Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Urganch shahar boʻlimi va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro N.B. otasi B.B. bilan Urganch tumani, “Qumrabod” MFYdagi turar-joy binosi va Urganch shahri “Ashxobod” MFYda joylashgan omborxonada qoʻlbola usulda alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyati bilan shugʻullanib kelganliklari aniqlanib, ushbu yashirin sexlardan 388 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsuloti, 95 ta yelim idishda 475 litr spirt va boshqa ishlab chiqarishda foydalaniladigan buyumlar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Shuningdek, Departamentning Xiva shahar boʻlimi va IIB xodimlari hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Urganch shahrida yashovchi M.R. “Arboblar” MFYdagi xonadonda qoʻlbola usulda alkogolli mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yashirin sex tashkil etganligi aniqlanib, ushbu sexdan 7 turdagi jami 4 614 dona qalbaki alkogol mahsulotlari, 817 dona turli nomdagi alkogolli ichimliklar qutilari va boshqa ishlab chiqarishda foydalaniladigan buyumlar ashyoviy dalil sifatida olindi.