Har bir davrning tarix solnomasidan oʻrin oladigan muhim voqealari, xulosa va saboqlari boʻladi. Ulgʻayish, yangilanish deb atalmish jarayon idrokimizni tiniqlashtiradi, tafakkurimiz ufqlarini kengaytiradi. Har subhi sodiq yangi fikr, yangi niyat, orzu-umid eshiklarini ochadi.
Oʻtgan asrning saksoninchi yillari adogʻida dunyoda, sobiq ittifoqda yuz bergan, har birimizning koʻz oʻngimizda kechgan, ong-shuurimizga muhrlangan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, yangicha va eskicha qarashlarning ayovsiz toʻqnashuvi, mustabid tuzumning parchalanishi, qizil mafkura tamoyillarining tanazzuli, yetmish yildan ortiq vaqt dunyoning katta bir qismini xohish-irodasiga boʻysundirib, fuqarolarini qon-qaqshatib, jon-jonini sugʻurib kelgan davlatning siyosiy sahnadan tushishini oʻshanda kimlardir tarixning kechirib boʻlmas xatosi sifatida qabul qilgani sir emas. Ammo tafakkuri uygʻoq, zehni baland, tomirlarida ajdodlar ruhi soʻnmagan kishilar bu voqealarni magʻzi puch har qanday gʻoyaning umri qisqa ekani dalolati sifatida dildan quvonib qabul qilgani ham bor gap.
Markaziy Osiyo xalqlari murakkab va qaltis sharoitda oʻz mustaqilligini qoʻlga kiritdi, iqtisodiy iskanja girdobida qolgan boʻlsa-da, orqaga chekinmay, qiyinchiliklarni sabr-bardosh bilan yengib, milliy rivojlanish va taraqqiyot yoʻlini belgilab oldi. Oʻzbekistonning bu yoʻlda erishgan olamshumul yutuqlari bugun nafaqat mintaqada, dunyo miqyosida ham rasman eʼtirof etilmoqda.
Mana, oʻttiz toʻrt yildirki, emin-erkin, haq-huquqimizni tanib, dunyo kengliklariga intilib yashamoqdamiz. Biz dunyoga, dunyo bizga bagʻrini ochmoqda. Istiqlolga tengdosh farzandlar yangi davr, yangi jamiyat bagʻrida voyaga yetdi, yonimizga kirdi, millatning yangi zamon farzandlari, yangicha fikrlaydigan rahbarlariga aylandi. Bu oʻzgarishlar bir qarashda eʼtiborga molik voqea emasday tuyuladi. “Avvallari ham shunday boʻlgan-ku, tugʻilish, voyaga yetishning nimasi yangilik”, deyishlari mumkin. Ammo bu — tor qobiqli fikr. Kindik qoni toʻkilgan ozod vatanda tugʻilib, qon tomirlarida soʻnmagan milliy hayot tarzi, oʻz qarashlaring bilan voyaga yetish boshqa! Bu — buyuk baxt, ilohiy neʼmat.
Oʻz otini minib, oʻzi tanlagan yoʻldan yurgan fikri tiniq, borar manzili aniq odam hech qachon adashmaydi. Oʻzbekiston milliy va umuminsoniy qadriyatlar mushtarakligida buyuk kelajak sari murakkab safarga otlanar ekan, mana shu sifatlarni oʻzida jam qilgani uchun ham niyatiga yetdi. Bizni chalgʻitmoqchi boʻlganlarning oʻzi chalgʻidi. Bizga qarab miyigʻida kulganlarning oʻzi bugun kulgi ostida qoldi.
Oʻtgan davr ichida mamlakatimizning iqtisodiy, siyosiy hamda maʼnaviy-maʼrifiy asoslari mustahkamlandi, yangi avlod tarbiyasi yoʻlga qoʻyildi. Tadbirkorlik, ishbilarmonlik mamlakat miqyosida quloch yozdi. Jamiyatda yangi mulkdorlar sinfi shakllandi, xususiy mulkka, mulkdorlarga munosabat oʻzgardi. Diniy eʼtiqod uchun taʼqib qilishga barham berildi. Odamlar oʻz mehnatlari samaralaridan toʻla bahramand boʻlish, daromadlariga yarasha turmush kechirish, zurriyotlariga meros qoldirish huquqiga ega boʻldi.
