Ish beruvchi qanday asoslarga binoan “surunkali-layoqatsiz” xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishi mumkinligi haqida “Norma”ning mehnat huquqi boʻyicha eksperti Lenara XIKMATOVA soʻzlab berdi:
- Kasallik va shikastlanganlik boʻyicha mehnatga layoqatsizlik varaqalari mehnatga layoqatsiz shaxs murojaat qilgan yoxud davolangan davolash-profilaktika muassasasi (DPM) tomonidan mehnatga layoqatsizlik aniqlangan kundan boshlab beriladi.
Ambulatoriya sharoitida davolanishda davolovchi shifokor yakka oʻzi 5 kalendar kunigacha “kasallik varaqasi” berishga haqli. Keyinchalik uning muddati davolovchi shifokor va boʻlim mudiri tomonidan har safar 10 kalendar kundan ortiq boʻlmagan muddatga uzaytiriladi. Biroq bu byulletenni cheksiz uzaytirish mumkinligini anglatmaydi. Muayyan muddatlardan keyin bemor tibbiy-mehnat ekspert komissiyasiga (TMEK) yuboriladi:
- aynan bir kasallik boʻyicha vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davri uzluksiz 4 oyni tashkil qilsa (sil kasalligi birinchi marta aniqlanganda – 10 oy, u kuchayganda – 6 oy);
- aynan bir kasallik boʻyicha vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davri tanaffus bilan bir yil mobaynida jami 6 oyni tashkil qilsa.
Nogironlik belgilari aniq koʻrinib turgan shaxslar, shuningdek noxush klinik prognozli bemorlar ushbu muddatlar oʻtmasdan turib ham TMEKga yuborilishi mumkin.
Bemor TMEKga yuborilganda mehnatga layoqatsizlik varaqasining muddati toʻxtatiladi. Bemor hujjatlari TMEKda qabul qilingan kundan boshlab 2 hafta muddatda tibbiy koʻrik oʻtkaziladi. TMEK tomonidan nogironlik belgilanmagan boʻlsa, lekin u hanuz mehnatga layoqatsiz boʻlsa, “kasallik varaqasi” DPM tomonidan uning mehnat qobiliyati tiklangunga qadar, ammo 2 oydan ortiq boʻlmagan muddatga uzaytiriladi.
Agar sizda muntazam kasallanadigan xodim boʻlsa yoki sizning u “kasallik varaqasi”ni suiisteʼmol qilayotganligi yuzasidan gumoningiz boʻlsa, siz har doim tegishli DPMga ish beruvchi tashkilot nomidan yozma yoki elektron murojaat yuborishingiz mumkin. Murojaatda kasallikning tavsifi, “kasallik varaqasi”ni uzaytirish muddatlari va xodim TMEKga yuborilishi yuzasidan savollar bering. DPM sizning arizangizni 15 kun ichida koʻrib chiqishi va javob berishi shart (“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 28-moddasi).
Agar xodim TMEKga yuborilgan boʻlsa, xulosani oling va tavsiya berilgan qismini diqqat bilan oʻrganing. Va agar u yerda xodimga egallab turgan lavozimi, kasbi yoki mutaxassisligi boʻyicha ishlarni bajarishiga qarshi koʻrsatma mavjud boʻlsa yoki mehnat jamoasi aʼzolari yoxud ular xizmat koʻrsatayotgan fuqarolar uchun xavfli boʻlsa, bu – MKning 100-moddasi 2-qismi 2-bandiga binoan ishdan boʻshatish uchun asos – “xodimning sogʻligʻi holatiga koʻra bajarayotgan ishiga noloyiq boʻlib qolishi”.
“Sogʻligʻi holatiga koʻra” ishdan boʻshatishdan oldin, ish beruvchi xodimga tibbiy tavsiyaga muvofiq u bajara oladigan ishni taklif qilishi shart. Xodim boshqa ishga oʻtishdan bosh tortgan yoki korxonada muvofiq keladigan ish boʻlmagan taqdirda, mehnat shartnomasi umumiy asoslarda bekor qilinishi mumkin.