OʻzMU professori, biologiya fanlari doktori, akademik, Rim universiteti faxriy professori Bakriddin Zaripov “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari bosh muharriri, Oʻzbekiston respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Oʻtkir Rahmat loyihasi asosida tayyorlangan “Xalqning yuragiga yoʻl” nomli toʻplamga soʻzboshisini yuqoridagi shu jumlalar bilan boshlagan.
27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bayrami arafasida gazetalar tarixiga bagʻishlangan yirik toʻplam — Xalqning yuragiga yoʻl” nashrdan chiqdi.
Yangi Oʻzbekiston poydevorini qoʻyish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi tahliliy maqolalar oʻrin olgan kitob 4 ta yirik bobdan iborat. Kitobning “Yangi Oʻzbekiston: tahlil taqqos, tafsilot” deb nomlangan boʻlimida respublikamizning ijtimoiy-siyosiy, madaniy va maʼrifiy hayotiga doir qator dolzarb masalalar haqidagi materiallarni oʻqishingiz mumkin.
“Xalqning yuragiga yoʻl” nomli bobi esa, oʻzbek xalqining sof kechinmalari, jamiyat muammolari va ularga berilayotgan taklif va yechimlardan soʻzlagani bilan ahamiyatli.
Kitobni varaqlar ekansiz, “UCHINCHI RENESSANS”, “ILMDAN BOSHQA NAJOT YOʻQ” boʻlimlaridan joy olgan dolzarb maqolalar eʼtiboringizni tortadi. Ulardagi Renessans poydevori — ilmu maʼrifat ekani, fidoyi, vatanparvar yoshlarni tarbiyalash masalalari haqidagi fikrlarni oʻqir ekansiz, yurtimizning boy oʻtmishi, buguni va kelajagiga qaratilgan keng qiyosiy tahlilga guvoh boʻlasiz.
Shuningdek, toʻplam materiallarida mamlakatimizda soʻnggi yillarda taʼlim, madaniyat, iqtisodiyot, ekologiya, tibbiyot sohalaridagi tub burilishlar, islohotlar natijasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar, yutuq va kamchiliklar ham yaqqol aks etgan.
Umuman olganda, Bakriddin Zaripov yozganidek, kitobni oʻqir ekansiz, dunyodagi tahlikali jarayonda oʻzbekiston strategiyasi qanday boʻlishi kerak? Uchinchi Renessans Oʻzbekistonga nima beradi? Taʼlim tizimi istiqboli nimalarda koʻrinadi kabi savollarga aniq javob olasiz, tafakkuringiz kengayadi.
Shu maʼnoda oʻylaymizki, ushbu toʻplam uzoq yillar muhim manba boʻlib xizmat qiladi.
Munojat Moʻminova