Quruqlikdagi eng katta hayvonlar qatoriga kiruvchi “Paraceratherium linxiaense” deb nomlangan yangi turning vazni oltita Afrika filining ogʻirligiga teng ekani, boʻyi esa jirafadan balandroq ekanligi aniqlandi.

Taxminlarga koʻra, shoxsiz sut emizuvchi boʻlgan ushbu yangi turning boʻyi 7, uzunligi 8 metrgacha boʻlgan.

Xitoyning Pekin shahridagi umurtqali hayvonlar paleontologiya instituti doktor Den Tao boshchiligidagi tadqiqotlarda karkidonning bosh va jagʻ suyagi toʻliq saqlanib qolgani aniqlandi.

Gigant karkidonning tumshuq tuzilishi choʻchqaga oʻxshash oʻtxoʻr sut emizuvchilar sinfiga mansub tapir (Osiyo va Afrikaning tropik mintaqalarida yashovchi kalta xartumli, yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan hayvon)ga oʻxshaydi.

Olimlar yangi kashf etilgan tur Pokistonda yashagan ulkan karkidonlar bilan bogʻliqligini aniqlashdi. Bu esa shuni koʻrsatadiki, karkidon turlari butun Markaziy Osiyo boʻylab harakatlangan.

Gigant karkidon turlarining shimoli-gʻarbiy Xitoy va Hindiston yarim oroli oraligʻida erkin harakatlana olgani Tibet platosida ilgari dengiz sathi balandligidagi tekisliklar mavjud boʻlgan, degan fikrni tasdiqlaydi.