qabullarda ham fuqarolik olish haqida murojaat qilgan 7 nafar insonning masalasi joyida koʻrib chiqilib, ularga ID kartalar rasmiylashtirilib berildi.
Muxtasar aytganda, Toshkent viloyatida ikki kun davomida sud-huquq sohasi boʻyicha oʻtkazilgan ommaviy qabullarda 427 ta masala koʻrib chiqilib, ularning 239 tasiga joyida yechim topildi, 43 ta murojaat egasiga huquqiy maslahat va tushuntirish berildi, 145 ta masala boʻyicha aniq muddat va masʼullar belgilanib, nazoratga olindi.