Jamiyatning bugungi ilgʻor vakillari safiga koʻz tashlaylik — ularning har ikkinchisi tadbirkor, ishbilarmon, ikki-uch tilda biyron soʻzlasha oladigan, oʻtmish ajdodlar qoldirgan maʼnaviy merosdan boxabar yoshlar. Vodiylik, vohalik dehqon, bogʻbon, chorvador yoki quruvchining oʻgʻli, qizi, nabirasi bugun dunyoning manaman degan oliygohlarida tahsil olmoqda, ilmiy izlanishda, oʻqish va uqishda yevropalik tengdoshlaridan ortda qolayotgani yoʻq. Bundan uch ming yil avval yaratilgan “Kalila va Dimna” asarida ham “Yoshlar tarbiyasi buzilib ketyapti, bu juda xavotirli” degan hadik bor. Xato joyi yoʻq bu gapning. Ammo biz, katta avlod vakillari hech ikkilanmay bugungi yoshlardan oʻrganishimiz, ulardan ibrat olishimiz ham kerak. Yosh mutaxassislardan, isteʼdodli yigit-qizlardan zamonaviy tushunchalarni soʻrash, tushunib olish ayb boʻlmay qoldi. Ushbu maqolani yozayotganimda, nima boʻldi-yu, kompyuter aynidi. Nabiram kerakli tugmachalarini bosib, toʻgʻrilab berar ekan, menga mayin jilmayib qaradi. Uning begʻubor tabassumida istiqlolimizning buyuk boʻy-bastini koʻrganday boʻldim.
Sobiq tuzum sharoitida shunday boʻlishi mumkinmidi?! Ota-bobolarimiz: “Qani endi, bir zamon kelsa-yu, qiblaga qarab qoʻlingni duoga bemalol ochsang, haj ibodatini ado etsang, oʻgʻil-qizingni imon-eʼtiqodli qilib tarbiyalasang, oʻtmish ajdodlarga yotsirab qaramasang”, deya umid qildi. Taassufki, bu umidlar umidligicha qolib ketdi. Uzoq yillar davomida oʻzligimizni idrok etmay yashadik. Sobiq tuzum mafkurasi bunga yoʻl bermadi.
Qadim zamonlardayoq tan olingan haqiqat shuki, qayerda tadbirkorlikka ragʻbat berilsa, oʻsha joy obod boʻladi, el-yurtda tinchlik-totuvlik hukm suradi, dasturxonga fayz kiradi. Sobiq tuzum mana shu oddiy haqiqatni tushunmadi, aniqrogʻi, tushunishni istamadi. Qoʻligul, ishchan, harakatchan odamlarning qoʻl-oyogʻini bogʻlab, tadbirkorlikni jinoiy xatti-harakatga tenglashtirdi va oxir-oqibat oʻzi tanazzulga yuz tutdi.
Oʻzbekiston rahbarligiga kelgan Shavkat Mirziyoyev faoliyatini mamlakatda mavjud xalq hokimiyati faoliyatini amalda mustahkamlashdan boshladi. Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak degan ulugʻ shiorni dadil oʻrtaga tashladi. Mamlakatning barcha hududlarida Prezidentning xalq va virtual qabulxonalari tashkil etildi. Xalqni eshitish, muammolarni hal etishdek buyuk jarayon boshlandi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Yangi rahbarning “Odamlar olis kelajakda emas, bugun oʻz hayotidan rozi boʻlib yashashi kerak”, “Xalq boy boʻlsa, davlat ham boy va qudratli boʻladi”, degan soʻzlari el-yurtda yangi umid uchqunlarini uygʻotdi, mamlakatda ijtimoiy faollikning sezilarli darajada oshishiga turtki berdi. Bu faollik oradan koʻp oʻtmay ijobiy samarasini berdi. Bugungi Oʻzbekiston milliy istiqlolning dastlabki yillaridagi Oʻzbekistondan keskin farq qiladi. Bugun u dunyo deb atalmish ulugʻ cheksiz ummonda shiddat bilan suzib borayotgan, koʻzlagan maqsadi aniq zamonaviy kemaga oʻxshaydi. Shavkat Mirziyoyev hech bir davlat bundan buyon oʻz holicha, yaqin qoʻshnilaridan, dunyo davlatlaridan uzilgan holda yashay olmasligini chuqur anglagan holda sobiq tuzumdan qolgan taqiqlarni bekor qilish, manfaatli hamkorlik aloqalarini tiklash, necha ming yillardan beri ota-bobolarimiz birga qadam tashlagan yoʻllardagi sunʼiy toʻsiqlarni olib tashlash, yon qoʻshnilarga hurmat-ehtirom koʻrsatish, eski gina-kuduratlarni unutib, asrlar, davrlar sinovidan oʻtgan