Hozirgi davrda shahar aholisining tobora ko'payishi va shahar asosiy iqtisodiy drayverlarga aylana borishi tsivilizatsiya rivojlanishining bosh tendentsiyalaridan biriga aylanmoqda. Bu esa,tabiiyki, shahar aholisi uchun har tomonlama qulay shart-sharoit yaratishni taqozo etadi.
Ana shu nuqtai nazardan ham Prezidentimiz tashabbusi bilan 2020 yilning mamlakatimizda Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb e'lon qilinishi, joriy yil 28 aprelda davlatimiz rahbarining “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori qabul qilinishi ahamiyatlidir.
Qolaversa, kuni kecha Prezidentimiz ishtirokida bo'lib o'tgan videoselektor yig'ilishida ham bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, joriy yil yakuni va 2021 yil birinchi choragiga mo'ljallangan loyihalar muhokama etildi.
“Tarmoq va hudud rahbarlari raqamlashtirishsiz natija, rivojlanish bo'lmasligini tushunib etishi shart. Barcha darajadagi rahbarlar buni o'ziga kundalik vazifa sifatida belgilab, raqamlashtirish sohasini alifbosidan boshlab chuqur o'rganishi kerak,” deb ta'kidladi davlatimiz rahbari.
Prezidentimizning 2017 yil 29 avgustda qabul qilingan “Axborot – kommunikatsiya texnologiyalari sohasida loyiha boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bilan 2019-2023 yillarda “Xavfsiz shahar” loyihasini bosqichma-bosqich respublikaning barcha hududida joriy etish belgilangan.
“Xavfsiz shahar” yagona apparat-dasturiy kompleksi ichki ishlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning axborot tizimlari hamda “elektron hukumat” tizimiga integratsiya qilinadi. Bundan kutilgan asosiy maqsad jamoat xavfsizligi va huquq-tartibot sohasida faoliyat samaradorligi va tezkorligini oshirish, yagona navbatchi-dispetcherlik xizmati va ma'lumotlarni qayta ishlash markazlarini tashkil etish, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, jamoat xavfsizligi va huquq-tartibotni ta'minlash sohasida tegishli qonun va normativ-huquqiy hujjatlar, davlat standartlari hamda qoidalarni ishlab chiqish, axborot xavfsizligi va jamoat huquq-tartibotini profilaktika qilish va ta'minlash sohasida xalqaro tajribaning eng yuksak yutuqlarini joriy etishdan iborat.
“Xavfsiz shahar” kompleksi aholini jamoat xavfsizligi, qonuniy tartibot va atrof-muhit xavfsizligiga tahdidlardan himoya qilish, bu boradagi muammolarga echim topish, mutasaddi idoralarni aniq va xolis axborot bilan ta'minlashga qaratilgan. SHuningdek, u turli vaziyatlar va noxush hodisalar xususida vakolatli xizmat va idoralarga ishonchli va to'liq ma'lumotni taqdim etadi. Ishtirokchilarni idoralararo integratsiyalashgan yagona axborot makonidan foydalanish, ularni favqulodda vaziyatlardan o'z vaqtida ogohlantirish va xabardor qilish, asosiy jarayonlarni axborotlashtirishni ta'minlaydi.
— “Xavfsiz shahar” kompleksi xavfsizlik sohasida ishonchli ma'lumotlarni avtomatik yo'sinda yig'adi, to'playdi, monitoring va prognoz qiladi, xavflarni kamaytirish, hodisalar oqibatlarini bartaraf etish maqsadida tergov hamda surishtiruv organlariga video-foto faktlarga asoslangan dalillarni taqdim etadi, — deydi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “Xavfsiz shahar” jamoat tartibiga ko'maklashish markazi bosh muhandisi Ulug'bek Qulanov. — Buning natijasida xavfsizlik sohasida idoralararo hamkorlik aloqalari rivojlanadi va yaxlit tizimga aylanadi. eng muhimi, xavfsizlik masalalari bo'yicha fuqarolar va mutasaddi idoralarning samarali hamkorligiga zamin yaratiladi.
Bir so'z bilan aytganda, “Xavfsiz shahar” kompleksi
monitoring, prognoz qilish, xavfsizlikka tahdidning oldini olish va bartaraf etishda yagona axborot makonini shakllantiradi, favqulodda vaziyatlarda aholi, kuch va vositalarni boshqarish, vaziyatni tahlil qilish imkonini beradi.
Bugungi kunda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 maydagi qaroriga muvofiq, “Xavfsiz shahar” loyihasining texnik hujjatlari (kontseptsiya, bosh texnik topshiriq, texnik iqtisodiy hisob) PWC xalqaro konsalting kompaniyasi ekspertlar guruhi bilan birgalikda tegishli idora va vazirliklar ishtirokida ishlab chiqildi.
Birinchi bosqichda 2019-2020 yillarda to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda Toshkent shahrida “Xavfsiz shahar” loyihasining yagona texnologik platformasini yaratish bo'yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
—Toshkent shahridagi barcha qisqa raqamli tezkor navbatchilik — 101, 102, 103, 104, 1050, 1055 xizmatlari YAgona vaziyatlar markaziga jamlanadi hamda umumiy “112” navbatchilik xizmati doirasida faoliyat yuritadi. Buning natijasida favqulodda vaziyatlar xizmatlarining faoliyatini muvofiqlashtirishning samarali mexanizmi joriy etiladi. Toshkent shahrida “112” yagona dispetcherlik xizmatini joriy etish bo'yicha texnik topshiriq ishlab chiqildi. Mazkur texnik topshiriq tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishildi, ekspertiza xulosalari olindi.
Bundan tashqari, ijtimoiy soha, madaniyat, turizm ob'ektlari, vokzal va bozorlarda jamoat tartibi va xavfsizlikni ta'minlash uchun 50 mingdan ortiq kuzatuv kamerasi o'rnatiladi, umumiy ma'lumotlar bazasi 20 milliondan ortiq bo'lgan intellektual qidiruv tizimi tashkil etiladi. Buning natijasida jinoyatlarni fosh etish vaqti va huqukbuzarliklar soni
45 foizgacha kamayishiga erishiladi. Atrof-muhit ekologiya holatini monitoring va nazorat qilish bo'yicha tashkil etiladigan tizim shahar ekologiyasini nazoratga olish va yaxshilashga zamin yaratadi.
Hozirgi kunda Toshkent viloyatida yo'l harakati xavfsizligini ta'minlashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasi bo'yicha 11,328 million evroga shartnoma imzolanib, 2020 yil 1 iyul` holatiga 4,1 million dollar to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiya o'zlashtirildi.
Nexia-3 rusumli 19 ta avtotransportga o'rnatilgan mobil` kompleks uskunalari Toshkent viloyati va Farg'ona vodiysida ishlab turibdi. Joriy yilda jami 292 ming 932 ta qoidabuzarlik aniqlanib, 129 milliard so'm jarima hisoblandi va shundan 49 milliard so'mi kelib tushdi.
Toshkent shahri SHayxontohur tumanida “Xavfsiz shahar” pilot loyihasi doirasida jami 142 ta ijtimoiy soha ob'ekti va aholi gavjum joylarda jami 898 dona intellektual videokuzatuv qurilmasi o'rnatilib, ishga tushirildi.
Toshkent shahrida “Xavfsiz shahar” tizimini joriy etish loyihasi bo'yicha bir nechta kompaniyaning yo'l harakati xavfsizligi qoidalari buzilishini foto-video qayd etish bo'yicha bergan taklif va texnik echimlari o'rganilib, tanlab olish ishlari amalga oshirilmoqda.
Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani “CHorvoq” erkin turistik zonasida “Xavfsiz turizm” loyihasini amalga oshirish bo'yicha 146 ta ijtimoiy ob'ektga 534 ta videokuzatuv kamerasi, 20 ta radar hamda 6 ta chorrahada foto-video qayd etish qurilmalarini o'rnatish yuzasidan loyihaning texnik topshirig'i ishlab chiqilib, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishildi.
Ayni paytda “CHorvoq” erkin turistik zonasida optik tolali aloqa liniyalarini joylashtirish, videokuzatuv qurilmalarini montaj qilish, yo'l harakati xavfsizligini foto-video qayd etish tizimi qurilmalarini etkazib berish va o'rnatish ishlari olib borilmoqda.
SHu bilan birga, vazirlik va idoralarning maxsus tezkor xizmatlari mutaxassislarini qayta tayyorlash o'quv markazi hamda videokuzatuv kameralari, o'rnatiladigan dasturiy ta'minotlarning mavjud standartlarga muvofiqligini tekshirish va integratsiya qilish bo'yicha maxsus laboratoriya tashkil etish nazarda tutilgan.
Loyihani amalga oshirish jarayonida mahalliy dasturiy ta'minot ishlab chiqaruvchi kompaniyalarni keng jalb etish, ular bilan hamkorlik qilish, tajribasini oshirish va kelgusida jahon bozoriga chiqishlari uchun zamin yaratishga jiddiy e'tibor qaratilmoqda.
Risolat MADIEVA,
“YAngi O'zbekiston” muxbiri