Talabalar oʻrtasida “Zakovat” intellektual oʻyinlari oʻtkazildi

    Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi Yoshlar sektori tashabbusi bilan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Zakovat” intellektual oʻyini tashkil etildi.

    Unda Respublikamizdagi 13 ta eng nufuzli oliy taʼlim muassasalarining talabalari ishtirok etib, oʻz bilim va koʻnikmalarini sinab koʻrishdi.

    Bellashuvga “Zakovat” klubi xodimlari taklif qilinib, ishtirokchilar aynan klub xodimlari tomonidan tayyorlangan savollarga javob berishdi. Oʻyin davomida yoshlarga xos shijoat, topqirlik, gʻalabaga boʻlgan intilish sezilib turdi. Har bir savol muhokamasi uchun 1 daqiqa vaqt ajratilib, ochkolar savollarning murakkabligiga qarab belgilandi.

    Qizgʻin va qiziqarli kechgan oʻyin natijalariga binoan 3-oʻrin Toshkent davlat yuridik universiteti talabalaridan tarkib topgan jamoaga nasib qildi. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining zukko yigit-qizlari faxrli 2-oʻringa loyiq topildi. Savollarning deyarli barchasiga toʻgʻri javob bergan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari esa birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.

    Bilimga chanqoq, teran fikrlaydigan, oʻz soʻzi va qiziqishlariga ega yoshlarni taqdirlash uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi, partiya markaziy kengashi raisi oʻrinbosari Firdavs Sharipov soʻz olib, avvalambor barchani yaqinlashib kelayotgan Navroʻz ayyomi bilan samimiy tabrikladi.

    U bellashuvga kelgan har bir yigit- qiz aslida gʻolib ekanini qayd etdi. OʻzXDP ehtiyojmand aholi qatlamlari manfaatlarini himoya qilish bilan birga, kelajagimiz boʻlmish yoshlarni ham har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini alohida taʼkidlab oʻtdi. Boisi yurt kelajagi aynan yoshlar qoʻlidadir.

    Yakunda gʻolib va sovrindorlarga eng koʻp oʻqiluvchi badiiy kitoblar jamlamasi, faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari topshirildi.

    Xalq demokratik partiyasi talabalar ishtirokidagi “Zakovat” intellektual oʻyinlarini kelgusida anʼanaviy tarzda oʻtkazishni rejalashtirgan.