Bugungi dunyo o‘zaro manfaatlar, yagona axborot makoni va raqamli aloqadorlik asosida faol rivojlanayotgan bir sharoitda chet tillar global muloqotni ta’minlovchi eng muhim kommunikativ vosita sifatida qaralmoqda. Xalqaro konferensiyalar, ilmiy loyihalar, transmilliy biznes va madaniy almashinuvning samaradorligi asosan ishtirokchilarning chet tilini qay darajada bilishiga bog‘liqdir. Shunday ekan, xorijiy tillarni egallash xalqaro maydonda muvaffaqiyatli faoliyat yuritishning asosiy sharti bo‘lib, insonning mobil va ochiq jamiyat a’zosi sifatida shakllanishiga xizmat qilmoqda.
Xorijiy tillarning global kommunikatsiyadagi o‘rni, avvalo, davlatlararo axborot almashinuvi, diplomatik aloqalar, fan va texnologiyalarni rivojlantirishda namoyon bo‘ladi. Ingliz tili bugungi kunda “xalqaro aloqa tili” sifatida dunyoning deyarli barcha hududlarida qo‘llanilib, siyosiy muzokaralar, ilmiy izlanishlar va xalqaro tashkilotlar faoliyatida asosiy o‘ringa ega. Multimadaniyatli jamiyatda xorijiy til bilish madaniyatlararo muloqot kompetensiyasini kuchaytiradi, turli millat vakillarining bir-birini to‘g‘ri anglashiga yordam beradi. Shu bois chet tilini bilish bu nafaqat lingvistik ko‘nikma, balki global maydonda faol kommunikatsiyaning poydevoridir.
Mazkur jarayonlar fonida O‘zbekistonda xorijiy tillarni o‘qitish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishda muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, Prezidentimizning 2021-yil 19-maydagi PQ–5117-sonli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi 312-sonli qarori xorijiy tillar ta’limini modernizatsiya qilishda muhim bosqich bo‘ldi. Mazkur qarorlar asosida:
- xorijiy til ta’limi maktabgacha bosqichdan boshlab joriy etildi;
- o‘quvchilar bilimini CEFR talablari asosida baholash tizimi yo‘lga qo‘yildi;
- o‘qituvchilar uchun malaka oshirish va xalqaro sertifikatlash tizimi joriy qilindi;
- o‘quv-metodik qo‘llanmalar, lingvistik texnologiyalar va elektron resurslar yangilandi;
- ta’lim jarayoniga innovatsion metodlar va masofaviy tizimlar keng tatbiq etildi.
Natijada mamakatimizning ko‘plab yoshlari xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qish uchun grantlar yutib kelmoqda. Xalqaro universitetlarning mamlakatimizda faoliyat yuritishi ham ushbu siyosatning samaralaridan biridir.
Xorijiy til siyosatining O‘zbekiston mehnat bozoridagi o‘rni ham muhim ahamiyatga ega. Zamonaviy ish beruvchilar xalqaro hamkorlikni amalga oshira oladigan, xorijiy til orqali professional muzokara olib boradigan malakali kadrlarga ustuvorlik bermoqda. Chet tilini bilgan mutaxassislar huquq, tibbiyot, iqtisodiyot, IT, turizm, transport logistika kabi ko‘plab sohalarda yuqori talabga ega. Masalan, xalqaro IT kompaniyalari O‘zbekistonda rezidentlik ochayotgani, turizm bozorining kengayishi, eksport salohiyatining ortishi – bularning barchasi xorijiy til bilishning strategik ahamiyatini yana bir bor tasdiqlaydi. Shuningdek, global huquqiy tizimlar, iqtisodiy bitimlar va xalqaro shartnomalar bilan ishlashda ham til kompetensiyasi yetakchi o‘rinda turadi. Demak, xorijiy til kasbiy muvaffaqiyat va yuqori lavozimlarga erishishning muhim omilidir.
Bundan tashqari, xorijiy tilni o‘rganish jarayoni shaxsning intellektual rivojlanishiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Chet tili orqali inson boshqa madaniyat, tarix va qadriyatlarga murojaat qiladi, bu esa uning dunyoqarashi va tafakkur kengligini oshiradi. Mustaqil fikrlash, ijodiy yondashuv va kommunikativ kompetensiyalar rivojlanadi. Shuningdek, xorijiy til yoshlarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi, ular ijtimoiy faollikda faol ishtirok etuvchi, global mas’uliyatni anglay oladigan shaxs sifatida kamol topadi. Bu jarayon “raqobatbardosh avlod – raqobatbardosh mamlakat” tamoyilining amaliy ifodasidir.
Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, xorijiy tilni bilish global kommunikatsiya imkoniyatlarini kengaytiruvchi, shaxsiy va kasbiy yutuqlarni ta’minlovchi strategik kompetensiya ekanini ko‘rish mumkin. O‘zbekistonda xorijiy tillarni o‘rganishga qaratilgan davlat siyosati yoshlarning bilim salohiyatini oshirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash va mamlakatning xalqaro nufuzini yuksaltirishda muhim o‘rin tutmoqda. Demak, chet tilini puxta o‘zlashtirish bu har bir yoshning hayotiy muvaffaqiyati uchun muhim omil, O‘zbekistonning ravnaq topishiga xizmat qiluvchi dolzarb vazifadir.
Mustafoyeva Noila,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Xorijiy tillar kafedrasi dotsenti