qon-qardoshlik rishtalarini mustahkamlash yoʻlini tutdi. Odamlarning erkin harakat qilishini cheklaydigan xorijga chiqish vizalari singari umrini oʻtab boʻlgan oʻtmish qoldiqlari bekor qilindi. Inson huquqlarini himoya qilish masalalari boʻyicha milliy va xalqaro nodavlat tashkilotlar bilan ochiq muloqot boshlandi. Markaziy Osiyoning qadimiy davlati hisoblangan Oʻzbekistonda hozir dunyoning koʻp mamlakatlari uchun ham ibrat namunasi boʻla oladigan muhim iqtisodiy islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu oʻrinda BMT Bosh kotibi Guterrish janoblarining Toshkentda aytgan quyidagi eʼtirofini keltirib oʻtish zarur: “Markaziy Osiyoga tashrifimni Oʻzbekistondan boshladim. Sababi oddiy. Mening mintaqa kelajagiga boʻlgan barcha umidlarim siz, janob Prezident bilan, shuningdek, mamlakatingizda keyingi yillarda muvaffaqiyatli amalga oshirayotgan tashabbuslaringiz bilan bogʻliq. Birinchi navbatda islohotlarning yuksak samarasini qayd etishni istardik, biz buni chinakam tarixiy yutuq deb bilamiz. Mamlakatingizga birinchi marta bundan yigirma yil avval kelganman. Ikkinchi marta prezidentlik faoliyatiga kirishgan dastlabki paytingizda kelgandim. Bu gal esa sizning boshchiligingizda amalga oshirilayotgan hayratlanarli oʻzgarishlarni koʻrdim. Siz yaqin oʻtmishdan meros qolgan murakkab muammolarni hal qilishingizga toʻgʻri keldi. Shunga qaramay, endi Oʻzbekiston oʻz fuqarolarining huquqlarini himoyalash, manfaatlarini taʼminlash kabi qatʼiy rivojlanish yoʻlidan ogʻishmay bormoqda. Men avvallari BMTning qochqinlar ishlari boʻyicha oliy komissari sifatida Markaziy Osiyoga tashrif buyurganimda, shuni aytishim zarurki, ushbu mintaqa davlatlari oʻrtasida biror masalada oʻzaro yaqinlik boʻlmagan. Qaysi davlatga kelsam, faqat qoʻshnilarni tanqid qilishlarini eshitardim, xolos. Endigi haqiqat shuki, janob Prezident, sizning sharofatingiz bilan vaziyat tubdan oʻzgardi. Siz mintaqada davlat rahbarlari darajasida haqiqiy hamkorlik va ishonch ruhini yaratishga erishdingiz”.
Siyosiy kuzatuvchilar Shavkat Mirziyoyevni oʻz yurtini dunyoga yanada koʻproq va samaraliroq ochilishini koʻzlayotgan, xalqimiz baxti va saodatini koʻrishni oʻzining bosh maqsadi deb bilgan, milliy taraqqiyotni milliy yuksalish darajasiga koʻtarish uchun astoydil bel bogʻlagan, bu maqsadlarga erishish yoʻlida hech qachon ortga qaytmaydigan qatʼiyat va matonatli oʻzbek yetakchisi sifatida bir vaqtlar Xitoy iqtisodiyotini mislsiz yuksalishga olib chiqqan Den Syao Pinga qiyoslashadi. Bu eʼtirof bejiz emas. Den muallim dunyo iqtisodiyotiga doir muhim darsliklar, ilmiy-amaliy qoʻllanmalardan oʻrin olgan “Ochiq eshiklar siyosati”ni yoʻlga qoʻygani bilan mashhur boʻlgan rahbardir. U turli sabablarga koʻra mamlakatdan chiqib ketgan, xorijda tadbirkorlik qilayotgan sarmoyador xitoyliklarga ishonch va samimiylik bilan: “Yurtga qaytinglar, biz sizlarga yanada yaxshi imkoniyat yaratib beramiz, daromadingiz huquqiy kafolatlanadi, unga hech kim koʻz tikmaydi” degan oʻta masʼuliyatli shiorni oʻrtaga tashladi va bu soʻzida qatʼiy turdi ham. Shu chorlov mamlakat iqtisodiyotini oyoqqa turgʻizdi, odamlar yangi davr shabadasini sezdi. Yaponiyaning sobiq bosh vazirlaridan biri Tanaka jurnalistlarning yer osti boyliklarini qazib olishda turli davlatlarning muayyan ulush hisobiga hamkorligi nechogʻliq zarur degan savoliga: “Birgalashib qazish muhim emas, bu boylik qayerda boʻlsa ham insonga xizmat qilishi muhim”, degan edi.
