Unda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy hokimiyat organlarining rahbarlari hamda Oʻzbekiston Respublikasining Xitoydagi diplomatik missiyasi va Bosh konsulliklari rahbariyati ishtirok etdi.
Yigʻilish davomida Oʻzbekiston bilan Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat kooperatsiyasini yanada mustahkamlash, hududlararo munosabatlarni va innovatsion tajriba almashishni kengaytirishga oid dolzarb masalalar koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil fevral oyida Xitoyga amalga oshirgan tashrifi chogʻida erishilgan ikki tomonlama kelishuvlarni sifatli va oʻz vaqtida bajarish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Vazirlik va idoralar rahbarlariga milliy iqtisodiyotni rivojlantirishda Xitoy Xalq Respublikasining sanoat va innovatsion salohiyatidan foydalanish boʻyicha yangi takliflar ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. Qisqa muddatda sanoat tarmoqlariga ilgʻor Xitoy sanoat texnologiyalari va innovatsion ishlanmalarini joriy qilish orqali investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish boʻyicha manzilli “Yoʻl xaritalari” ishlab chiqiladi. Shuningdek, Xitoy ishlab chiqaruvchilari bilan sanoat kooperatsiyasini yoʻlga qoʻyish maqsadida Oʻzbekiston iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlari salohiyatini muhokama qilish uchun Xitoyning yetakchi kompaniyalari va ishlab chiqarish xoldinglarini Toshkent Xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga jalb qilish boʻyicha tegishli ishlarni olib borish topshirildi.
Oʻzaro savdo hajmini yanada oshirish borasidagi saʼy-harakatlarga alohida eʼtibor qaratildi. Xitoy importi tarkibini tahlil qilish va uning bozoriga yuqori talabga ega sifatli va raqobatbardosh mahalliy mahsulotlarni yetkazib berish hajmini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish topshirildi. Texnik jihatdan tartibga solish agentligi rahbariyatiga texnik jihatdan tartibga solish standartlarini uygʻunlashtirish va mavjud savdo toʻsiqlarini bartaraf etish orqali Xitoyga eksportni kengaytirish boʻyicha alohida “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish topshirildi. Shuningdek, chakana savdo qilish uchun maxsus onlayn savdo maydonchalarini yaratish orqali Xitoy bilan savdoni rivojlantirishga eʼtibor qaratish topshirildi.
Shuningdek, transport va logistika sohalaridagi hamkorlikni faollashtirish muhimligi qayd etildi. Tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga ikki mamlakat oʻrtasida yuk tashish bilan bogʻliq muammolarni aniqlash va hal qilish, shuningdek, yuborilayotgan yuklarni toʻsiqsiz yetkazib berishni taʼminlash maqsadida xitoylik hamkasblari bilan ikki tomonlama ishchi guruhlar tashkil etish topshirildi.
Hududlararo hamkorlikni chuqurlashtirish sohasida alohida koʻrsatmalar berildi. Jumladan, hududlar rahbarlari tegishli xitoylik sheriklar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar olib borib, qisqa muddatda Xitoy Xalq Respublikasining iqtisodiy rivojlangan viloyatlari va yirik shaharlari bilan investitsiyaviy, sanoat, savdo, innovatsion va madaniy-gumanitar hamkorlik boʻyicha manzilli “Yoʻl xaritalari”ni tuzadilar.
Innovatsiyalar sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, Strategik rivojlanish agentligi va Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish agentligi rahbariyatiga Xitoyning ilgʻor tajribalarini jalb qilish va IT sohasi, sogʻliqni saqlash, taʼlim, qishloq xoʻjaligi va boshqa yoʻnalishlarda innovatsion loyihalarni amalga oshirishga doir tadbirlar rejasini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Yigʻilish kun tartibiga Oʻzbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qilishi doirasida rejalashtirilgan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish, jumladan, SHHTning boʻlajak sammitini oʻtkazish hamda Samarqand shahrida “Oʻzbekiston-SHHT” sanoat zonasini tashkil qilish bilan bogʻliq masalalar kiritildi. Tadbirlarning tashkiliy va mazmuniga doir dolzarb vazifalar, shuningdek ular doirasida imzolanishi kutilayotgan ikki tomonlama hujjatlar ustida olib borilayotgan ishlarning hozirgi holati koʻrib chiqildi.
Yigʻilish yakunida mutasaddi rahbarlarga ularga yuklatilgan vazifalar doirasida qoʻshimcha koʻrsatmalar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.