26-iyun kuni soat 00:10 atrofida Xorazm viloyati Xiva shahrida Damas avtomashinasi haydovchisi shahar IIB boshligʻini urib yubordi.

Viloyat IIB matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, 30 yoshli Damas haydovchisi shahar IIB maʼmuriy binosi oldida koʻchani piyoda kesib oʻtayotgan shahar IIB boshligʻi podpolkovnik Botir Otajonovni urib yuborgan. 

Shundan soʻng u yoʻl chetida turgan, oʻz oʻrinbosari podpolkovnik J.Rametovga tegishli boʻlgan Lacetti mashinasining orqa tomoniga urilib, jarohat olgan. Biroq haydovchi Damasni hodisa joyida qoldirib, oʻzi voqea joyidan qochib ketgan.

Tezkor-qidiruv ishlari natijasida haydovchining yashiringan joyi aniqlanib, alkotester yordamida koʻrikdan oʻtkazilganda unda 0,403 mg/l miqdorida mastlik holati aniqlangan.

Jabrlanuvchi ogʻir ahvolda shifoxonaning jonlantirish boʻlimiga yotqizilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.