Shu oʻrinda baʼzi kuzatuvchilarning bir “xavotir”iga toʻxtalib oʻtish zarur. Shavkat Mirziyoyev mamlakatning nochorlanib qolgan iqtisodiyotini modernizasiya qilish yoʻllari haqida oʻylar ekan, bu jarayonda rivojlangan davlatlar bilan samarali hamkorlik qilishdan boshqa natijador yoʻl yoʻqligiga ishonch hosil qildi, bu zaruratni ayrim rahbarlardan koʻra avvalroq angladi, dunyoviy tajribaga tayandi, yon qoʻshnilar bilan muhim aloqalarni yoʻlga qoʻydi. Markaziy Osiyo va Kavkaz institutining “Ipak yoʻli” dasturi direktori Svante Kornell oʻzbeklar bagʻrikenglik bilan dunyo uchun, yondosh qoʻshnilar uchun ochilayotgani, yangi Prezident yuritayotgan tashqi siyosat bu jihatdan “yoqimli va hayratlanarli” ekanini qayd etgani yodimizda. Bu ochiqlik mamlakatimizga juda katta miqdorda investitsiya olib kelmoqda.
Yana bir xavotir — baʼzi mutaxassislar Oʻzbekistonning tashqi qarzi oshib borayotganini urgʻulaydi. Aslida, iqtisodiy jihatdan baquvvat davlatlar ham qarz koʻtaradi. Gap uni nimaga, qanday maqsadni koʻzlab ishlatishda. Masalan, AQSHning joriy yil uchun davlat qarzi (ichki va tashqi qarz) 36 trillion 386 milliard dollarga teng. Yaponiyaning 2023-yilgi qarzi mamlakat yalpi ichki mahsulotiga nisbatan 230 foizni tashkil etadi. Shunday boʻlsa-da, mamlakat iqtisodiyotida jiddiy muammo yoʻq, aksincha, oʻsish bor.
Prezidentimizning 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmonida davlat qarzlarini samarali boshqarish boʻyicha chora-tadbirlar aniq-ravshan belgilab qoʻyilgan. Xususan, iqtisodiyot tarmoqlarida barqaror yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlash orqali kelgusi besh yilda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotni 1,6 baravar, 2030-yilga borib aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromadni 4 ming dollardan oshirish, daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar qatoriga kirish uchun zamin yaratish, davlat byudjeti taqchilligini qisqartirish, 2023-yildan eʼtiboran yalpi ichki mahsulotga nisbatan uning 3 foizdan, davlat qarzini boshqarishda yiliga yangi jalb qilingan tashqi qarz miqdori 4,5 milliard dollardan oshib ketmasligini taʼminlash maqsad qilingan. Demak, xavotirga oʻrin yoʻq. Qarzdan qarzning farqi bor. Olingan qarzdan maqsadli, unumli foydalanish xalqning yashash tarzi va xarid quvvatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Davlatimiz rahbari Oʻzbekistonning jahonga integratsiyalashuvini amalda yangi bosqichga olib chiqdi. Bugun yurtimizda yirik xalqaro anjumanlar oʻtkazish, baʼzan gʻoyat murakkab muammolarni birgalikda muhokama qilish oddiy voqea boʻlib qoldi. Bir misol. Sobiq tuzumdan keyin paydo boʻlgan MDH tashkilotining sammiti dastlabki yigirma besh yilda Oʻzbekistonda biror marta ham oʻtkazilmadi. Bu tuzilmaning labbaychi faollari paydo boʻldi. Shavkat Mirziyoyev 2020-yilda Hamdoʻstlikka raislikni qabul qilar ekan, navbatdagi sammitni Oʻzbekistonda oʻtkazishni taklif qildi va bunga erishdi ham. Oʻzbekiston MDH davlatlari orasida munosib nufuziga ega boʻldi. Oʻzbekistonning Turkiy tilli davlatlar kengashidagi ishtiroki, davlatimiz rahbarining amaliy taklif va tashabbuslari bu muhim tashkilot faoliyatini jonlantirdi, desak xato boʻlmaydi.
Markaziy Osiyo davlatlari uzoq yillar davomida sobiq tuzumning yopiqlik siyosati ostida qolib ketdi. Bir-biriga yondosh besh mamlakatga oʻz imkoniyatlaridan foydalanish, dunyo hamjamiyatining toʻlaqonli aʼzosiga aylanish imkoniyati berilmadi. Shavkat Mirziyoyevning amaliy pragmatik siyosati bois, Oʻzbekistonda mutlaqo yangi islohotlar toʻlqini yuzaga keldi va bu jarayon mintaqa hamda dunyo siyosatida sezilarli burilish yasadi, tarixiy ildizlari bir qoʻshni mamlakatlarda ham ijobiy aks sado berdi.
