Xoʻjaobod tumanida foydalanishga topshirilgan davlat xizmatlari markazi binosi ham tom maʼnoda xalq bilan davlat oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni yuksalishida amaliy ifoda topmoqda.

Avval pana-pastqam, eski binoda xizmat koʻrsatilar bu esa aholi uchun ham markaz ishchi-xodimlari uchun ham turli noqulayliklar tugʻdirar edi. Bugun esa tamomila oʻzgacha, tuman qiyofasiga koʻrkamlik baxsh etayotgan davlat xizmatlari markazi aholiga 150 turdan ziyod xizmatlarni koʻrsatadi. Endilikda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari yangi zamonaviy binoda koʻrib chiqiladi.

Zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlangan markazga tashrif buyuruvchilarga tezkor va yuqori sifatli xizmat koʻrsatish uchun barcha sharoit yaratilgan. Markazda elektron navbat tizimi 4 ta monitorda aks etib turadi. 10 ta qabul oynasida esa koʻrsatiladigan xizmatlarda shaffoflik asosiy mezon sanaladi.

Shuningdek, markazda investorlar xonasi, oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish burchagi hamda bank kassasi tashkil etilgan. Binoda tashkil etilgan kichik kutubxona esa, navbat kutib turgan fuqarolarning vaqtini mazmunli oʻtkazishga xizmat qiladi.

- Markazimiz tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlardan keksayu yosh foydalanish imkoniyatiga ega,- deydi Xoʻjaobod tuman davlat xizmatlari markazi direktori Sanjarbek Saidov.- Bu esa barchaning koʻngliga birdek qarashni, binoda yetarlicha sharoit yaratishni taqozo etardi. Qisqa muddat ichida quruvchilarimiz tomonidan zamonaviy koʻrinishdagi binoning qad rostlashi kattayu kichik xoʻjaobodliklarni xursand qilishi shubhasiz. Oʻtgan 2020-yil davomida 20 mingdan ortiq xizmat koʻrsatgan boʻlsak, joriy yilda mana shunday binoda xizmatlarimiz soni ham oshishi aniq.

Yangi binoni foydalanishga topshirish marosimida Davlat xizmatlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi boshligʻi Mahmudjon Abdijaliyev hamda Xoʻjaobod tumani hokimi Zohidjon Ahmadaliyev markazlar uchun bunday zamonaviy binolarning qurilishi birinchi navbatda aholiga zamonaviy va qulay davlat xizmatlarini koʻrsatishga qaratilgani va bu boradagi ishlar keng koʻlamda davom etishini taʼkidladi.

Qayd etish darkor, Davlat xizmatlari markazida avvallari shu yerning oʻzida talabga javob bermagan binoda aholiga xizmat koʻrsatib kelar edi. Sharoitlar yetarli darajada emasligi bois, fuqarolarni qabul qilish, murojaatlarini tez va sifatli amalga oshirishda qiyinchiliklarga duch kelardi. Endilikda bunday mushkulotlarning barchasiga barham berildi. Zamonaviy dizayn asosida qurilgan binolar tuman aholisi uchun mustaqillik bayrami oldidan juda katta tuhfa boʻldi.

Umidjon Mamarasulov,

Davlat xizmatlari agentligi Andijon

viloyati boshqarmasi yetakchi maslahatchisi