Xalqaro reytinglar akademik reputatsiya va ta’lim sifatining oshishiga xizmat qiladi

    Suhbat 2 Mart 2023 947

    Mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish va modernizatsiya qilish, zamonaviy bilimlarni egallagan, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va bu jarayonni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, xususan, yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarini dunyo tan olgan xalqaro reytinglardagi kuchli mingtalik ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kiritish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi, mamlakatimiz rahbarining ta’lim tizimini rivojlantirish va takomillashtirishga qaratilgan qator farmon va qarorlarida mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarining xalqaro reytinlarda yuqori o‘rinlarga kiritish borasida aniq va tizimli vazifalar belgilab berilgan. Ushbu vazifalarning ijrosi o‘laroq bugungi kunda deyarli barcha oliy ta’lim muassasalarimizda yurtimizda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim muassasalaridagi o‘quv va ta’lim jarayonini zamonaviy talablar asosida takomillashtirilib, bu orqali ta’lim sifatini yanada oshirishga erishilmoqda.

    Xo‘sh, oliy ta’lim muassasalarining xalqaro reytinglarda TOP-1000 ro‘yxatga kiritilishi yoki nufuzli reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallashi ta’lim tizimi uchun qay darajada foydali? Umuman olganda, xalqaro reytinglarning oliy ta’lim muassasalari rivojidagi o‘rni qanaqa? Shu va boshqa savollar bilan Toshkent davlat yuridik universiteti strategik rivojlanish va xalqaro reytinglarga kirish bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Boboyevaga murojaat qildik.

    — Ayting-chi, xalqaro reytinglarning oliy ta’lim muassasasi rivojidagi o‘rni qanaqa? Nega dunyo universitetlari doimo xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallash uchun intiladi?

    — Bugun dunyoda deyarli barcha sohalar, xususan, ta’lim sohasida ham turli xalqaro reytinglar va indekslar mavjud bo‘lib, dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalari mazkur reyting va indekslarda yuqori o‘rinlarni egallash uchun “kurash olib boradi”. Universitetlarning nufuzi va raqobatbardoshligining asosiy omillaridan biri bu ularning milliy va xalqaro ta’lim bozorlaridagi obro‘yi hisoblanib, bu jarayonda xalqaro va milliy reytinglarning o‘rni beqiyosdir. Chunki xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallash oliy ta’lim muassasasiga xorijiy abituriyentlar, talabalar va malakali professor-o‘qituvchilarni jalb etishga imkon beradi. Natijada ta’lim muasssasida akademik reputatsiya va ta’lim sifatining oshadi. Bu omil, o‘z navbatida, oliy ta’lim muassasasi bitiruvchilariga bo‘lgan talabning oshishiga, unga turli investitsiyalarni jalb etishga xizmat qiladi. Oliy ta’lim muassasasining xalqaro reytinglarda TOP-500 yoki TOP-1000 ro‘yxatga kiritilishi mamlakatdagi ta’lim tizimiga nisbatan ijobiy fikrlaring ortishiga turtki beradi. O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarini xalqaro reyting tashkilotlarining birinchi 500 yoki 1000 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kiritish asosiy vazifalardan biri sifatida belgilangani ham fikrimizdir tasdig‘idir.

    — Bugungi kunda dunyodagi eng nufuzli xalqaro ta’lim reytinglari qaysi va O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarini aynan qaysi reytinglarning yuqori o‘rindagi reytinglari ro‘yxatiga kiritish belgilangan?

    — O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida respublikadagi kamida 10 ta oliy ta’lim muassasasini xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytingining birinchi 500 va 1000 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kiritish belgilangan. Bugungi kunda Quacquarelli Symonds World University Rankings (QS), Times Higher Education (THE) yoki Academic Ranking of World Universities (ARWU) reytinglari dunyodagi eng nufuzli xalqaro ta’lim reytinglari hisoblanadi.

    — Mazkur xalqaro reytinglar oliy ta’lim muassasalarini aynan qaysi me’yorlar asosida baholaydi?

    Bu xalqaro reytinglar asosan universitetlarni akademik va ish beruvchilar o‘rtasidagi nufuzi, Scopus ilmiy texnik bazalaridagi maqolalar soni va iqtiboslari, professor-o‘qituvchilarning H-indeksi, xorijiy talabalar va professor-o‘qituvchilar soni va universitet veb-saytining yuritilishi kabi mezonlar orqali baholaydi.

    — Ta’lim reytinglari qanday turlarga bo‘linadi va ularning bir-biridan farqi nimada?

    — Ta’lim reytinglari jahon, mintaqaviy va milliy reytinglarga bo‘linadi.

