баннер
23 Mar 2025
19:02

    Xorazmlik 11-sinf oʻquvchisi frilanserlik ortidan 500 dollardan ziyod daromad topmoqda

    Ish beruvchilarga Javohirning oʻz ishiga yondashuvi yoqqani sababli unga foydalanishi uchun eng zamonaviy texnologiya vositalarini ham olib berishgan.

    Urganch shahridagi 5-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabining 11-sinf oʻquvchisi Javohir Maqsudov yosh boʻlishiga qaramay bugun zamonaviy kasblarni oʻrgangan holda oʻqish bilan bir maromda frilanserlik ortidan daromad topmoqda.

    Javohir 15 yoshidan zamonaviy kasblarni oʻrganish maqsadida dasturlash, kopirayting, grafik dizayn, mobilografiya, montajyorlik, vizual piar hamda SMM sohalarini mukammal oʻrganishni boshlagan.

    «9 yoshimda otam uyimizga noutbuk olib kelib, uni boshdan oyoq tushunib, kompyuterda bemalol ishlaydigan boʻling, mabodo kompyuter ishdan chiqib qolsa ham, oʻzingiz taʼmirlab, barcha dasturlarni qanday ishlashini oʻrganib oling, deb qoʻlimga topshirgan edi. Bu mendan AyTi sohasini jiddiy oʻrganishimga turtki boʻldi» — deydi qahramonimiz.

    Ayni vaqtda Javohir zamonaviy kasblarni oʻrganish ortidan, kreativ fikrlash qobiliyati, ijodiy salohiyati sababli “KHISO” Olympiads School, “Urganch sohil boʻyi uylari” qurilish kompaniyasi, “Unify” oʻquv markazi hamda Yoshlar ishlari agentligining Xorazm viloyati boshqarmasida frilanser sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

    Ish beruvchilarga Javohirning oʻz ishiga yondashuvi yoqqani sababli unga foydalanishi uchun eng zamonaviy texnologiya vositalarini ham olib berishgan.

    Javohirdan til bilish darajasi haqida soʻraganimizda, IELTSʼdan 6,5 balli borligini aytdi. Hozirda esa Javohir Vestminister xalqaro universitetiga oʻqishga kirish uchun tayyorgarlik koʻrmoqda. Uning maqsadi AyTini yanada chuqur oʻrganish, uning yangi qirralarini kashf etish va yoshlarga oʻrgatishdan iborat.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech