Xalqaro kuzatuvchilar bilan uchrashuv

    Joriy yil 8-iyun kuni Markaziy saylov komissiyasida YEXHT DIIHBning muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish boʻyicha missiyasi asosiy guruhi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuv chogʻida Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizomxoʻjayev shu kunlarda muddatidan ilgari Prezident saylovi kampaniyasi tobora qizgʻin pallaga kirgani, bu masʼuliyatli jarayon Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Saylov kodeksida belgilangan tartiblarga binoan izchillik bilan muvofiqlashtirib borilayotganini taʼkidladi. Jumladan, muddatidan ilgari Prezident saylovini oʻtkazish boʻyicha kalendar rejasiga muvofiq, saylovni oʻtkazuvchi 14 okrug va 10 ming 783 uchastka saylov komissiyasi shakllantirildi. Markaziy saylov komissiyasining matbuot va tezkor axborot markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bugungi kunga qadar ommaviy axborot vositalarining 229 vakili akkreditatsiyadan oʻtkazildi.

    Saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish ishlariga oshkoralik berish maqsadida tadbirlar tartibi, bosqichlari va muddatlari haqidagi axborotlar saylovchilarga hamda siyosiy partiyalarga Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb sayti va ommaviy axborot vositalari orqali tezkorlik bilan yetkazilmoqda.

    Uchrashuvda YEXHT DIIHBning Oʻzbekistonda oʻtkazilgan saylovlarni kuzatish missiyalari xulosalari boʻyicha hisobotlaridagi tavsiyalarni milliy qonunchiligimizga va amaliyotimizga implementatsiya qilish, saylovga oid huquqiy bazani takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlarga alohida toʻxtalib oʻtildi.

    Missiya rahbari elchi Ursula Yuzefa Gachek taʼkidlaganidek, DIIHB missiyasi asosiy guruhi vakillari tajribali ekspertlardan, jumladan, siyosiy, huquqiy, media hamda saylov sohasidagi tahlilchilar, DIIHB xodimlari va maslahatchilaridan iborat boʻladi. Shuningdek, missiya rahbari asosiy guruh ekspertlaridan tashqari missiya tarkibiga uzoq muddatli kuzatuvchilar ham qoʻshilishini bildirdi hamda YEXHT DIIHB oʻrtasida samarali hamkorlik kengayib borayotganidan mamnun ekanini taʼkidladi.

    Bahor XIDIROVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri