Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati xabariga koʻra, viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari U.Butayev bilan davlatimiz rahbarining 2020-yil 15-sentyabrdagi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan uchrashuv oʻtkazilib, joriy yilda viloyatda xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida boʻlgan fuqarolarni kasb-hunar va chet tillariga oʻqitish koʻlamini kengaytirish, xorijiy davlatlarning vakolatli tashkilotlari hamda ish beruvchilari bilan hamkorlik oʻrnatish, mehnat migrantlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qaytib kelgan mehnat migrantlarining bandligini taʼminlash kabi masalalar muhokama qilindi.
Shu yerning oʻzida xorijga ketgan fuqarolar va ularning oila aʼzolaridan xabar olish va muammolarini aniqlash boʻyicha viloyat Ishchi guruhi aʼzolari hamda namunali mahallalar raislari, inspektorlari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Qarshi shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazining qurilish ishlari bilan tanishilib, qurilish-taʼmirlash hamda jihozlash ishlari boʻyicha topshiriqlar berildi.
Bosh vazir maslahatchisi M.Xayriddinov hamda bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi oʻrinbosari E.Muhitdinov Shahrisabz shahri, Kitob va Shahrisabz tumanlariga tashrif buyurdi.
Dastlab Shahrisabz shahar hokimligida masʼullar, mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari va profilaktika inspektorlari bilan uchrashuv tashkil etildi. Shahrisabz shahridagi kasb-hunarga oʻqitish markazi (KOISA) oʻquv jarayoni bilan tanishilib, yaratilgan sharoitlar koʻzdan kechirildi. Mehnat migratsiyasi sohasida yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar yuzasidan targʻibot ishlarini olib borish ishlari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Shahrisabz shahrining “Xabarlik” MFYda yashovchi xorijga ketgan fuqarolar va ularning oila aʼzolaridan xabar olish, muammolarini aniqlash va joyida hal qilish maqsadida uyma-uy yurgan holda aholi bilan suhbat oʻtkazildi.
Shahrisabz shahridagi 1-sonli kasb-hunar maktabida qurilish sohasi boʻyicha malakali mutaxassislarni tayyorlash markazining qurilish-taʼmirlash ishlari bilan tanishilib, jihozlash ishlari boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi.