“Oʻzbekiston Prezidenti 2021-yilgi Davlat dasturini tasdiqladi”. Xitoyning “Sinxua” axborot agentligi tarqatgan axborot ana shunday nomlangan. Unda 2017–2021-yillarda Oʻzbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni eʼlon qilingani bilan bogʻliq muhim maʼlumotlar qalamga olingan.
Agentlik mazkur dastur doirasida 29,4 trillion soʻm va 2,6 milliard dollar miqdoridagi loyihalar amalga oshirilishini oʻquvchilar eʼtiboriga havola qilgan. “Bu koʻrsatkich 2020-yili 18,2 trillion soʻm va 10,3 milliard dollarni tashkil etgan, shundan 8 milliard dollar hajmidagi mablagʻ sarmoyaviy loyihalar doirasida taqdim qilingan edi”, deb yozadi “Sinxua” AA.
Manbaning taʼkidlashicha, byudjet va byudjetdan tashqari jamgʻarmalardan 19,4 trillion soʻm hamda 850 million dollar hajmida mablagʻ ajratiladi. Davlat dasturini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi 4 trillion soʻm va 850 million dollar miqdorida mablagʻ yoʻnaltiradi.
“Ijrochilar va banklar tomonidan davlat dasturining amalga oshirilishiga 6,8 trillion soʻm ajratiladi. Xalqaro moliya institutlari va grant mablagʻlari hajmi 1,8 trillion soʻm va 1,7 milliard dollarini tashkil etadi”, deb yozadi agentlik.
Bundan tashqari, “Jenmin Jibao” kundalik gazetasi veb-sahifasida (“Jenmin jibao”-onlayn) eʼlon qilingan yana bir axborot materiali mamlakatimizda Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi tashkil etilgani mavzusiga bagʻishlangan. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev qarori bilan tashkil topgan mazkur jamgʻarma Alisher Navoiy hayoti, gʻoyalari va ilmiy-adabiy merosini oʻrganish va targʻib qilishga daʼvat etilgani alohida taʼkidlangan.
“Hujjatga muvofiq, jamgʻarma Alisher Navoiy asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilish va ularni nashr etish, Alisher Navoiyning ilmiy-adabiy merosini tadqiq etayotgan adib va olimlar faoliyatiga koʻmaklashish bilan shugʻullanadi”, deb yozadi “Jenmin jibao”-onlayn.
Nashr Alisher Navoiy tavallud topgan sana – 9-fevral Oʻzbekistonda har yili keng nishonlanishi xususida toʻxtalar ekan, mamlakatimizda oʻzbek tilining asoschisi, gʻazal mulki sultonining hayot va ijod yoʻli, uning boy merosiga bagʻishlangan xalqaro konferensiya, Navoiyxonlik tadbirlari oʻtkazilishi anʼana tusini olganini alohida qayd etadi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
Shuningdek nashrning “Bugungi kunda buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy (1441 – 1501) nomi Xitoyda maʼlum va mashhurdir. “Milliy va xorijiy sheʼriyat” madaniy dasturida ishtirok etish uchun uning ijod namunalari tanlangan. 2017-yili Shanxay universitetining markaziy maydonida buyuk shoirning haykali oʻrnatilgan”,— degan xabari misol tariqasida keltiriladi.