Istiqlolimizning oʻttiz toʻrt yilligi yaqinlashib kelayotgan shukuhli kunlarda har bir kishi, u qaysi sohada boʻlmasin, bu yillarni qanday bosib oʻtdik, qanday kurash va qarshiliklarga duch keldik, qayerda sustlashdik, turkiy qavmlar oʻrtasidagi ming yillik mehr-oqibat rishtalari qanday uzildi degan savollar qarshisida oʻylanadi. Ana shu muammolarga yechim topish, ota-bobolarimiz birga bosib oʻtgan doʻstlik, bagʻrikenglik yoʻllarini tiklash, sunʼiy toʻsiqlarni olib tashlash, bu buyuk harakatga chinakam boshchilik qilish oson boʻldi deysizmi?! Qatʼiy iroda, matonatli intilishning samarasi bu. Yangi Oʻzbekistonning iqtisodiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotida, jamiyat tizimida, odamlar ong-tafakkuri, turmush tarzi, oʻzlikni anglash darajasida yuz bergan va muttasil yuz berayotgan oʻzgarishlarning salmogʻi, bugungi ilgʻor dunyo darajasida baholaganda qanchalar tosh bosishi, uzoq yillar biz oʻylagan, ishongan maqsad-muddaoga nechogʻliq mosligi haqida xolisona mushohada yuritishimiz kerak. Bu xususda uzoq-yaqin doʻstlarimiz, strategik hamkorlarimiz, xalqaro kuzatuv tashkilotlari, moliya-iqtisod mutaxassislari ijobiy fikr bildirmoqda, dunyo matbuoti oʻz soʻzini aytayotir, shu bilan birga, bizni uzoqdan, uzoqroqdan shunchaki, “Qani, koʻraylik-chi”, deya kuzatib turganlar, tortinibroq boʻlsa-da, havas qilarli yutuqlarimizni tan olishga, ularga qiziqish bildirishga, biz bilan manfaatli hamkorlik qilishga majbur boʻlayotganlari sir emas. Qozonda boʻlsa, choʻmichga chiqadi. Bugun talatoʻpli dunyo diqqat-eʼtiboriga tushish, ishonchini qozonish, oʻrni kelganda, ibrat va namuna koʻrsatish oson ish emas. Shunday ekan, jamiyatda yuzaga kelayotgan, shakllanayotgan ijtimoiy fikr, har bir kishining oʻz xulosasi katta ahamiyatga ega.
Yangi Oʻzbekistonning yangi yoʻli inson huquqi va erkinliklarini amalda himoya qilish, jamiyatning har bir aʼzosiga oʻz salohiyatini hech bir toʻsiqsiz namoyon etish, orzu-niyatlarining roʻyobini koʻrish, zahmatli mehnati, izlanishlari samaralaridan emin-erkin foydalanish, bu yorugʻ olamda inson maqomida yashar ekan, oʻz hayotidan, imon-eʼtiqodidan, farzandlarining kamolidan bugun rozi boʻlishini taʼminlash edi. Shu maqsadda sobit turibmiz. Orqaga qaytish yoʻq. Mamlakat iqtisodi davlatimiz rahbari belgilab bergan, xalqimiz qoʻllab-quvvatlagan strategik taraqqiyot dasturi asosida silkinish va depsinishlarsiz bir maromda, maqsadga muvofiq yoʻnalishda rivojlanmoqda. Inson qadri, uning huquq va manfaatlari ulugʻlanadigan ijtimoiy davlatga aylanib borayotirmiz, bandlikni taʼminlash, yangi zamonaviy ish oʻrinlarini yaratish, kambagʻallikni qisqartirish, yordamga muhtoj toifalarni qoʻllab-quvvatlash bosh vazifaga aylangani bor gap.
Yillar oʻtadi. Yangi Oʻzbekiston tarixini oʻrganuvchilar koʻz oʻngida davlat rahbarining faoliyatidagi xalqparvarlik fenomeni, ulugʻ maqsad yoʻlidagi fidoyiligi, xalq bilan muloqot qanday yoʻlga qoʻyilgani, yangi davr avlodini tarbiyalash kabi bir-biridan muhim vazifalar ijrosi qanday amalga oshirilgani yaqqol namoyon boʻladi. Yangi Oʻzbekistonning kuchli moddiy va maʼnaviy salohiyati ularni, shubhasiz, ruhlantiradi.
Ahmadjon MELIBOYEV,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist