Hujjatda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining xorijiy davlatlarga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan fuqarolarni sogʻligʻi va hayotini ixtiyoriy sugʻurta qilish tizimini joriy etish haqidagi taklifiga rozilik berilishi belgilangan.
Qaror loyihasiga koʻra, sugʻurta kompaniyalariga mehnat migrantlari uchun imtiyozli tariflar boʻyicha yangi sugʻurta mahsulotlarini ishlab chiqish va joriy etish tavsiya etiladi. Ular quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
- xorijda vaqtincha mehnat faoliyati davrida fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini sugʻurtalash;
- ishga joylashish uchun patent yoki boshqa ruxsatnoma berilmasligi xavfini sugʻurtalash;
- mehnat migrantlariga berilgan transport va boshqa xarajatlar uchun kreditlarning qaytarilmasligi tavakkalchiligini sugʻurtalash;
- Oʻzbekistonda ixtiyoriy tibbiy sugʻurta polisi berish yoki xorijdagi assistans xizmatlari orqali tibbiy yordam koʻrsatish tizimini joriy etish.
Shuningdek, sugʻurta qoplamasini sugʻurta badali toʻlangan valyutada toʻlash, hamda mehnat migrantlarining hayotini uzoq muddatli sugʻurta qilish mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish nazarda tutilgan.
Jumladan,
- agar sugʻurta qilingan shaxs vafot etsa yoki mehnatga layoqatini yoʻqotsa (I yoki II guruh nogironligi) — sugʻurta summasi toʻliq toʻlanadi;
- agar u belgilangan yoshga yetsa — sugʻurta summasiga qoʻshimcha ravishda sugʻurta tashkilotining investitsiya daromadidan ulush beriladi.
Shu bilan birga, tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarning hayoti, sogʻligʻi va boshqa tavakkalchiliklarini sugʻurtalash tartibi alohida nizom bilan tasdiqlanishi koʻzda tutilgan.


