Aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

    Hujjatlar 2 Oktabr 2023 4880

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

    Ijtimoiy himoyani mahalla darajasida tashkil etish, ijtimoiy xizmat va yordamlarni kompleks yondashuv asosida ko‘rsatish, aholi og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolishining oldini olish, shuningdek, ijtimoiy himoyaning manzilliligi va samaradorligini oshirish hamda aholining ko‘makka muhtoj qatlami ijtimoiylashuvini ta’minlash maqsadida:

    1. 2023 yil 15 oktyabrdan boshlab 1-ilovaga muvofiq dastlab 28 ta tuman (shahar)larda eksperiment tariqasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari va ijtimoiy xodimlar guruhlari ko‘rsatadigan ijtimoiy xizmatlar va yordamlarning yangi tizimi yo‘lga qo‘yilsin.

    2. Quyidagilar tuman (shahar)lardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlaridagi ijtimoiy xodimlar guruhlari (keyingi o‘rinlarda – ijtimoiy xodimlar)ning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:

    og‘ir ahvolga tushib qolgan va og‘ir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar va oilalarga (keyingi o‘rinlarda – ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi) bevosita mahalla darajasida kompleks yondashuv asosida professional ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish;

    ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining ehtiyojlari va mavjud imkoniyatlarini baholash orqali ularga individual tartibda ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish rejalarini (keyingi o‘rinlarda – individual ijtimoiy xizmatlar rejasi) ishlab chiqish;

    individual ijtimoiy xizmatlar rejasiga muvofiq ijtimoiy xizmatlar va yordamlarning ko‘rsatilishini tashkil qilish, shuningdek, zarur hollarda individual ijtimoiy xizmatlar rejasiga tegishli tuzatishlar kiritib borish;

    ichki resurslarni, shu jumladan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘ngillilarni (qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shnilar, volontyorlar) ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatishga jalb qilish hamda ularning mazkur sohadagi faoliyatini muvofiqlashtirish;

    aholiga davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmatlar va yordamlar to‘g‘risida, shuningdek, aholining mazkur xizmatlarni olishga bo‘lgan huquqlari bo‘yicha tushuntirish berish.

    Bunda, davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatishda ijtimoiy xodimlarga har tomonlama ko‘mak berish bo‘yicha shaxsan mas’ul va javobgar hisoblanadi.

    3. Belgilansinki:

    2023 yil 15 oktyabrdan boshlab talabgorlarni o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi yoki yolg‘iz keksa va nogironligi bo‘lgan shaxs deb e’tirof etish yoki bekor qilish, shuningdek, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar ro‘yxatiga kiritish (undan chiqarish) “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining qaroriga asosan amalga oshiriladi;

    “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari direktorlariga muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini Agentlik huzuridagi uy-joy fondiga ega bo‘lgan muassasalarga olti oy muddatgacha vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish huquqi beriladi.

    4. Respublika miqyosida ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga doirchora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    5. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov mazkur qarorga 1-ilovada ko‘rsatilgan 28 ta tuman (shahar)larda ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatilishining yangi tizimini yo‘lga qo‘yish jarayonida yuzaga keladigan tizimli muammolarni bartaraf etish choralarini ko‘rib borsin.

    Qayd etilsinki, eksperiment davrida tuman (shahar) hokimliklari “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarida aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlarni ko‘rsatish tizimini tashkil etish bo‘yicha
    “yo‘l xaritalari”ni tasdiqlaydi.

    6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi – Agentlik direktori M.P. Olloyorov ikki oy muddatda eksperiment natijasi bo‘yicha ijtimoiy xizmatlar va yordamlar tizimini barcha hududlarda joriy etish bo‘yicha taklif kiritsin.

