Uxanda 2020-yildan beri birinchi marta COVID-19 infeksiyasining yettita holati aniqlandi. 2019-yilda koronavirus birinchi marta aniqlangan, 12 million aholiga ega shahar ayni paytda yana diqqat markazda boʻlib turibdi.

“Shahar miqyosida har bir fuqaro xavfsizligini taʼminlash maqsadida COVID-19 uchun favqulodda sinovlar boshlandi. Biz buni imkon qadar tezroq yakunlashni rejalashtirmoqdamiz va iloji boricha tez harakat qilamiz”, dedi markaziy Xubey provinsiyasi rasmiysi Li Syan.

Hozirda Xitoy soʻnggi oylardagi eng yirik epidemiyalardan birini boshdan kechirmoqda, 10 kun ichida 300 ta holat aniqlangan. Mamlakat boʻylab 15 ga yaqin provinsiya aziyat chekkan, bu hukumatni ommaviy sinov choralari va cheklovlarni amalga oshirishga undadi.

Rasmiylar virus qayd etilgan shahar hududida karantin joriy etishdi. Baʼzi metro bekatlari yopilgan, yoʻlovchilar yana niqob taqib, tana haroratini oʻlchashlari zarur.

Mahalliy tibbiyot xodimlari virusning tarqalishini hind “delta”sining oʻta yuqumli va mahalliy turizm mavsumi bilan bogʻlashdi.

Agentlikning taʼkidlashicha, Xitoy asosan oʻz chegaralarida virusni nazorat qila olgan. Biroq, Nankinning gavjum aeroportida ishchilar orasida birinchi marta aniqlangan virusning boshqatdan tarqalishi xavotirlarni keltirib chiqardi. Hukumat shaharning 9,2 millionlik aholisini uch marta tekshirdi va yuz minglab odamlarni izolyatsiya qildi.