O'quv loyiha 3 ta bosqichdan iborat bo'lib, 1-bosqich 2022-yil 4-9-noyabr kunlari o'tkaziladi.
"Mobil guruh"lar “kaskad” tamoyili asosida hududlarda o'quv-seminarlari amalga oshirishmoqda. Ushbu o’quv-seminarlar o'z navbatida o'qituvchilarning bilim, malaka va ko'nikmalarini oshirishga yaqindan xizmat qiladi. Ma’lumki, xorijiy tillarni o’qitish hozirgi kunda dolzarb masalalardan biriga aylangan.
Jumladan, Samarqand viloyatida ham Samarqand viloyati Xalq ta'limi boshqarmasi bilan hamkorlikda viloyatdagi ingliz, fransuz va nemis tillari pedagoglarining malakasini oshirish uchun "mobil guruh"lar tuzildi va belgilangan hududlarda taʼlim tashkilotlari o'qituvchilarining malakasini oshirishga jalb etildi. Shuningdek o'quv-seminarlarda nafaqat pedagogik mahoratlarni oshirish balki xalqaro darajada tan olingan imtihonlar haqida ham bir qator tushunchalar berilmoqda. Ushbu "mobil guruh"lar Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya davlatlaridagi OTMlarda tahsil olgan yuqori malakali trenerlar tomonidan o'tkazilmoqda.
O'quv-seminarlarda o'qituvchilarga dars jarayonlarini yuqori saviyada o'tishi uchun quyidagilar ta'kidlab o'tildi:
▪️ Til oʻrganish va oʻrgatish nazariyalari;
▪️ Darsni rejalashtirish;
▪️ O'qitish jarayonini boshqarish;
▪️ Ta'lim resurslarini tanlash va ulardan foydalanish;
▪️ O‘qitishning zamonaviy va interfaol usullari;
▪️ Innovatsion texnologiyalarga asoslangan ta'lim.
Zero, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi bayram tabriklarida taraqqiyotimizning maqsadi Uchinchi Renessans bo‘lishi lozimligini ta’kidlaganlar.
Uyg‘onish davrini bevosita ta’lim sohasisiz tasavvur qilish mushkul ekani hech kimga sir emas. Bunda, uchinchi Renessansga bizni faqatgina yuqori sifatli ta'lim yetkazadi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Taʼlim jamiyat qurilishining muhim muammolarini hal qilish jamiyatning moddiy-texnik bazasini yaratish, ijtimoiy munosabatlarni tarkib toptirish, o'sib kelayotgan yosh avlodni to'g'ri tarbiyalashga yordam beradi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yilgi Parlamentga murojaatida nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz a’zolarining bilimi, saviyasini oshirish uchun avvalo ilm-ma’rifat, yuksak ma’naviyatni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Ushbu vazifalarni amalga oshirishda o‘qituvchining pedagogik mahorati, ilg‘or tajribalari muhim ahamiyatga ega. Chunki o‘qituvchi ilm-ma’rifatli kadrlar tayyorlash, o‘quvchilarni turli sohalarga yo‘naltirish, uzluksiz ta’lim jarayonlarida islohotlarni amalga oshirish, strategik fikr yuritadigan, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarini tarbiyalash, xorijdagi ilg‘or tajribalarni chuqur o‘rganish, ta’lim jarayonini yangilash, o‘qitish metodikalarini qo‘llashda ilm-ma’rifatga asoslangan holda amalga oshiruvchi shaxs hisoblanadi.
Shu sababli Agentlik kelgusida o'qituvchilarning pedagogik malakalarini oshirish uchun yana bir qancha yirik o'quv loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirgan.
Firdavs Jamilov,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligining
Samarqand viloyat hududiy vakillik media-volontyori.