    Jahon reytinglari universitetlarning jahon miqyosidagi tahlillari doirasida kelib chiqadigan global reytinglar hisoblanadi. Academic Ranking World University (ARWU), QS World University Rankings, Times Higher Education World University (THE), Webometrics, USE News (Eng yaxshi global universitetlar reytinglar) kabi reytinglar shular jumlasidandir.

    Mintaqaviy reytinglar bitta mintaqa doirasida yoki iqtisodiyoti bir-biriga yaqin bo‘lgan davlatlardagi universitetlarni tahlili doirasidagi reytinglardir. Bularga misol sifatida QS Osiyo davlatlari reytinglari, Arab davlatlari reytinglari, Lotin Amerika davlatlari, Rivojlangan Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari va BRICS (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika davlatlari) reytingini keltirish mumkin.

    Milliy reytinglar ma’lum bir mamlakatdagi universitetlar tahlilining bir qismi sifatida ko‘rib chiqadigan reytinglardir. Masalan, Rossiyada “Interfaks”, “Ekspert-RA” kabi milliy reytinglar mavjud.

    — Toshkent davlat yuridik universitetida xalqaro reytinglarga kirish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda va shu paytga qadar qanday yutuqlarga erishildi?

    — Hozirgi kunda Toshkent davlat yuridik universiteti juda ko‘plab xalqaro reytinglarda ishtirok etmoqda. Universitet yosh bo‘lishiga qaramasdan (50 yoshdan kichik) juda ko‘plab xalqaro reytinglarda yuqori natijalarga erishdi. Xususan, THE Impact Ranking — 2022 xalqaro reytingida TDYU dunyoning 1100 ta davlatidan qatnashgan 1500 ga yaqin universitet orasida quyidagi 4 ta yo‘nalish bo‘yicha TOP–500 ro‘yxatdan joy egalladi:

    - SDG 4: Quality Education (ta’lim sifati) – 401-o‘rin;

    - SDG 8: Decent Work and Economic Growth (munosib ish o‘rni va iqtisodiy o‘sish) – 301-o‘rin;

    - SDG 10: Reduced Inequalities (tengsizlikni qisqartirish) – 401- o‘rin;

    - SDG 16: Peace, Justice and Strong Institutions (tinchlik, adolat va kuchli institutlar) – 401-o‘rin;

    Shuningdek, universitet “World’s Universities with Real Impact” (WURI) — 2022 xalqaro reytingida Fourth Industrial Revolution yo‘nalishi bo‘yicha 33-o‘rinni egallab, TOP-50 ro‘yxatga kiritildi. (Ushbu reytingda 500 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari ishtirok etgan bo‘lib, 724 ta innovatsion loyihalar ko‘rib chiqilgan). Reyting natijalariga ko‘ra, TDYU quyidagi pog‘onalardan o‘rin egalladi:

    1. To‘rtinchi sanoat inqilobi bo‘yicha innovatsion loyiha — 33-o‘rin;
    2. Sanoat dasturlari innovatsion loyihalari — 51-100-o‘rin;
    3. Yangi startap dasturlari va tadbirkorlik — 51-100-o‘rin;
    4. Axloqiy qadriyatlar bo‘yicha innovatsion loyiha — 51–100-o‘rin;
    5. WURI global umumiy reytingida — 201–300-o‘rin.

    U-Multirank xalqaro reytingida (Germaniya xalqaro reytingi) ta’lim sifati bo‘yicha mamlakatimizdagi eng kuchli universitet sifatida e’tirof etildi. Uning umumiy profili yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etib, umumiy 11 ta kriteriya bo‘yicha “A” (juda yaxshi) ball bilan O‘zbekistondagi eng yuqori natijani ko‘rsatgan universitet sifatida tan olindi.

    UI-Greenmetric — 2022 xalqaro reytingida esa Toshkent davlat yuridik universiteti 456-o‘rinni egallab, o‘tgan yilga nisbatan 40 pog‘ona yuqoriladi va TOP-500 talikdan o‘rin egalladi.

    Yana bitta eng katta yutuqlarimizdan biri bu O‘zbekistonda ilk marotaba QS Stars xalqaro reytingida 4 yulduzli universitet sifatida baholanganimiz bo‘ldi. Mazkur reyting universitetlarni o‘qitish, tadqiqot, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlanganlik darajasi, xalqarolashuv, akademik rivojlanish, universitetdagi qulayliklar, onlayn ta’lim, sohaviy reyting, o‘quv dasturlari kuchi, innovatsiya, san’at va madaniyat, ijtimoiy mas’uliyat va inklyuzivlik asosida baholaydi.

    Mazmunli suhbat uchun tashakkur!

    TDYU bosh mutaxassisi Javlon Vafoyev suhbatlashdi.