Xorijda oʻqigan oʻzbek jadid ayollarining “aybi” nima edi?

    Suhbat 8 Mart 2023 6647

    “...Jonim azobda qoldi. Yuragimni ochib soʻzlaydigan kimsam yoʻq. qalbimni qogʻozga toʻkib solmoqchiman. Shu niyatda qoʻlimga qalam oldim. Menim vijdonim pok edi.

    Men berilib, vijdon bilan mehnat qilardim. ammo hech qachon jinoyat qilmagan esam-da, meni yana qamoqxonaga tashladilar. o, qanchalar azobda qolganimni bilsalar edi... 1954-yilda yana yurtimga qaytib keldim va urganchning qoramon qishlogʻida ishlay boshladim... ...Matbuot — ijtimoiy hayot maktabidir! Matbuot — kishilarni olgʻa undovchi bayroq! Shunday ekan, mening nega gazeta oʻqishim mumkin emasligini tushuna olmayman. ona yurtida nima boʻlayotganidan bexabar kishi unga qanday xizmat qila oladi, oʻz xalqiga qanday foyda keltira oladi?”.

    Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi ilmiy xodimi Bahrom Irzayev hamrohligida oʻzbek jadid xotin-qizlarining maqolalari va maktublari bilan tanishar ekanmiz, oʻsha suronli yillarda yangi bir hayot qurish istagida katta yoʻlga otlangan jadid bobolarimiz safidagi oʻzbek ayollari qismati hukmron zamonning shafqatsiz mashinasi ostida yanchib tashlanganiga guvoh boʻlamiz. Biroq... ularning qisqa boʻlsa-da, ibratli qismati biz uchun oʻlmas saboqdir!

    Ona yurtimiz, millatimiz ravnaqi, ilmu maʼrifati yoʻlida jon bergan bobolarimiz va momolarimiz nomlarini takror-takror tilga olgan daqiqalarda ularning ezgu gʻoyal ari qalbimizda tirilgani sayin oʻzimiz ham ana shu buyuk kuch — Ona Vatan shaʼni, qadri uchun ilm olishimiz, kurashishimiz, yashashimiz va ijod qilishimiz kerakligini yanada chuqurroq anglay boshlaymiz.

    — Bahrom aka, manbalar bilan tanishayotgan chogʻimizda bir gapni taʼkidlab aytdingiz: “...Oʻzbek jadid ayoli Maryam Sultonmurodovadan bolsheviklar nihoyatda hayiqar edi”. Jadid bobolarimiz safida turib yurt va millat ravnaqi yoʻlida kurashgan oʻzbek xotin-qizlarining zamondoshlaridan ustun jihatlari, fazilatlari qaysi voqeliklarda koʻzga tashlanadi? Maryamxonning “aybi” nima edi?

    — Ajdodlarimiz onalarga millat egasi sifatida qarashgan. Axir buyuk insonlarni ilm-maʼrifati yuksak onalar yetishtiradi. Millatimizda katta olima, shoira va faqiha ayollar koʻp boʻlgan. Jadid ayollar mavzusi esa alohida tadqiqotlarni talab qiladi. Eng avvalo, jadid bobolarimiz oʻsha zamon kishilari ongida xotin-qizlarga boʻlgan alohida hurmat va ehtirom tuygʻusini uygʻota bilgan. Ular millat farzandlarini “qoʻli toʻqmoq, boshi pahmoq” ezilgan ayollar tarbiyalashini istamagan. “Biz qizlarimizga oʻgʻil bolalardan kam eʼtibor qaratmasligimiz kerak”ligini qayta-qayta taʼkidlashgan.

    Shohi Zindaga borsangiz, Amir Temur davri maqbaralari ichida qabrlarning eng koʻpi ayollarga tegishli ekaniga guvoh boʻlasiz. Ayniqsa, tariximizda xotin-qizlar nomidagi madrasalar koʻp ligini aytm aysizmi? Demak, zukko momolarimiz azaldan ilm-fanga homiylik qilishni oʻzlariga faxr deb bilgan. Ana shunday xotin-qizlarimizning davomchilari safidagi Maryamxon Sultonmurodova ham Germaniyada tahsil olgan. Undan bolsheviklar chindan ham hayiqishar edi. Chunki u xorazmlik haqgoʻy va taraqqiyparvar inson Jumaniyoz Sultonmurodovning qizi boʻlgan. Jumaniyoz Sultonmurodov Harbiy tribunal rahbari, Xorazm Xalq Respublikasi Xalq komissarlari Kengashi raisi, Xorazm kompartiyasi kotibi lavozimlarida ishlagan. Maryam Sultonmurodova 1919-yilda Toshkentdagi maorif maktab gimnaziyasini tamomlagach, oliy maʼlumot olish maqsadida 1920-1921-yillarda Orenburg tatar pedagogika institutida oʻqiydi. 1921-yil yozgi taʼtilda Xorazmga kelgach, Xorazm kompartiyasi Markaziy Kengashida avval adabiy boʻlimga, soʻng ayollar boʻlimiga rahbarlikka tayinl anadi. Biroq ogʻir tarixiy sharoit va qiyinchiliklar unga koʻnglidagidek ishlash imkonini bermaydi. Natijada 1922-yil iyulda Toshkentga kelib, Oʻrta Osiyo davlat universitetining ishchi fakultetiga hujjat topshiradi. 1922-yil oktyabrida Maryam Sultonmurodova Buxoro hukumati tomonidan Germaniyaga oʻqish uchun yuborilayotgan talabalar safiga kiritiladi. U 1924-1926-yillar Darmshtadt oliy seminariyasida taʼlim oladi. 1926-1927-yillarda esa Berlin yaqinida Potsdam shahridagi “Fraunshulle” maktabida amaliyot oʻtadi. 1927-yil yozgi taʼtil vaqtida Xayriniso Majidxonova bilan birga 29-iyuldan 18-avgustgacha Parij shahrida boʻladi. Ularning Parij opera teatri oshxonasida Ahmad Naim va Mustafo Choʻqaylar bilan 2-3 daqiqalik uchrashuvi keyinchalik qatagʻon etilishi uchun asosiy bahona boʻlgandi. 1927-yil kuzidan Maryam Berlin shahrining Vedding tumanidagi professor Finkelshteynning olti oylik hamshiralik kursini bitirib, 1928-yil SSSRga qaytgan.

    Maryam Sultonmurodova Vatanga kelishi bilan soʻroq, taʼqiblar boshlanib ketdi. Avvaliga hech joydan ish berishmadi. Faqat 1929-yil fevral oyida Germaniyada taʼlim olgan Badri Sayfulmulk yordamida Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash komissarligiga qarashli bolalik va onalikni asrash institutiga hamshira boʻlib ishga kiradi. Maryam 1929-yilning oxirlarida Asqar Ahmadbekov bilan oila qurib, 1933-yilgacha Kattaqoʻrgʻonda yashagan. Eri qamoqqa olingach, 1933-yil Toshkentga qaytib, Oʻrta Osiyo davlat universitetiga ishga kirdi. Biroq 1934-yil yana ishsiz qoldi.

    Soʻng “Guliston” jurnaliga, 1936-yildan ayollarning “Yorqin turmush” jurnaliga adabiy xodim boʻlib ishga kirdi. Maryam oʻzbek matbuotida oʻzining olmon adabiyotidan qilgan tarjimalari va ayollarning oʻtkir ijtimoiy muammolariga bagʻishlangan maqolalari bilan elga tanila boshladi. 1937-yil 13-sentyabr kuni Maryam Sultonmurodova Germaniyada oʻqigan, “Turkis ton” josuslik tashkiloti aʼzosi deb, olti oylik norasida qizi Anora bilan qamoqxona azoblariga giriftor etilgan. Jazo muddati tugagach vatanga qaytib, Urganch tumani, Yangibozor fuqarolar yigʻinida hamshira boʻlib ish boshladi. Biroq uning xursandchiligi yana uzoqqa bormadi. U 1949-yil 30-martda qayta qamoqqa olindi va bu gal ham eski “jinoyatlari” uchun uzoq Krasnoyar oʻlkasiga surgun qilindi.

    Maryam Sultonmurodova 1957-yil 2-avgustda SSSR Oliy Sudi harbiy kollegiyasi tomonidan oqlandi. Biroq u toʻliq oqlanganidan keyin ham roʻshnolik koʻrmadi. Taʼqib toʻxtamadi, sevgan sohasi jurnalistika bilan shugʻullanish u yoqda tursin, uning matbuot sahifalarini oʻqishiga ham toʻsqinlik koʻrsatildi.

    Bu haqsizliklar ham Maryamning irodasini sindira olmadi, oʻzini bir lahza boʻlsin aybdor deb bilmadi. Haqiqatga ishondi, insoniyligini yoʻqotmadi. Bu bilan shoʻrolar tuzumining sharmandali tarixida inson matonati timsoli sifatida qoldi. Maryam Sultonmurodova qalamiga mansub “Mehr koʻzda”, “Kutilmagan baxt”, “Qalbim nidosi”, “Rahmat desinlar”, “Majnuntol”, “Karvonlar kelganda”, “Betamiz yigit” kabi koʻplab maqola va ocherklar bu ayolning yuksak iqtidoridan darak beradi.

    — Choʻlponning 17 yoshli shogirdi Matluba Muhammad xonimning “Mudom Chorning qoʻlida koʻp ezilgan millatim”, degan misralar bilan boshlanguvchi sheʼri oʻsha davrda shoʻrolar mamlakatini larzaga solgan ekan. Bu sheʼr yevropa matbuotida qayta-qayta nashr etilgach, shoʻrolar isteʼdodli shoira tahsil olayotgan Moskvadagi Oʻzbek maorif institutini yopgan deyishadi...

    — Darhaqiqat, bir shaxsiyatning isyonli ovozi butun bir mamlakatga zarba bergan. Siz hozir Matluba xonimning “Kurtulush yoʻlinda” nomli sheʼrini yodga oldingiz. Ushbu sheʼrni Sattor Jabbor nemis tiliga tarjima qilgach, ushbu oʻtli misralar mashhur boʻlib ketadi. “Shoʻrolar qanchalik bosim qilmasin, adabiyotimiz Choʻlponlarni yetishtirishda davom etmoqda, millatning orzu-maqsadlari shu fidoyi qizning qalbidan otilib chiqmoqda”, deydi faxr bilan tarjimon.

    Matluba Muhammad Margʻilonning mashhur jadid muallimi Nurmuhammad Dadamuhammedovning qizi. U oʻz zamonasining iqtidorli yoshlaridan edi. Matluba 1926-yilgacha Qoʻqon bilim yurtida tahsil oladi. 1927-yil oʻqishini Toshkentdagi ayollar bilim yurtiga koʻchirib, soʻng opasi Mahbuba Dadamuhammedovaning izidan borib Moskvadagi Oʻzbek maorif institutiga oʻqishga kirdi. U yerda mashhur shoir Choʻlpon, Botu, Shokir Sulaymonlardan sheʼriyat sirlarini oʻrgandi. Shokirjon Rahimiy, Qayum Ramazon, Abdulhay Tojiyevlar suhbatidan bahramand boʻldi. Matluba, ayniqsa, oʻzbek talabalarining maʼrifiy kechalarida Choʻlponning vatanparvarlik mavzusidagi otashin sheʼrlarini oʻqib, oʻzi ham shu mavzuda sheʼrlar yozib juda mashhur boʻlib ketgan. Uning bu shuhrati shoʻro mamlakati chegaralaridan chiqib, Yevropa matbuotigacha borib yetadi. Va bu “mashhurlik” tufayli Moskvada “Komsomolskaya pravda” gazetasida unga qarshi maxsus maqola chop etilgan va natijada u oʻqishdan haydalgan. Koʻp oʻtmay Matluba ariza yozib, oʻziga qoʻyilgan ayblarning tuhmat ekanligini isbotlab, oʻqishiga tiklanadi. Bunga bir tomondan Oʻzbekiston hukumatining aralashuvi, ikkinchi tomondan, Matlubaning Italiya elchixonasiga fuqarolik soʻrab murojaat etishi ham sabab boʻlgan.

    Sovet hukumati Oʻzbek maorif institutini yopib muammoga yechim topgan edi goʻyo.

    Matlubaxon esa Toshkentga qaytmasdan Moskvadagi musiqa texnikumiga kirib oʻqishini davom ettirgan. 1929-yil Leningrad arxitektura instituti talabasi Vosiq Muhammedov bilan tanishadi. 1933-yil Toshkentga kelgan Vosiq Muhammedov Matlubaga uylanadi. Vosiq Muhammedov (1905-1938) oʻz vaqtida Munavvarqorining “Namuna” maktabi iftixori, Fitratning “Chigʻatoy gurungi” ishtirokchisi, “Koʻmak” uyushmasining faollaridan edi. U oʻz zamonasining tengsiz yigitlaridan boʻlgan. Vosiq Muhammedov va goʻzal Matlubaxon hayotlarining eng shirin damlariga ham Stalin boshliq totalitar tuzum oʻzining jirkanch panjasini soldi. 1937-yil 17-dekabr kuni qamoqqa olingan Vosiq Muhammedov 1938-yil 5-oktyabr kuni otib tashlangan. 1938-yil 17-yanvar kuni Toshkent tibbiyot institutining 3-bosqich talabasi Matluba Muhammad ham qamoqqa olinadi. 19-yanvar kuni ilk soʻroqda u turmush oʻrtogʻining davlat va xalq oldida hech qanday aybi yoʻqligini bayon qildi. 1938-yil 21-fevralda ikkinchi soʻroqda opasi Mahbuba va uning turmush oʻrtogʻi, Germaniyada tahsil olib qaytgan kimyogar olim Sattor Jab borning ham aybsizligini taʼkidlagan. Biroq qoʻyilgan birorta ayblovning isbotlanmaganiga qaramay, 1938-yil 17-may kuni Toshkent viloyat sudi tomonidan Matluba Muhammedova 10 yilga qamoqqa hukm etildi. U nohaq jazoni sovuq Sibirning Usolskiy lagerida oʻtadi. 1940-yil 26-fevralda Matluba Muhammedovaning arizasi qayta koʻrilib, u oqlanishga erishdi. Vatanga qaytgach, urush yillarida Tibbiyot institutini tugatdi. 1937-yil arxitektura institutida talabalik yillarida qamalib ketgan ukasi Fatxulla urushdan soʻng Vorkutadagi qamoqxonadan ogʻir ahvolda qaytadi. Matluba ukasi uchun Namanganga borib yashab, uni davolaydi. Faqat Stalin vafotidan soʻnggina ular Toshkentga qaytib keladilar. Matluba Muhammad koʻp yillar xalq salomatligi yoʻlida halol mehnat qilib, el-yurt hurmatiga sazovor boʻldi. Bir paytlar Vatan ishqida, istiqlol orzusida otashin sheʼrlar bitgan Matluba Muhammedova Oʻzbekistonning mustaqillikka erishganini oʻz koʻzlari bilan koʻrdi. Jiyanlarining xotirlashicha, millat hurligi, mamlakat mustaqilligi eʼlon qilingan kunlarda cheksiz quvonch yoshlarini toʻkkan ekan.

    Matluba Muhammedova 1998-yili Toshkent shahrida olamdan oʻtgan.

    — Xorijda oʻqib kelgan qizlar nafaqat jadidlar falsafasiga, balki tashqi qiyofasiga ham taʼsir koʻrsatib, hatto yevropaliklarga oʻxshab kiyina boshlashgan ekan. Ayniqsa, germaniyadan oʻqishdan qaytgan, dunyoqarashida katta oʻzgarishlar roʻy bergan yigit-qizlarning xatti-harakatlari barchaning diqqat-markazida boʻlgan. Shu oʻrinda jadid ayollarimiz qisqa vaqt ichida amalga oshirib ulgurgan yangi loyihalar haqida ham aytib oʻtsangiz...

    — Oʻsha davrda qadimchilar va anʼanaviy odatlarga yangilik kiritadiganlar oʻrtasida tortishuv va muhokamalar koʻp boʻlgan. Tabiiyki, bu jarayonda qadimchilar koʻpchilikni tashkil qilgan. Kiyinish masalasidagi eʼtirozlar, gazetaning bidʼat ekani haqidagi targʻibotlar, teatr ni taqiqlash, turmush tarzidagi yangicha yashash imkonlarini rad etish, hatto sunnatda yoʻq deb taomni qoshiq bilan tanovul qilishga ham qarshi fikrlar bildirishlar kun oʻtgani sayin jiddiy bahsu munozaralarga sabab boʻlgani haqiqat...

    Endi oʻzingiz oʻylab koʻring: jadidlarimiz Germaniyaga borganida ketmon chopib dehqonchilik qilayotgan xalq vakili sifatida u yerdagi texnik yangiliklardan hayratlanishi tabiiy emasmidi?..

    U payt larda yorgʻuchoqda yoki suv tegirmonida un qilib yurgan, juvozlarda ishlab yurgan xalqimizning bu vakillari Yevropadagi ulkan kemalarni, zavod va fabrikalarni, osmonda uchayotgan uchoqlarni, poyezdlarni koʻrib juda katta hodisa sifatida qarashgan. Bu yangiliklarning barchasi jadidlar dunyoqarashida inqilob yasaydi va bu ajabtovur voqeliklarni oʻz maqolalarida yozib targʻib etgani tabiiy hol. Oʻz yurtlarida ham shunday oʻzgarishlar boʻlishini juda-juda istashgan. Oʻzlari faoliyat yuritayotgan har bir sohaga yangi nafas olib kirishga bel bogʻlashgan. Oʻz maqolalarini jahon matbuotida chop ettirishadi. Oʻzlaridan oldin xorijga borib, taraqqiyot shabadalaridan bahramand boʻlgan Behbudiy va Isxoqxon toʻra Ibrat kabilarning gaplari yolgʻon emasligiga amin boʻlishadi.

    Jadidlar ruhiyatidagi oʻzgarish va yangilanishlar esa oʻz-oʻzidan oʻsha davr yoshlarida ham ragʻbat uygʻotadi. Yuksalish uchun albatta, ilm-fan taraqqiyoti, fikr rivoji zarurligini his qilgan jadidlar qoʻrqmay harakat qila boshlagan.

    Jonlarini xatarga qoʻyib boʻlsa-da, Yevropaga yaqinlashish tarafdori edi ular.

    — Muhimi, jadidlar oʻzlari faoliyat olib borgan sohalarda yangi loyihalarni amalga oshira boshladilar. Jumladan, Xayriniso Majidxonovaning germaniyadan qaytib keliboq chekka qishloqlarda bolalar koʻrigini tashkil qilishi, tibbiyot borasidagi yangi davolash usullari koʻplab shov-shuvlarga sabab boʻlgan ekan. Birinchi huquqshunos ayol Diloro Yusupova esa oʻzbek huquqshunoslik maktabiga asos solgan ziyolilar safidagi birinchi oʻzbek ayoli edi. Shunday emasmi?

    — 1922-yilning kuzida Germaniyaga tahsil olish uchun Turkiston Respublikasi “Koʻmak” jamiyati tomonidan yoʻllangan 16 nafar talaba orasida Xayriniso Majidx onova alohida ajralib turadi.

    Qizlar uchun oddiy maktabga qatnashning oʻzi jiddiy qarshilikka uchrab turgan bir vaqtda ularning tahsil uchun uzoq xorijga yoʻl olishi ziyo lilar tomonidan ulkan jasorat sifatida baholanadi. Hatto, yosh shoir Botu Xayrinisoning Germaniyaga ketayotgani munosabati bilan “Ehtiyot boʻl, goʻzal qush” degan sheʼr bitadi.

    Xayriniso dastlab Miroboddagi yangi maktabda tahsil olib, rus va nemis tillarini oʻrgangan. Uning dunyoqarashi shakllanishida Turkiston jadid matbuotining, shuningdek, bu vaqtda birinchi oʻzbek xotin-qizlar bilim yurtida oʻqiyotgan opasi Oyposhshaxonning ham taʼsiri katta boʻlgan. 1922-yili “Turkiston” gazetasida chop etilgan Xayriniso Majidxonovaning maqolasida endigina 17 yoshni qarshilagan qizning Vatan istiqboli haqidagi orzu-istaklari oʻrin olgan. Maqolani oʻqir ekansiz, eng avvalo, oʻtgan asrning boshida yashagan bir oʻzbek qizining tafakkuri naqadar kengligi, Vatan taqdiri oldida oʻzini qanchalik daxldor sezishi koʻpchilikni hayratga solishi tabiiy. Muallif “Turkistonning dunyo savdo maydonida tutqon vaziyati XVII asrdan beri tuban darajada qolib keldi... XX asrning boshida ham qoʻshnimiz boʻlgan Eron xalqi siyosiy fikrlar bilan sugʻorilib, oʻz elida sanoat turgʻizish va chetlarning taʼsiridan qutulish yoʻlida qon toʻkkan muddatda bizning Turkis ton tinch uxlamoqda edi... Faqat Russiyadan temir yoʻl kelib, savdo maydoni kengaydi... Bundan ochiq anglashiladirki, bizning moziyimizni porloq qilgʻon — elimizdan oʻtgan karvon yoʻli boʻlsa, istiqbolimizni porloq qilgʻuchi, elimizni jahon savdo maydonigʻa tutoshdirgʻuvchi ulugʻ temir yoʻldir. Ular bizning savdomizni kengaytur, bizga boyliq va obodliq berur va oʻzimizga katta sanoat turgʻazishga imkon ochar”.

