Eslatib oʻtamiz: Oʻzbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi Oʻzbekiston IEC Milliy qoʻmitasiga aylandi.

“Biz Oʻzbekiston IECga qoʻshilganidan juda xursandmiz. Oʻzbekistonlik ekspertlar jahon hamjamiyatimizga qoʻshilish orqali xalqaro standartlar va muvofiqlikni baholash xizmatlarini ishlab chiqishda faol ishtirok etishlari, oʻz manfaatlarini amalga oshirishni taʼminlashlari va ilgʻor xalqaro tajribalarni joriy etishlari mumkin boʻladi. Bu global hamkorlik sari yana bir qadamdir”, dedi IEC bosh kotibi va bosh direktori Filipp Mesger.

Oʻzbekiston 2015-yil oktyabr oyidan boshlab, mamlakat Komissiyaning Hamkorlik dasturiga (ACR) qoʻshilganidan beri IEC hamjamiyatining bir qismi hisoblanadi. Ushbu dasturdagi ishtiroki doirasida Oʻzbekiston milliy darajada 720 ta xalqaro standartlarni qabul qildi va 2019-yilda davlat hamda xususiy sektor vakillari ishtirokida Milliy elektrotexnika qoʻmitasi (MEQ) tuzildi.

“IEC aʼzosi boʻlish orqali biz xalqaro standartlashtirish hamjamiyati bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash imkoniyatiga ega boʻlamiz. Standartlardan foydalanish mamlakatimiz sanoatiga global raqobatdosh ustunlikni oshirish imkonini beradi va savdodagi texnik toʻsiqlarni bartaraf etishga yordam beradi. Biz IEC hamjamiyati bilan samarali hamkorlikdan manfaatdormiz”, dedi Oʻzbekiston IEC Milliy qoʻmitasi kotibi Abdullo Orifboyev.