Xalqaro kuzatuvchilar saylovga yaxshi tayyorgarlik koʻrilganini qayd etqi

    Saylov 28 Oktabr 2024 412

    Joriy yil 27-oktyabrda Markaziy saylov komissiyasida bir qator xalqaro kuzatuvchilar bilan uchrashuv oʻtkazildi.

    Ular orasida Pokiston Senatidagi “Pokiston-Oʻzbekiston” doʻstlik guruhi aʼzosi Irfan Ulhak Siiddiqiy senatorlar guruhi, Ozarboyjon Markaziy saylov komissiyasi Raisi Mazaxir Panaxov, Xitoy xalq Respublikasi elchisi Sun Lisze boshchiligidagi Xitoy xalq Respublikasi Tashqi ishdar vazirligi kuzatuvchilar guruhi, Tojikiston Markaziy saylov komissiyasi Raisi Xudoyorzoda Baxtiyor, Turkmaniston Markaziy saylov komissiyasi Raisi Gulmurat Muradov hamda Pokiston saylov komissiyasi Raisi Sultan Moxammadlar boshchiligidagi delegatsiya vakillari bor edi.

    Muloqot davomida saylovga tayyorgarlik va bugun mamlakatimizda boʻlib oʻtayotgan saylovning qizgʻin jarayonlari, uning bosqichlari, saylov qonunchiligidagi oʻzgarishar va yangiliklar xususida soʻz yuritildi.

    Shuningdek, respublikamiz vaqti bilan soat 8:00 da Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlarining saylovi boshlangani, butun mamlakatimiz boʻylab hududiy saylov komissiyalari tomonidan tuzilgan 11 ming 28 ta saylov uchastkalari oʻz ishini boshlagani qayd etildi.

    Mehmonlar mamlakatimiz saylov qonunchiligidagi yangiliklar bilan tanisharkan, ayni yoʻnalishdagi ijobiy oʻzgarishlarni yuqori baholadi. Oʻtayotgan mazkur saylov ham xalqaro demokratik tamoyillarga toʻlaqonli javob berishiga ishonch bildirdi.

    Xususan, Pokiston Senatidagi “Pokiston-Oʻzbekiston” doʻstlik guruhi aʼzosi Irfan Ulhak Siiddiqiy: “Fuqarolarning faolligi jarayonlarning yaxshi tashkillashtirilganini koʻrsatadi. Ishonchim komilki, yangi oʻzgarishlar bilan oʻtkazilayotgan yangi saylov tizimida xalq faol qatnashib, oʻzlari munosib koʻrgan vakilga ovoz beradi. Yangi saylov tizimidagi gender tengligi, aniqroq aytganda, deputatlikka nomzodlar orasida ayollar ulushi 30% dan 40%ga oshirilgani juda ahamiyatli. Chunki dunyodagi rivojlangan davlatlarda ham bunday koʻrsatkich yoʻq”, – deya taʼkidladi.

    Ozarbayjon Markaziy saylov komissiyasi raisi Mazaxir Panaxov: “Ertalabdan qator saylov uchastkalarining kuzatishga muvaffaq boʻldik. Jarayonlar juda yaxshi tashkillashtirilgan. Barcha tashkiliy ishlar Saylov kodeksiga mos ravishda amalga oshirilyapti. Aytishim joiz, xalqaro standartlarga mos ravishda oʻtayotgan saylovlar uning shaffofligi va oshkoraligini taʼminlashga xizmat qiladi.”

    “Biz bir fikrni taʼkidlab oʻtmoqchimiz – saylovlar yuqori saviyada tashkil etildi. Biz nafaqat saylovlarni kuzatish, balki saylovni oʻzimizda ham ilgʻor usullarni joriy etgan holda tashkil etish amaliyotini oʻrganishga chaqiramiz”, — dedi Tojikiston Markaziy saylov komissiyasi raisi Baxtiyor Xudoyorzoda. Saylov uchastkalarini saylov texnikasi bilan taʼminlash, uchastka komissiyalari aʼzolarining malakasini oshirish ishlarini ijobiy baholab, deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlari, deputatlikka nomzodlar toʻgʻrisida keng maʼlumotlar mavjudligini alohida qayd etdi, deb xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.

    Taʼkidlash joiz, kuzatuvchilar missiyalari aʼzolari va xorijiy delegatsiyalar vakillari respublikamizning turli hududlardagi saylov uchastkalarida boʻlib, ovoz berish jarayonlarini bevosita kuzatib bordi.