    Xayriniso Majidxonova 1923-1924-yillarda Berlinda “Xorijliklar uchun nemis tilini oʻrganish” maktabida oʻqib, oʻrta maʼlumot toʻgʻrisida shahodatnoma oladi. 1924-1926-yillarda Darmshtadtdagi oʻqituvchilar seminariyasida nemis tili va adabiyoti yoʻnalishida oʻqiydi.

    Soʻng ikki yil amaliyotni Berlin shahridagi oʻquv muassasalarida oʻtab, oʻrta maxsus maʼlumot olgani toʻgʻrisidagi diplomni qoʻlga kiritadi. U Berlinda pedagogik amaliyot bilan birga mashhur doktor Fekkelmanning tibbiyot xodimlarini tayyorlovchi xususiy maktabida ham tahsil olgan. Xayriniso Majidxonova 1928-yili yurtimizga qaytib, tibbiyot sohasida oʻrgangan barcha yangiliklarni hayotga joriy qilishga bor kuch-quvvati bilan kirishadi. Hatto olis qishloqlardagi bolalar salomatligini oʻylab tashkil etgan bolalar koʻrigi koʻplab yurtdoshlarimiz eʼtirofiga sazovor boʻlgan. Biroq buyuk maqsadlar yoʻlidan borayotgan Xayriniso Majidxonova navqiron 32 yoshida totalitar tuzumning qonli qatagʻoni girdobiga tortildi. 1937-yilning 13-sentyabrida “1922-1928-yillarda Germaniyada oʻqigan va 1928-yil SSSR hududiga josus sifatida qaytgan”, degan soxta ayblov bilan qamoqqa olingan. 1938-yilning 9-oktyabrida oʻtkazilgan mashʼum “Uchlik” sudi qoʻyilgan ayblarning hech biri isbotlanmaganiga qaramay, unga oʻlim jazosini belgiladi.

    Hukm oʻsha kuni ijro etilgan.

    Birinchi oʻzbek ayol huquqshunosi Diloro Yusupova esa otasi Sobirjon Yusupov bilan birga millatimiz huquqshunoslarining birinchi maktabini yaratishda jonboz lik koʻrsatgani bilan tariximizda oʻchmas iz qoldirdi. Diloro Yusupovaning hayoti otasining siyosiy qarashi tufayli taʼqib va quvgʻinlarda kechdi. U 1922-yil juda yoshligiga qaramay Buxoro Xalq Jumhuriyati tomonidan Moskvaga oʻqishga yuborilgan. U yerda Oʻzbek Maorif instituti qoshida taʼlim oladi. 1926-yilda Diloro Yusupova Toshkent komsomolining okrug qoʻmitasida ish boshladi.

    Ayni paytda Oʻrta Osiyo davlat universiteti (SAGU)ning sud boʻlimiga oʻqishga kirib, 1929-yilgacha tahsilni davom ettiradi. Diloro 1929-yil institutni bitirib, Samarqandga yoʻllanma bilan ishga yuborilgan. U yerda bir yil davomida Suv xoʻjaligi boshqarmasida ishladi.

    Diloro Yusupova Samarqandda Moskvadaligidayoq tanishgan, bu vaqtda OʻzSSR Oliy sudi sudyasi boʻlgan namanganlik Muhammadjon Moʻminov (1903-1938) bilan turmush qurgan. Muhammadjon 1928-yil soʻngg ida “Mamlakatning boshqaruv tizimida Prokuror nazorati” mavzusida yozgan dip lom ishini muvaffaqiyatli himoya qilib, universitetni qizil diplom bilan bitirgan. U 1929-yil Samarqandga kelib, Oʻzbekiston Oliy sudi kollegiyasi aʼzosi boʻldi. 1931-yildan OʻzSSR Yustitsiya xalq komissarligida boʻlim mudiri, 1932-1935-yillarda sotsialistik qurilish va huquq ilmiy-tekshirish instituti direktori boʻldi. Keyinroq M.Moʻminov tashabbusi bilan xuddi shu institut bazasida yuridik institut tashkil etildi.

