Xorijiy brendlardan noqonuniy foydalangan tadbirkorga chora koʻrildi

    “Gucci”, “Fila”, “Nike” kabi xorijiy brendlardan foydalanib, sumka ishlab chiqargan tadbirkorga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

    Andijon viloyat adliya boshqarmasi axborot xizmatining maʼlum qilinishicha, Andijon viloyatining bir nechta maktablarida birinchi sinf oʻquvchilariga Prezident sovgʻasi sifatida tarqatilgan maktab ryugzaklarida “Gucci”, “Fila”, “Nike” kabi xorijiy brendlar logotipi tushirilgani aniqlangan.

    Ushbu holat yuzasidan Andijon viloyat adliya boshqarmasi Intellektual mulk huquqlarini himoya qilish boʻlimi tomonidan oʻrganish olib borildi.

    Oʻrganish davomida Baliqchi tumanida faoliyat yurituvchi “H.P.S.” xususiy korxonasiga tegishli ishlab chiqarish obyektlarida 2022-yilning iyul-avgust oylari davomida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan “FILA”, “NIKE”, “ADIDAS”, “GUCCI”, “HELLO KITTY” xorijiy tovar belgilariga oʻxshash boʻlgan “GUCCI”, “FILA”, “NIKE”, “ADIDAS”, “Hello Kitty” nomli oʻquvchilar ryugzaklarini ishlab chiqarganligi hamda “Oʻquv taʼlim-taʼminot” davlat muassasasining shartnomasiga asosan Andijon viloyatidagi umumtaʼlim maktablarining 1-sinf oʻquvchilariga tarqatilganligi aniqlandi.

    Korxona vakillarining Oʻzbekiston Respublikasida huquqiy muhofaza olgan tovar belgilariga adashtirib yuborish darajasida oʻxshash belgilardan foydalangan holatda mahsulotlarini ishlab chiqarishi va sotuvga taklif qilishi qonunga xilof hisoblanadi. Bu holat “Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 3-, 26- va 27-moddalariga asosan tovar belgisiga doir mutlaq huquqni buzish deb eʼtirof etiladi.

    Holat yuzasidan “H.P.S.” xususiy korxonasiga nisbatan Andijon viloyat adliya boshqarmasi tomonidan oʻzganing tovar belgisi boʻlgan va muhofaza qilinayotgan belgiga oʻxshash tovar belgilaridan noqonuniy foydalanganligi uchun maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 177-moddasiga asosan koʻrib chiqish uchun sudga yuborildi.