Ayni paytda davlatimiz rahbari nutq so‘zlamoqda.

"Menga yuksak ishonch bildirib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylagan barcha yurtdoshlarimga yana bir bor chin qalbimdan samimiy minnatdorchilik bildiraman.

Muqaddas Vatanimiz timsoli va mustaqilligimiz ramzi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘iga, madhiyamiz va gerbimizga, menga topshirilgan Prezidentlik Oliy nishoni va bayrog‘iga yuksak hurmat bajo keltiraman.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylanishimni men inson huquq va erkinliklarini, xalq manfaatini ta’minlashga qaratilgan siyosatimizning yana bir yuksak e’tirofi sifatida qabul qilaman", – dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev Prezident saylovi yangilangan Konstitutsiyamiz asosida o‘tkazilgani unga chinakam xalqchil ruh va mazmun bag‘ishlaganini ta’kidladi.

"Ushbu saylovda xalqimiz o‘z xohish-irodasini emin-erkin bildirib, Yangi O‘zbekiston uchun ovoz berdi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor. 

Mamlakatimiz hayotidagi g‘oyat muhim va mas’uliyatli bu siyosiy jarayon el-yurtimiz bilan birgalikda tanlagan va amalga oshirayotgan milliy taraqqiyot yo‘limiz naqadar to‘g‘ri ekanini yana bir marta tasdiqladi.

Saylovda 15 ta xalqaro tashkilotdan 466 nafar, 47 ta xorijiy   davlatdan 331 nafar vakil xalqaro kuzatuvchi sifatida qatnashdi. Shu bilan  birga, 1400 nafar mahalliy va xorijiy jurnalistlar saylov jarayonlarini atroflicha yoritib bordi.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining uzoq muddatli missiyalari butun saylov jarayonlarini bevosita kuzatib bordi.

Shuningdek, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi  Parlamentlararo assambleyasi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkilotidan ham kuzatuvchilar ishtirok etdi. Bularning barchasi ushbu saylov jahon hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otganini ko‘rsatadi.

Mahalliy va xorijiy kuzatuvchilar saylov milliy qonunchiligimiz va umume’tirof etilgan xalqaro tamoyillar asosida, erkin va demokratik, sog‘lom raqobat va siyosiy kurash muhitida, ochiqlik va shaffoflik ruhida o‘tganini e’tirof etdilar.

Bu, o‘z navbatida, barchamizni birlashtirib, o‘z kuch va imkoniyatimizga bo‘lgan ishonchimiz, xalqimiz, Vatanimiz oldidagi mas’uliyatimizni yanada oshirishi tabiiy, albatta", – dedi Prezident.

"Olijanob va bag‘rikeng xalqimiz menga yana bir bor katta ishonch bildirib, buyuk Vatanimiz taqdiri uchun butun mas’uliyatni o‘z  zimmamga  olish  imkonini berganini shu hayajonli lahzalarda yanada chuqur anglab, qalbim cheksiz g‘urur va iftixor tuyg‘ulariga to‘lmoqda.

Shu bilan birga, bugun yelkamga qanday ulug‘vor mas’uliyat olayotganimni, Vatanimiz mustaqilligi, 36 milliondan ziyod aziz xalqimning tinchligi va farovonligi uchun shaxsan javobgar ekanimni yurak-yuragimdan his etib turibman.

Mana shunday yuksak ishonch uchun, hurmat va e’tibor uchun ko‘pmillatli, mard va donishmand xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan ta’zim qilaman", – dedi Prezidentimiz.

Shavkat Mirziyoyev uning nomzodini ilgari surgan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining a’zolari va faollariga, u bilan hamfikr bo‘lib, nomzodini qo‘llab-quvvatlagan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi vakillariga, barcha tarafdorlari hamda ishonchli vakillariga tashakkur aytdi.

Saylovda munosib ishtirok etgan “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Robaxon Mahmudovaga, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Ulug‘bek Inoyatovga, O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Abdushukur Hamzayevga alohida minnatdorlik bildirib, ularning kelgusi ishlariga yutuq va omadlar tiladi.

"Albatta, biz turli siyosiy partiyalarga mansub bo‘lishimiz, turli g‘oya va qarashlar tarafdori bo‘lishimiz mumkin. Demokratiya degani ham aslida shu. Ammo mohiyat e’tibori bilan qaraganda, barchamizning, butun O‘zbekiston xalqining maqsadi bir. Bizning barchamizni Vatan, el-yurt manfaati birlashtiradi.

