Insoniyat uchun sinovli kelgan 2020-yil yakunida xayolimizdan shunday oʻylar kechar ekan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida matonatli xalqimiz erishgan yutuqlar bir-bir koʻz oldimizdan oʻta boshlaydi.

Bu haqda soʻz borganida, avvalo, yurtdoshlarimiz davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasini intiq kutishini aytish oʻrinli. Bu bejiz emas. Zero, har birimiz yillik faoliyatimizni, rejalarimizni, hayot tarzimizni shu Murojaatnoma asosida belgilab olamiz.

Kuni kecha Prezidentimizning navbatdagi Murojaatnomasi taqdim etildi. Unda 2020-yilda bajarilgan ishlar tahlil qilinib, 2021-yil uchun ustuvor vazifalar belgilandi. Poyoniga yetayotgan yilimiz avvalida ham anʼanaga aylangan Murojaatnoma yoʻllangan edi. 2020-yil qanchalik sinovli, ogʻir kelgan boʻlmasin, yutuqlarimiz koʻpligi barchamizni quvontiradi, albatta.

Ipni ipga qoʻshsang, arqon boʻlar

Davlatimiz rahbari 2020-yil boshida Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida “Xalqimiz shuni yaxshi bilishi kerak: oldimizda uzoq va mashaqqatli yoʻl turibdi. Barchamiz jipslashib, tinimsiz oʻqib-oʻrgansak, ishimizni mukammal va unumli bajarsak, zamonaviy bilimlarni egallab, oʻzimizni ayamasdan oldinga intilsak, albatta, hayotimiz va jamiyatimiz oʻzgaradi”, degan edi. Bugun oʻzimiz ham, dunyo xalqlari ham Oʻzbekistondagi xayrli oʻzgarishlar guvohi boʻlib turibmiz. Gapni qaysi sohadan boshlamaylik, barcha jabhada xalqchil tizim yaratilgani barchamizga kundek ravshan.

Ayrim misollarni sanab oʻtsak. Mamlakatimizda valyuta bozori erkinlashganiga 3 yildan oshdi. Oʻzbekistonda valyutani erkin ayirboshlash yoʻlga qoʻyilibdi, degan xabar tarqalganida koʻpchilik ishonchsizlik bildirgani ham bor gap. Chunki uzoq yillar yurtimizda valyuta siyosati liberallashmagan, aholi “qorabozordan bozor qilish”ga oʻrgangan, boshqa iloji ham yoʻq edi. Banklar dollarni arzon sotib olar, fuqarolarga deyarli sotmasdi. Bugun esa iqtisodiyotimizni, umuman, hayotimizning xorijiy valyutaga bogʻliqlik darajasini kamaytirishga kirishdik.

Yana bir iqtisodiy islohot borki, u xalqimiz hayotiga “toza havo” olib kirdi. Toʻrt yil oldin bank plastik kartochkamizga tushgan pulni naqdlashtirish uchun sarson yurganlarimiz esingizdami?! Plastikda pul boʻlsa-yu bozor qilolmasangiz, transportda yurolmasangiz, oshxonalarda ovqatlanishga qimtinib tursangiz... Shu kunlar ham ortda qoldi. Hozir vaziyat qanday ekanini izohlash ortiqcha, bu borada barcha muammolar yechildi.

Gapni oʻtayotgan yilimiz sarhisobi haqida boshlab, hayotimiz va jamiyatimiz oʻzgarayotgani haqidagi oʻzanga burdik. Aslida mamlakatimizda hayot manzaralari yildan-yil yashnab bormoqda. Bu haqda uzoq va maroq bilan gapirish mumkin. Shu bois, birgina Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yilida erishgan yutuqlarimiz, sinovli kunlarimiz hikmati haqida oʻrtoqlashsak.

Farzandlarimiz, yoshlarimiz — buyuk kelajagimiz, deyishni kanda qilmadik, lekin ularning sogʻligʻi, taʼlim-tarbiyasi, maʼnaviy kamoliga beeʼtibor boʻldik. Bogʻchalar qurilmadi, maktab taʼlimiga bepisand qaradik, oʻqituvchi-murabbiylarni “zoʻr berib” hurmatsizlantirdik, koʻcha supurishgacha majburladik. Shu tariqa kelajagimizni, mamlakatimizni jar yoqasiga sudrab ketayotganimizni, ming afsuski, bilmadik yoki koʻz yumdik.

