Xalqaro aeroportlarga nom berishga doir tanlov muddati uzaytirildi

    Turizm 30 Oktabr 2020 843

    Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Transport vazirligi va “Oʻzbekiston aeroportlari” AJ hududlardagi xalqaro aeroportlarimizga eng yaxshi nom berishga doir tanlov muddatini 2020-yilning 5-noyabriga qadar uzaytirdi.

    Tanlovning maqsadi Oʻzbekistondagi xalqaro aeroportlarga eng yaxshi nom topish jarayoniga keng jamoatchilikni jalb qilishga yoʻnaltirilgan. Toshkent shahar Islom Karimov nomli hamda Andijon shahar Zahiriddin Muhammad Bobur nomli aeroportlar bundan mustasno.

    Mazkur tanlovda ishtirokchining fuqaroligidan qatʼi nazar, 16 yoshdan oshganlar, jumladan, talabalar, ijodkorlar, olimlar, tarixchilar va mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish istagida boʻlgan barcha kishilar ishtirok etishi mumkin.

    Tanlovda ishtirok etish shartlari:

    - Tanlov tartibi va shartlari bilan quyidagi saytlar orqali tanishish mumkin: https://uzbektourism.uz, https://mintrans.uz, https://uzbairports.uz;

    - Nomning noyob versiyasini oʻylab topish va uning ahamiyatiga izoh berish;

    - Har bir nom loyihasini (oʻzbek, rus va ingliz tillarida) gʻoyaviy tavsifi bilan tanlov@uzbektourism.uz elektron manzilga yuborish;

    - Tanlov eʼlon qilingan kundan ikki oy oʻtgach, vazirliklar, idoralar va jamoatchilik vakillari va tarixchilardan iborat Komissiya kelib tushgan takliflar orasidan har bir aeroport uchun 5 tadan loyihani tanlab oladi.

    Ushbu loyihalar ikki oy muddatga onlayn ovoz berish uchun https://uzbektourism.uz saytiga joylashtiriladi. Onlayn ovoz berish natijalari boʻyicha gʻoliblar Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Transport vazirligi va “Oʻzbekiston aeroportlari” AJning rasmiy saytlarida eʼlon qilinadi. Komissiya eng yaxshi loyihalarni tanlashda quyidagi mezonlarga tayanadi:

    - nomning oʻziga xosligi va jozibadorligi;

    - nomning aeroport joylashgan hududlar salohiyati (tarixiy, madaniy, tabiiy va boshqalar) bilan uygʻunlashuvi;

    - muallifning etika va til madaniyatiga rioya qilishi (haqoratlovchi yoki shaʼnga teguvchi soʻzlar boʻlmasligi hamda ushbu nom salbiy taassurot uygʻotmasligi lozim).

    - universallik va ixchamlik. Takliflar faqat onlayn tarzda qabul qilinadi. Loyihalar ishtirokchining shaxsiy maʼlumotlari (toʻliq ismi sharifi, yoshi, ish faoliyati, yashash joyi, telefon raqami), aeroport nomlari boʻyicha taklifi, shuningdek gʻoya tavsifi va hudud uchun ahamiyati haqidagi izoh bilan birga taqdim etiladi. Tanlov uchun taqdim etilgan takliflar (nomlar, uning variantlari va izohlar) mualliflarga qaytarilmaydi. Materiallar tanlov@uzbektourism.uz elektron manzilga yuborilayotganda “mavzu” ustuniga “Aeroport nomi” deb yozish lozim. Tanlovda ishtirok etish, gʻolib boʻlgan taqdirda, taqdim etilgan nom variantini qoʻllashga doir mutlaq huquqni tanlov ishtirokchilariga avtomatik ravishda taqdim etishni koʻzda tutadi, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.