Tanlov Oʻzbekiston Tashqi ishlar, Madaniyat vazirliklari va Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda oʻtkazilmoqda. Ushbu xalqaro tanlovni oʻtkazishdan maqsad dunyoning turli oʻlkalarida istiqomat qiluvchi vatandoshlarimiz farzandlari orasida milliy ong va gʻururni rivojlantirish, ularda goʻzal va betakror Vatanimiz, madaniy merosimiz, milliy qadriyatlarimizga nisbatan hurmat va iftixor tuygʻularini shakllantirishdan iborat.
Shu bilan birga vatandoshlarimiz farzandlarining asrlar osha sayqallanib kelayotgan, oʻziga xosligimizni namoyon etadigan madaniy merosimizni, xalqimizning tarixini, azaliy udumlarini, milliy oʻzligini asrashga qaratilgan saʼy-harakatlari ragʻbatlantiriladi, maʼnaviy qoʻllab quvvatlanadi.
Tanlovda xorijiy davlatlarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizning 15 yoshdan 25 yoshgacha boʻlgan farzandlari hamda xorijiy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan oʻzbekistonlik talaba yoshlar ishtirok etishi mumkin.
Ikki yosh toifalari - 15 yoshdan 20 yoshgacha va 20 yoshdan 25 yoshgacha boʻyicha alohida-alohida tartibda oʻtkaziladigan tanlov uch bosqichda tashkil etiladi.
Taqdim etilayotgan materiallar Oʻzbekiston madaniy merosi, tarixi, madaniyati va sanʼati, muqaddas qadamjolarimiz, tarixiy obidalar, madaniy obyektlar, milliy anʼana va urf-odatlarni targʻib qilishga oid boʻlishi kerak.
Materiallar va fotosuratlar faqat yangi — OAV, internet veb-saytlari va ijtimoiy tarmoqlarida yoritilmagan va boshqa tanlovlarga yuborilgan yoki gʻolib deb topilgan boʻlish shart.
Tanlovga taqdim etilgan ijodiy ishlar Hakamlar hayʼati tomonidan koʻrib chiqiladi va baholanadi.
Gʻoliblarga har bir yosh toifasi boʻyicha “Oʻzbekiston madaniy merosi” nomli fotosuratlar onlayn-tanlovining Bosh sovrini va diplomi, oltin medal va 1-darajali diplomi, kumush medal va 2-darajali diplomi, bronza medali va 3-darajali diplomi hamda tanlov tashkilotchilari tomonidan taʼsis etilgan esdalik sovgʻalari topshiriladi.
Tanlovning toʻliq shartlari va nizomi bilan Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining http:/www.art-academy.uz rasmiy saytida tanishishish mumkin.