Xorijga chiqish pasportini olish boʻyicha qulaylik yaratildi

    Raqamlashtirish 5 Yanvar 2022 1610

    2022-yil 1-yanvardan boshlab, bir qator xizmatlarni Davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim etilishi belgilangan.

    Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish muqobil ravishda (ichki ishlar boʻlimlari bilan bir vaqtda) Davlat xizmatlari markazlari orqali ham amalga oshiriladi, deya xabar beradi Davlat xizmatlari agentligi matbuot xizmati.

    Bunda, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolariga xorijga chiqish uchun biometrik pasport berish uchun toʻlov miqdori BHMning 1 baravari tashkil etadi (ushbu toʻlov miqdori avval BHMning 1,2 baravari boʻlgan).

    Shuningdek, xabarda bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga xorijga chiqish biometrik pasportini berish xizmati joriy etilgan Davlat xizmatlari markazlari roʻyxati ham taqdim qilindi.

    2022-yil yakuniga qadar bosqichma-bosqich barcha Davlat xizmatlari markazlarida ushbu imkoniyatni yaratish rejalashtirilgan.

    Eslatib oʻtamiz, Davlat xizmatlari markazlarida xizmatlar eksterritoriallik tamoyili asosida (roʻyxatda turgan joyingizdan qatʼiy nazar) taqdim etiladi.