Shu sababli biz saylovda qatnashgan partiyalarimiz  dasturlaridagi eng muhim fikrlar va amaliy takliflarni  kelgusi faoliyatimizda albatta e’tiborga olamiz. Barchamiz Yangi O‘zbekiston degan yagona va ulug‘ maqsad atrofida yanada jipslashib, xalqimizning orzu-armoni bo‘lgan mana shu ezgu g‘oyani amalga oshirish yo‘lida hamkorlik qilamiz", – dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev saylov jarayonlari ishtirokchilariga minnatdorlik bildirdi.

"Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri saylovchilariga, barcha tuman va shaharlarimiz, qishloq va ovullarimiz aholisiga, yurtimizda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan mahalla faollariga, fuqarolik instituti vakillariga, hayotimizning nuru ziyosi bo‘lgan aziz faxriylarimizga, jamiyatimiz rivojiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan qadrli opa-singillarimizga, kelajagimiz egalari – navqiron yosh avlodimizga, suyukli o‘g‘il-qizlarimga, chet ellarda ta’lim olib, mehnat qilayotgan, Vatan mehri bilan yashayotgan barcha vatandoshlarimizga chin yurakdan tashakkur bildiraman.

Ayni vaqtda ishlab chiqarish va ijtimoiy sohalarda fidokorona mehnat qilayotgan ishchi-xizmatchilarga, tadbirkor va fermerlarga, bunyodkor quruvchilarimizga, fidoyi ustoz va murabbiylarga, ilm-fan, ijod va san’at ahliga, muhtaram ulamolarimizga, aholi salomatligini asrash va mustahkamlash yo‘lida jonbozlik ko‘rsatayotgan tibbiyot xodimlariga, dunyodagi eng ulug‘ va sharafli vazifani ado etayotgan jasur harbiylarimizga, barcha Vatan himoyachilariga, jahon maydonlarida yurtimiz bayrog‘ini baland  ko‘tarayotgan  matonatli sportchilarimizga alohida rahmat aytaman.

Shu bilan birga, Markaziy saylov komissiyasi, okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zolariga, mahalliy hokimliklar hamda xorijiy mamlakatlardagi elchilarimizga, diplomatik vakolatxonalarimiz xodimlariga, saylov jarayonlarida qatnashgan mahalliy va xorijiy kuzatuvchilarga, ommaviy axborot vositalari vakillariga, jurnalist va blogerlarga samimiy minnatdorchilik izhor etaman.
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanishim munosabati bilan samimiy tabriklarini yo‘llagan mamlakatimizning barcha fuqarolariga, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlariga, siyosat va jamoat arboblariga chuqur ehtiromimni bildiraman", - dedi davlat rahbari.

Prezident xalqimizning yuksak ishonchi barchamizdan – deputat va senatorlar, vazir va hokimlar, davlat va nodavlat tashkilotlari rahbarlaridan, har bir yurtdoshimizdan belimizni yanada mahkam bog‘lab, avvalgidan ikki-uch karra ko‘proq g‘ayrat va shijoat bilan ishlashni talab etishini ta’kidladi.

"Oldimizda turgan davr O‘zbekiston uchun siyosiy, iqtisodiy- ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalarda tub burilish va ulkan o‘zgarishlar davri bo‘ladi.

Kechagi natija, kechagi qarash va mezonlar endi tarix. Ular endi bizni qoniqtirmaydi. Yangi davr uchun yangi g‘oya va tashabbuslar kerak, yangi natijalar kerak.  Shundagina u tom   ma’noda yangi davr bo‘ladi.

O‘zingiz ko‘rib turibsiz, bugun dunyo qanday shiddat bilan, keskin o‘zgarib bormoqda. Jahon miqyosida bir tarixiy davr nihoyasiga yetmoqda. Ayni vaqtda oldindan tahlil qilib bo‘lmaydigan jarayonlardan iborat o‘ta murakkab yangi bir davr boshlanmoqda.

Yer yuzining turli mintaqalarida davom etayotgan qurolli mojarolar global tinchlik va osoyishtalikka jiddiy putur yetkazmoqda. Bunday nizo va to‘qnashuvlar, shafqatsiz raqobat savdo va investitsiya oqimlarini, tovar va xizmatlar aylanishini izdan chiqarib, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi bo‘yicha yangi muammolar keltirib chiqarmoqda.

Dunyo miqyosida iqlim o‘zgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslarining tobora taqchil bo‘lib borayotgani ham barqaror rivojlanishga kuchli salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Biz mana shunday og‘ir va tahlikali vaziyatda xalqimiz manfaatlariga javob beradigan yagona to‘g‘ri yo‘lni – samarali ichki va tashqi siyosat yo‘lini aniq belgilab olishimiz va uni qat’iy amalga oshirishimiz lozim" – dedi Shavkat Mirziyoyev.