— Agar yuqoridan nazar tashlasangiz, bogʻning shakli ulkan daraxtning beshta shoxiga oʻxshaydi. Bu Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yoʻnalishini ifoda etadi.
Bu goʻzal bogʻda poytaxtimiz aholisi, Toshkent viloyati va barcha hududlarimizdan, xorijdan keladigan mehmonlar yayrab dam olishi, oilasi, farzandlari bilan birga mazmunli hordiq chiqarishi uchun barcha zamonaviy sharoitlar yaratilmoqda.
Bu yerda sunʼiy koʻl, sport maydonchalari, bolalar oʻyingohlari, amfiteatr, favvoralar, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari, hunarmandchilik doʻkonlari barpo etildi va etilmoqda, dedi Prezident.
Davlat rahbari majmua yonida Olimpiya shaharchasi bunyod etilishi, unda 2025-yili Yoshlar oʻrtasidagi Osiyo oʻyinlarining asosiy musobaqalari oʻtkazilishini maʼlum qildi.
Majmua hududida zamonaviy oliy taʼlim dargohi, tibbiyot klinikalari, xalqaro koʻrgazma markazlari va boshqa obyektlardan iborat shaharcha qurilmoqda.
Mustaqillik monumentida Oʻzbekistonning qadimgi tarixidan boshlab to bugungi kunga qadar yuz bergan eng muhim voqealarni muhrlangan.
Buyuk sarkarda va jahongirlar, alloma va mutafakkirlar, jadid bobolarimizning oʻlmas siymolarini aks ettirilgan.
Oʻzbekistonning sobiq mustabid tuzum davridagi ogʻir va mashaqqatli hayoti, qatagʻon siyosati, xalqimizning Ikkinchi jahon urushida koʻrsatgan jasorat va matonati lavhalarda koʻrsatilgan.
— Gʻoyat qiyin va murakkab sharoitda respublika ravnaqini, xalqimizning tinchligi va omonligini oʻylab, oʻzini ayamasdan xizmat qilgan atoqli davlat arboblarimiz faoliyati ham atroflicha yoritildi. Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimov rahbarligida xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yoʻlini aks ettirish eʼtibor markaziga qoʻyildi, dedi davlatimiz rahbari.
Monument poyiga: “Xalqimiz tarixida ezgu iz qoldirgan barcha ajdodlarimiz doimo qalbimizda”, degan soʻzlar bitilgan.