Dastur doirasida “Yuksalish” umummilliy harakati hamda Fargʻona viloyati “Taraqqiyot” aholi turmush tarzini rivojlantirish markazi bilan hamkorlikda “Oʻzbekistonning chekka qishloq hududlarida pandemiya sharoitida qarorlar qabul qilishda aholining ehtiyojmand qatlami ishtirokini oshirish” loyihasi amalga oshirilyapti. Loyiha mamlakatimiz hukumatiga koʻmaklashishga qaratilgan.
Loyihaning asosiy maqsadi – mahalliy hokimliklar va tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikda qishloq aholisining ehtiyojlarini baholash va manzilli yordam koʻrsatish, mahalliy kichik infratuzilmani tiklash, yaxshilash boʻyicha inklyuziv yondashuvlarni amalga oshirishdan iborat.
Loyiha davomida (18 oy, byudjeti – 400 ming yevro) Andijon, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarining olis qishloq hududlaridagi aholiga yordam koʻrsatishga koʻmaklashish koʻzda tutilgan. Bular:
- 12 ta chekka qishloq hududidagi 350 ta ehtiyojmand oilaga pul mablagʻi tarqatish;
- Kichik infratuzilma (ichki yoʻllar, kichik koʻpriklar, elektr simlari va ustunlari, transformator, suv nasoslari va boshqa)ni takomillashtirish;
- OSHP va QVPlarni COVID-19ga qarshi maxsus toʻplamlar bilan taʼminlash.
Bugungi kunga kelib, “Yuksalish” umummilliy harakati va “Taraqqiyot” aholini turmush tarzini rivojlantirish markazi vakillari respublikaning uchta viloyatidan 6 ta tuman va 12 ta mahalla fuqarolar yigʻinidagi ehtiyojmand oilalar roʻyxatini shakllantirdi, kichik infratuzilma muammolarini aniqladi.
21-sentyabrda Jalaquduq tumani hokimligi binosida, 22-sentyabrda esa Xonobod shahri hokimligi binosida loyiha doirasida qilingan ishlarning taqdimoti oʻtkazildi. Unda loyiha tashkilotchilari, mahalliy hokimliklar, tuman (shahar) ishchi guruh vakillari, mahalla faollari ishtirok etdi. Qayd etilganidek, joriy yilning iyun oyida loyihaning birinchi bosqichini amalga oshirish Andijon viloyatida boshlandi. Buning uchun Xonobod shahrining “Istiqlol” va “Navoiy” mahalla fuqarolar yigʻinlari, Jalaquduq tumanining “Namuna” va “Gʻalaba” mahalla fuqarolar yigʻinlari tanlab olindi. Dastlab ishchi guruh hamda MFYlar faollari ishtirokida maslahat uchrashuvlari oʻtkazildi. Uchrashuvlarda har ikki hududdagi 70 dan ziyod MFYlar maʼlumotlari (ehtiyojmandlar, nogironligi boʻlgan shaxslar, boquvchisiz qolgan koʻp bolali yolgʻiz ayollar, qariyalar soni) tahlil qilindi. Mahallalardagi ehtiyojmand oilalar roʻyxati tuzildi, kichik infratuzilmaviy muammolar aniqlab olindi. Soʻng, joyiga chiqib oʻrganildi: ehtiyojmandlar uylariga borildi, ular bilan suhbat qurildi, ichki koʻcha yoʻllari holati, suv manbalari, elektr taʼminoti – elektr simlari, ustunlari, transformatorlar koʻzdan kechirildi.
Shu bilan birga, Qishloq vrachlik punktlari (QVP), Oilaviy shifokorlik punktlari (OSHP)ning sharoitlari oʻrganildi. Hozirda ularga tibbiy buyumlar va uskunalar sotib olish uchun tender eʼlon qilingan.
Tadbirda 116 nafar ijtimoiy yordamga muhtoj fuqarolarga pul mablagʻlari (plastik kartada 3 779 100 soʻmdan) tarqatildi.
Qayd etish kerak, loyiha davomida mahallalardagi ehtiyojmand oilalarni, infratuzilmaga tegishli muammolarni aniqlash jarayonida aholining oʻzi bevosita ishtirok etdi. Bunda yechim topilishi kerak boʻlgan masalalarni yaqqol tasavvur qilish imkoni boʻldi. Eng muhimi, jamiyat hayotida, qarorlar qabul qilishda fuqarolarning erkin ishtiroki taʼminlanyapti. Ularning manfaati yoʻlida qilinayotgan oʻzgarishlarda shunchaki kuzatuvchi boʻlib qolmayapti, aksincha, jarayonlarda faol ishtirok etib, turli tashabbus va takliflarini ilgari suryapti.
“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.