    7. O‘rnatilsinki:

    Agentlik hamda uning hududiy bo‘linmalari tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar va bolalar bilan ishlash bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi;

    ijtimoiy xodimlar faoliyatining samaradorligini baholash mezonlari o‘rnatilgan tartibda Agentlik tomonidan tasdiqlanadi;

    ijtimoiy xodimlar faoliyatining samaradorligini baholash natijalari bo‘yicha to‘lanadigan mukofotlar Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi;

    Ijtimoiy inspeksiya va uning hududiy boshqarmalariga Agentlik tomonidan faoliyati muvofiqlashtiriladigan vazirlik va idoralar hamda ular tizimidagi tashkilotlarga ularning ijtimoiy xizmat
    va yordamlarni qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rsatmagan (yoki to‘liq bo‘lmagan hajmda ko‘rsatgan) xodimlariga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llash to‘g‘risida taqdimnomalar kiritish vakolatlari beriladi.

    Belgilansinki, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari hamda ijtimoiy xodimlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq davlat xaridlari, istisno tariqasida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish orqali amalga oshiriladi.

    8. Adliya vazirligi:

    2023 yil 1 noyabrga qadar Agentlik bilan birgalikda “Ijtimoiy xizmat darchalari”ning asosiy faoliyat yo‘nalishlarini belgilovchi reglament tasdiqlanishini;

    2023 yil 1 dekabrga qadar Agentlik buyurtmasiga asosan “Ijtimoiy xizmat darchalari”ning to‘liq faoliyat olib borishi uchun zarur moddiy-texnik baza, mebel jihozlari, shu jumladan aloqa vositalari (internet, kommunikatsiya va boshqalar) bilan;

    2024 yil 1 yanvardan boshlab davlat xizmatlari markazlari va ularning filiallarida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatishga ixtisoslashgan “Ijtimoiy xizmat darchalari” faoliyati to‘liq tashkil etilishini ta’minlasin.

    9. Quyidagilar:

    a) Agentlik 2023 yil 1 noyabrga qadar:

    “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida (keyingi o‘rinlarda – Ijtimoiy himoya AT) ijtimoiy xizmatlarni muvofiqlashtiruvchi alohida elektron modul (e-case) ishlab chiqilishini hamda uning faoliyat ko‘rsatishini;

    Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlaridagi ijtimoiy xodimlar tomonidan fuqarolarning arizalarini onlayn qabul qilish tajribasi mazkur qarorga 1-ilovada belgilangan 28 ta tuman (shahar)larda eksperiment tariqasida amalga oshirilishini ta’minlasin;

    b) Raqamli texnologiyalar vazirligi, Agentlik Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan birgalikda 2023 yil 1 dekabrga qadar Ijtimoiy himoya ATгa “Mehr daftari”, “Saxovat va ko‘mak”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” axborot bazalari, shu jumladan ushbu daftarlarga kiritilgan fuqarolar hamda ularga tayinlangan to‘lovlar to‘g‘risida ma’lumotlar integratsiyasini ta’minlasin.

    10. Agentlik:

    a) 2024 yil 1 yanvarga qadar:

    Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan birgalikda “mahalla yettiligi” tomonidan yagona savolnoma asosida mahallada ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi muammolarini aniqlash tizimi yo‘lga qo‘yilishini;

    og‘ir ahvolga tushib qolgan va og‘ir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori bo‘lgan aholi toifalarini aniqlash yuzasidan takliflar Hukumatga kiritilishini ta’minlasin;

    b) 2024 yil 1 martga qadar davlat tomonidan ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatishda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish shartnomasini tuzish amaliyotini joriy etish bo‘yicha takliflar Hukumatga kiritilishini ta’minlasin.

    11. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondiga Agentlik buyurtmasi asosida tegishli nodavlat notijorat tashkilotlariga mablag‘lar ajratib borish tavsiya etilsin.

    12. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda:

    “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari va mahallalarda ijtimoiy xodimlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq jarayonlarni qamrab oluvchi tegishli Hukumat qarorini;

    Ijtimoiy himoya AT tizimiga integratsiya qilinadigan elektron ma’lumotlar bazalari va idoralararo ma’lumotlar almashinuvi ro‘yxati tasdiqlanishini ta’minlasin.

    13. Agentlik vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga
    takliflar kiritsin.

    14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

    15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi – Agentlik direktori M.P. Olloyorov belgilansin.

    Qaror ijrosini muhokama qilib borish, mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

    Sh. Mirziyoyev

    Toshkent shahri,

    2023 yil 28 sentyabr