Bu kunlar ham tarixga aylandi. Prezidentimiz 2020-yil boshidagi Murojaatnomasida bolalarni maktabgacha taʼlimga qamrab olish darajasini 60 foizga yetkazish vazifasini qoʻygan edi. Shunga erishdik, yaʼni bu koʻrsatkich oʻtgan 4 yilda 2 barobar ortib, moʻljaldagi foizga yetdi. Nafaqat yetdi, balki bogʻchalar, umuman, taʼlim-tarbiya muassasalari soni va sifati oshdi, faoliyati tubdan oʻzgardi. Jamiyatda oʻqituvchi nufuzi tiklandi. Bu boradagi ishlar jadal davom etmoqda.

Davlatimiz rahbari avval boshdanoq iqtisodiyot sohasida amalga oshirish zarur boʻlgan dasturiy va maqsadli vazifalarni belgilab bergan edi. 2020-yilda esa makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash va inflyatsiyani jilovlash bu islohotlarning bosh mezoniga aylandi. Albatta, yutuqlarimiz koʻp boʻldi. Ular haqida gapirishdan oldin esa hamon dunyoni larzaga solib turgan koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq manzaralarga toʻxtalish oʻrinli.

Insoniyat gʻoyat sinovli yilni yashab oʻtdi. Koronavirus eng rivojlangan, qudratli davlatlarni ham shoshirib qoʻygani ayni haqiqat. Millionlab odamlar bu kasallikni yuqtirib oldi, ming-minglab kishilar halok boʻldi, iqtisodiyotga jiddiy zarar yetdi, ishsizlar soni keskin oshdi.

Mamlakatimizga koronavirus infeksiyasi kirib kelgan dastlabki kunlarni yaxshi eslaymiz. Yurtdoshlarimiz tahlikaga tushib, vahimaga berilish holatlari kuzatildi. Oziq-ovqat narxi keskin osharmish, taqchillik boʻlarmish qabilidagi asossiz mish-mishlar urchidi. Bunday vaziyatda oqil­ona, uzoqni koʻzlab, eng maqbul qaror qabul qilish fuqarolar taqdirini, mamlakat kelajagini belgilashi aniq edi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shunday istiqbolli yoʻlni tanladi. Donishmand xalqimiz ham ogʻir kunlarda birlashdi, hamjihatligini, mehr-oqibatli, saxovatli ekanini namoyon etdi.

Albatta, hech kimga oson boʻlmadi, lekin sanoqli davlatlar qatorida bu sinovlarni yengib oʻtayotganimiz bizga kuch-quvvat bagʻishlayapti. Taʼkidlash joizki, shunday ogʻir kunlarda ham davlatimiz rahbarining insonparvarlik siyosati tufayli xorijdan 600 mingdan ortiq vatandoshimiz yurtga olib kelindi. Chet elda qiyin ahvolga tushib qolgan 100 mingga yaqin fuqarolarimizga zarur yordamlar koʻrsatildi. “Mehr-3” insonparvarlik operatsiyasi doirasida Suriya davlatidan 98 yurtdoshimiz, asosan, ayollar va bolalar Vatanga qaytarildi. Bu hamyurtlarimiz bugun Oʻzbekistondek taftli davlat himoyasida, shu yurtning fuqarosi boʻlganidan faxrlanib yashayotgan boʻlsa, ne ajab.

2020-yildagi iqtisodiy islohotlarning sarhisobiga qaytsak, pandemiya avvalida boshlangan xavotirlar asossiz ekaniga yana ishonamiz.

