Xorazmda belgilanmagan joyga chiqindi tashlaganlar jarimaga tortildi

    Xorazm viloyatida belgilanmagan joyga chiqindi tashlash bilan bogʻliq navbatdagi holatlar aniqlandi.

    Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi xabar berdi.

    Qayd etilishicha, ushbu huquqbuzarliklar Ekologiya vazirligining Dispetcherlik va onlayn monitoring markaziy boshqarmasi tomonidan oʻrnatilgan onlayn kuzatuv kameralariga tushgan.

    Xususan, Xiva shahri Sangar MFY hududida fuqarolar S.U., A.M., A.B., A.A., I.M., S.M., X.B., Sh.I., X.Sh., Y.I., M.U., V.B., B.D. tomonidan belgilanmagan joyga chiqindi tashlangan. Shuningdek, Xiva shahar Guliston MFYda A.A. va A.Sh., Urganch shahar “Sanoatchilar” koʻchasida esa A.A. tomonidan xuddi shunday huquqbuzarlik sodir etilgan.

    Ularga nisbatan MJtKning tegishli moddalari bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Huquqbuzarlarga BHMning 1 barobari — 340 ming soʻmdan jarima belgilandi. Shu bilan birga, Urganch shahrida chiqindi tashlagan A.A.hamda Xiva shahrida chiqindi tashlagan A.A.lar BHMning 2 baravari — 680 ming soʻm hamda 3 baravari — 1 million 20 ming soʻm miqdorida jarimaga tortildi.

    Maʼlumot uchun, onlayn kuzatuv kameralari nafaqat belgilanmagan joyga chiqindi tashlash, balki boshqa turdagi ekologik huquqbuzarliklarni ham aniqlab, bartaraf etishga imkon beradi, — deyiladi xabarda.