    Uning gʻayrat-shijoati bilan qisqa vaqtda koʻplab yuridik lugʻat, jurnal, kitoblar chiqarildi. Ayniqsa, 1932-yil “Na fronte teorii gosudarstva i prava” kitobi nashrdan chiqishi katta shov-shuvga sabab boʻlgan ekan. Diloro Yusupova dastlab, Muhammadjonning tavsiyasi bilan aspiranturaga tayyorlandi. Ular 1931-yil Toshkentga koʻchib kelgach, Sovet huquqi ilmiy-tekshirish institutiga oʻqishga kirdi. 1934-yil dekabr oyida institutni bitirish imtihonlarini topshirgach, yoʻllanma bilan Respublika Prokuraturasiga ishga yuborilgan. Diloro sinov muddatidan soʻng 1935-yildan Oʻzbekiston Respublikasi Prokurori yordamchisi lavozimiga tayinlanadi. Yosh oila baxtdan sarmast edi. Ishdagi ziddiyatlar, hasadgoʻy kimsalarning boʻhtonlariga qaramay, ular har kuni yangi-yangi gʻoyalar, asarlar ustida bahslashardi. Ularning bagʻrida farzandlari Marat va Surayyo ulgʻayadi. 1937-yil 29-mart kuni tun allamahalida Uezdnoy koʻchasi 11-uy eshigini nomaʼlum nusxalar taqillatishdi. Qoʻlida orderini koʻrsatib, M.Moʻminovni “Qora qargʻa”ga joylab ketdilar. 1937-yil 22-sentyabr kuni “xalq dushmani” Muhammadjon Moʻminovning xotini, erining troskiychiligini, aksilinqilobiy faoliyatini yashirgan deb 25 yoshli prokuror yordamchisi Diloro Yusupovani ham hibsga olishgan. Uning 6 yoshli oʻgʻli Marat hamda 4 yoshli qizi Surayyo bolalar uyiga yoʻllandi. 1938-yil 4-oktyabrda Muhammadjon Moʻminov 1927-yil Moskvada boʻlgan namoyish rahbarlaridan degan boʻhton bilan otib tashlandi. Shundan soʻng 1939-yil 14-mart kuni Diloro Yusupova ishi koʻrilib, OʻzSSR JK 68-moddasida koʻzda tutilgan jinoyat alomatlari topilmadi, degan xulosa bilan jinoyat ishi toʻxtatilgan. 1939-yil 19-mart kuni undan tergov vaqtida qoʻllangan qiynoq va soʻroqlar haqida hech qachon gapirmaslik haqida tilxat olib, qamoqdan boʻshatishgan. 1956-yil 2-iyun kuni soʻroqda huquqshunos olima Xadicha Sulaymonova ustozi Muhammadjon Moʻminov va Diloro Yusupova haqida shunday deydi: “Men 1932-1935-yillar sovet huquqi instutida oʻqiganimda u kishi direktor edi. M.Moʻminovning maʼruzalarini hamma sevib tinglardi. U oʻz vaqtida yagona oliy maʼlumotli oʻzbek yuristi, haqiqiy olim edi.

    Tengsiz iqtidor sohibiga va uning gʻoyat bilimli va isteʼdodli turmush oʻrtogʻiga hayot oson kechmadi. Ularning gʻayrati, ilmi hamisha boshqalarning hasadiga sabab boʻlaverardi. M.Moʻminov va Diloro Yusupovalar mamlakatimiz uchun zarur milliy yuristlar armiyasini yetkazib bera oldi, oʻzlaridan keyin butun bir oʻzbek yuristlari maktabini qoldirdi”.

    Bu yerda oʻzbek ilm-fani, el-yurt farovonligi yoʻlida jonbozlik koʻrsatgan bir necha ayol ziyolilarimiz haqida toʻxtaldik, xolos. Ular aslida koʻp, ancha koʻp edi. Afsuski, sobiq tuzum qatagʻoniga uchragan jadid bobolarimiz bilan yelkama-yelka turib fidoyilik koʻrsatgan bunday jadid ayollarimiz haqida hali deyarli hech narsa bilmaymiz. Keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan milliy tariximizning muhim bir qismi boʻlgan jadidchilik harakati va uning namoyandalarini oʻrganishga, targʻib etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Demak, yaqin yillarda bu boradagi barcha haqiqatlar oydinlashib, adolat qaror topishiga ishonamiz.

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri Muxtasar Tojimamatova suhbatlashdi.