Avvalo, yevroobligatsiyalar haqida. Ekspertlar mamlakatimizning xalqaro moliya bozorlariga chiqish imkoniyatlari tobora yaxshilanib borayotgani haqida aytmoqda. Bunda yevroobligatsiyalar muhim ahamiyat kasb etadi. Prezidentimiz topshirigʻi asosida birinchi marta Oʻzbekiston hukumati 1 milliard dollarga teng qiymatli suveren yevroobligatsiyalarni 2019-yil fevralda London fond birjasiga joylashtirgan edi. 2020-yil 20-noyabr kuni esa ikkinchi marta 10 yillik muddat bilan 555 million AQSH dollari va 3 yillik muddatga 2 trillion soʻmlik yevroobligatsiyalar muomalaga kiritildi. Bu bilan ­Oʻzbekiston qimmatli qogʻozlar va qogʻoz pul chiqarish huquqiga ega boʻlgan davlat sifatida dunyoga ochildi, investitsion loyihalarni moliyalash, barqaror iqtisodiy siyosat yuritish uchun zamin yaratildi.

Ogʻir pandemiya sharoiti boʻlishiga qaramay, 2020-yilda 197 ta yirik, minglab kichik va oʻrta korxonalar, infratuzilma obyektlari barpo etildi. Yaqinda ish boshlagan Toshkent metallurgiya zavodining oʻzida 700 ga yaqin yurtdoshimiz mehnat qiladi. Turdosh tarmoqlar bilan hisoblaganda esa 5 mingta yangi ish oʻrni tashkil etilishi mumkin. Bu zavodda yiliga 500 ming tonna rux va polimer qoplamali metall listlar ishlab chiqariladi. Import oʻrnini bosadigan mahsulot ishlab chiqarish hisobidan 400 million dollarga yaqin mablagʻ tejaladi.

Toshkent shahrida 2 ta yangi metro stansiyasi, yer usti metrosi foydalanishga topshirilishi ham iqtisodiy barqarorligimiz timsoli boʻldi. Bu nafaqat hamyurtlarimiz, balki chet elliklarda ham havas uygʻotdi. Pandemiya sharoiti boʻlishiga qaramasdan yurtimizda amalga oshirilgan bu kabi qurilish, bunyodkorlik ishlari 
2020-yildagi qudratimiz ramzi boʻlib qolishi shubhasiz.

Yangi hayot — yangi orzular sari yoʻl

Mening eng katta niyatim shuki, Vatanimiz ichra har bir inson oʻzining “kichik vatani”ga — uy-joyiga ega boʻlsa, bizdan xalqimiz ham, yaratgan ham rozi boʻladi, degan edi Prezidentimiz 2020-yil uchun taqdim etgan Murojaatnomasida.

Mustaqil oʻtgan 25 yil mobaynida Oʻzbekistonda aholi uchun bugungidek arzon va sifatli koʻp qavatli uylar qurilmagani guvohi boʻlib keldik. Aslida muqim boshpanasiz, ijarama-ijara sarson, mudom xavotirda yashashning naqadar ogʻir ekanini keyingi toʻrt yilda qurilgan fayzli uylarda yashayotgan yurtdoshlarimizdan soʻrash kerak.

Bugun minglab ana shunday oilalar “kichik vatanli” boʻldi. Ularning qalbi yorishdi, gʻuborlar ketdi. Yurt uchun, taraqqiyotimiz uchun yonib mehnat qilmoqda, xavotirsiz yashamoqda.

Fuqarolik berish tizimidagi islohotlarni ham eslaylik. ­Prezidentimiz 2020-yil 24-yanvarda Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida fuqarolik masalalariga oid qonunchilikni takomillashtirish zarurligini alohida taʼkidlagan, xususan, mamlakatimizda uzoq vaqtdan buyon yashab kelayotgan, lekin Oʻzbekiston fuqarosi huquqiy maqomiga ega boʻla olmayotgan yurtdoshlarimizning bu muammosini qonuniy hal etish boʻyicha vazifalarni belgilab bergan edi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2018-yil 25-oktyabrdagi “Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida ham bu masalaga eʼtibor qaratilgandi.

Taʼkidlash joizki, 2016-yilga qadar 482 nafar fuqaroligi boʻlmagan shaxsga fuqarolik berilgan boʻlsa, 2016-yil dekabr oyidan buyon Prezidentimizning tegishli farmonlari bilan 16 mingdan ortiq yurtdoshimiz Oʻzbekiston fuqaroligiga ega boʻldi.

1995-yilgacha yurtimizga koʻchib kelganlarga 2020-yildan Oʻzbekiston fuqaroligini toʻgʻridan-toʻgʻri berish tartibi belgilandi. Bu bilan yurtimizda yashab kelayotgan 50 ming nafardan ortiq yurtdoshlarimizga fuqarolik olish imkoniyati yaratildi.

Prezidentimiz 2021-yil uchun taqdim etgan Murojaatnomasida bu boradagi ishlarni davom ettirish vazifasini qoʻydi. Endilikda 2005-yilgacha mamlakatimizga kirib kelib, doimiy yashayotgan, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga ham toʻgʻridan-toʻgʻri Oʻzbekiston fuqaroligini berish taklifi bildirildi. Bu oʻzgarish bilan 20 ming kishi Oʻzbekiston fuqarosi boʻlish sharafiga muyassar boʻladi. Shuningdek, bundan buyon yurtimizda 15 yil davomida muqim yashagan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga toʻgʻridan-toʻgʻri Oʻzbekiston fuqaroligini berishning doimiy tartibi joriy etiladi.

Bu islohotlar, birinchidan, Oʻzbekiston bagʻrikenglik tamoyili asosida rivojlanayotgani dalili boʻlsa, ikkinchidan, va eng muhimi, necha-necha yillardan buyon yurtimizda fuqarolik olish orzusi bilan yashab kelayotgan minglab shaxslarning yangi hayotga umidini shuʼlalantiradi. Qolaversa, uzoq yillardan buyon vatanimizda yashab, fuqarolik ololmagan yurtdoshlarimizning asosan Markaziy Osiyo davlatlaridan kelganini hisobga olsak, qoʻshnilarimiz bilan doʻstlik aloqalarini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.

Prezidentimiz shunga uyqash yana bir bagʻrikenglik, insonparvarlik tamoyilini boshlab berdi. Bu — bilib-bilmay jinoyat yoʻliga kirgan fuqarolarni afv etish. Kechirimlilik namunasining mamlakatimizdagi yangi koʻrinishi har bir shaxs bilan alohida ishlash mexanizmi joriy etilayotanidan dalolat. Bu orqali vaqtida adashib, keyinchalik tuzalish yoʻliga oʻtgan, lekin jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan koʻplab fuqarolar, ayniqsa, ayollar va yoshlar yana sogʻlom hayotga qaytmoqda. Xususan, 2020-yilning oʻzida 616 nafar fuqaro afv etildi. Ular oʻz holiga tashlab qoʻyilmayapti. Har biri mahalla, ichki ishlar va boshqa tashkilotlar vakillari eʼtiborida boʻlib, ishga joylashtirish, hayotga moslashishi nazoratga olingan.

Yoshlik zavqi, salomatlik quvvati bilan...

Davlatimiz rahbari avvalgi Murojaatnomalarida ham, hududlarga tashriflari, aholi bilan uchrashuvlari chogʻida ham, yigʻilishlarda ham doim tilga oladigan, kuyunchaklik bilan targʻib etadigan masala — bu, yoshlar taʼlim-tarbiyasi, ularning sogʻlom kamoloti, aholining sogʻligʻini saqlash muammolari boʻlib keladi.

Mamlakatimizda 2021-yil — Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili, deb eʼlon qilinishi zamirida ham ana shu oliy maqsadlar hikmati mujassam.

2020-yilda bu jabhada mutlaqo yangi tizimlar ish boshladi. “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” tizimi joriy etildi. Shu oʻrinda raqamlarga eʼtibor qaratamiz. Bu orqali 527 ming fuqaroning bandligi taʼminlandi. Bogʻchalar soni 14 mingdan oshdi, yangi maktablar qurildi, yangi oliy oʻquv yurtlari ochildi. Ehtiyojmand oilalarning mingga yaqin qizlari ilk bor oliy oʻquv yurtlariga alohida kvota asosida qabul qilindi.

Joylarda Prezident va ijod maktablari faoliyat boshladi. Ularda tahsil olayotgan iqtidorli yigit-qizlarimiz bugun dunyoga oʻz soʻzini aytmoqda.

Prezidentimizning yaqinda ­Oʻzbekiston yoshlari forumida soʻzlagan nutqida ham bu jihatlar alohida tilga olindi.

Yoshlarni Oʻzbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi sifatida yuksak qadrlashini aytib oʻtdi. Toshkent shahridagi Prezident maktabi oʻquvchisi Firdavs Abduqayumov, Temur Sulaymonov, Namangandagi maktabdan Mironshoh Inomjonov va Azimjon Alijonov hamda boshqa koʻplab oʻquvchilar muvaffaqiyatlarini eʼtirof etib, ularning ustozlari va ota-onasiga minnatdorlik bildirgani ham tengdoshlariga faxr bagʻishladi.

Aytish joizki, ayni forumda ­Prezidentimizning yigit-qizlarimizga ishonchi, ularni qoʻllab-quvvatlash borasida bildirgan fikrlari Oʻzbekiston yoshlari hayotida yangi davrni boshlab berdi. Bu barchamizda “Eh, sening yoshliging menda boʻlsaydi...” degan havas uygʻotdi.

Pandemiya saboqlari asosida aholi salomatligini saqlash, sogʻlom turmush tarzini targʻib etish boʻyicha ham samarali chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Buning uchun katta miqdorda byudjet va homiylik mablagʻlari jalb etildi. Qishloq joylarda tibbiy xizmat koʻrsatish tizimi islohotlari qoʻr olgan. Tibbiyot xodimlarini ragʻbatlantirishning yangi mexanizmi joriy etildi va yana-da takomillashmoqda.

Oʻzbekistonning tashqi siyosatdagi nufuzi ham yuksalib bormoqda. 2020-yilda Prezidentimiz ilgari surgan global va mintaqaviy tashabbuslar xorijiy davlatlar rahbarlari, xalqaro hamjamiyat tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida oʻzbek tilida nutq soʻzlagani butun dunyo oʻzbeklari uchun ham faxrli hodisa sifatida tarixga muhrlandi.

Bu sessiyada davlatimiz rahbari yoshlar, xotin-qizlar masalalariga doir takliflarni ilgari surdi. Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni yana-da rivojlantirish, Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni oʻrnatish, pandemiya sharoitida dunyo mamlakatlari bilan doʻstona aloqalarni yoʻlga qoʻyish, global iqlim oʻzgarishlari, kambagʻallikka qarshi kurashish kabi yoʻnalishlarda qator taklif va tashabbuslarni bildirdi. Ular jahon hamjamiyati tomonidan qizgʻin maʼqullandi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston 2020-yilda MDHga raislik qilishdek sharafli va masʼuliyatli vazifani ilk bor oʻz zimmasiga oldi. Shavkat Mirziyoyev raisligida 18-dekabr kuni boʻlib oʻtgan MDH Davlat rahbarlari kengashining majlisida Oʻzbekiston yetakchisi tomonidan tashkilot doirasidagi koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish borasida ilgari surilgan qator takliflarga ishtirokchi Prezidentlar iliq fikrlar bildirdi.

Yangi yil ostonasida turibmiz.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida bu yilda ham katta marralarni koʻzlaganmiz. Bu yoshlar siyosati, sogʻliqni saqlash, madaniy-maʼrifiy yoʻnalishdagi ishlarni davom ettirish, mahalla, sud-huquq, mudofaa tizimini takomillashtirish, kambagʻallikni qisqartirish, iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, korrupsiyaga barham berish, aholini ijtimoiy himoya qilish, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash kabi eng muhim yoʻnalishlarni qamrab olgani bilan ahamiyatlidir. Eng asosiysi, pandemiya sharoitida barcha yoʻnalishda qanday ishlash kerakligi boʻyicha yaxshi tajribaga ega boʻldik. Buyogʻiga Prezidentimizning Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni ahillik, hamjihatlikda, maqsadimizdan hech ogʻishmay koʻtarinki ruhda bajarsak kifoya.

Salim DONIYOROV