Oʻzbekiston milliy paralimpiya qoʻmitasining yurtimizda nogiron va imkoniyati cheklangan insonlarni katta sportga keng jalb etish, ular oʻrtasida ommaviy sportni rivojlantirish, jahon maydonlarida Vatanimizning shaʼnini munosib himoya qiladigan matonatli sportchilarni tayyorlash borasidagi keng koʻlamli saʼyi-harakatlar bilan bir qatorda xalqaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar qoʻmitaning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtibori yuksilishiga xizmat qilmoqda.
Kuni kecha Oʻzbekiston milliy paralimpiya qoʻmitasi raisi Muxtorxon Toshxoʻjayevga Xalqaro paralimpiya qoʻmitasi(IPC) prezidenti Endryu Parsons Oʻzbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishi boʻyicha maktub va oʻz dasturini yoʻlladi.
Dasturga binoan Xalqaro paralimpiya qoʻmitasi(IPC) rahbari Endryu Parsons joriy yilning 29-sentyabr – 2-oktyabr kunlari Oʻzbekistonga tashrif buyuradi.
Aytish lozimki, Tokioda Oʻzbekiston milliy paralimpiya qoʻmitasi raisi M. Toshxoʻjayev Xalqaro paralimpiya qoʻmitasi prezidenti Endryu Parsons bilan ikki tashkilot oʻrtasidagi aloqalarni yangi bosqichga kutarish masalasida muzokaralar oʻtkazgandi.
Maʼlumki, 2017-yildan beri IPC prezidentligini bajarib kelayotgan braziliyalik Parsons janoblarining Oʻzbekistonga ilk bor boʻladigan tarixiy rasmiy tashrifi doirasida bir qator uchrashuvlar, qisqa fursatda bunyod etilgan sport va madaniyat majmualari, mehmonxonalar hamda yaratilayotgan infratuzilmalar yurtimizning diqqatga sazovor joylari bilan yaqindan tanishish belgilangan.
Xalqaro paralimpiya qoʻmitasi(IPC) prezidenti Endryu Parsons ishtirokida Toshkentda kengaytirilgan konferensiya oʻtkazilishi rejalashtirilgan
Tashrif Dasturining asosiy mavzularidan yana biri Xalkaro paralimpiya qoʻmitasi prezidenti Endryu Parsons bilan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Turizm va sport vaziri A.Abduhakimov va Oʻzbekiston milliy paralimpiya qoʻmitasi raisi M. Toshxoʻjayevning mamlakatimizda paralimpiya sport turlari boʻyicha nufuzli musobaqalar oʻtkazish hamda Xalqaro paralimpiya qoʻmitasi bilan Oʻzbekiston milliy paralimpiya qoʻmitasining hamkorlik masalalari borasida rasmiy uchrashuvi oʻtkazilishi belgilangan.