Yig‘ilishda Assotsiyatsiyaning ijro qo‘mitasiga aʼzolarni saylash va yo‘nalishlar bo‘yicha guruhlarni shakllantirish bo‘yicha munozaralar o‘tkazildi.

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xalqaro paxta tadqiqotchilari assotsiatsiyasi maslahatchisi etib saylandi va doimiy aʼzosi sifatida ovoz berish jarayonlarida ishtirok etdi.

Shu kunga qadar, Ibrohim Abdurahmonov Assotsiatsiyaning Ijrochi qo‘mitasi yig‘ilishlarida aʼzo sifatida ishtirok etgan bo‘lsa, bu yilgi tadbirda u maslahatchi sifatida qatnashdi.

Shuningdek, Xalqaro paxta tadqiqotchilari assotsiatsiyasining navbatdagi 8-Jahon paxta tadqiqotlari konferensiyasini o‘tkazish uchun talabgor davlatlar sifatida O‘zbekiston, Hindiston hamda Pokistonning imkoniyatlari o‘rganib chiqildi hamda ushbu nufuzli tadbir 2024-yilda O‘zbekistonda o‘tkazilishi belgilandi.

Qayd etish joizki, Jahon paxta tadqiqotlari konferensiyasi (World Cotton Research Conference – WCRC) paxta yetishtiruvchi mamlakatlardan birida har to‘rt yilda bir marotaba o‘tkaziladi. Ushbu konferensiya shu paytgacha Avstraliya (1994), Gretsiya (1998), Janubiy Afrika (2003), AQSh (2007), Hindiston (2011), Braziliyada (2016) va joriy yilda Misrda o‘tkazildi.

Mazkur anjuman paxtachilik bo‘yicha tadqiqotlar olib boruvchi butun dunyodagi olimlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga, tadqiqotlar bo‘yicha maʼlumotlar almashinishiga, hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi. Bunda paxta yetishtirish bo‘yicha mavjud va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning yechimlari izlanadi, paxta sanoati barqaror rivojlanishiga qaratilgan tadqiqotlarning sinergiyasi taʼminlanadi.