Urush maydonlariga kirganlarida juda yosh edi ular. Tinchlikda yashash haqqi, shirin orzulari bor edi. Ular non tishlatib, kuzatib qolgan ota-ona, qarindosh, sevimli yorlariga koʻrishguncha, deb xayrlashgan edilar. Ammo bobomiz Alisher Navoiy hazratlari aytganidek,
Xazon sipohigʻa ey bogʻbon, emas mone,
Bu bogʻ tomigʻa gar ignadin tikan qilgʻil.
Fashizm xazon sipohi boʻlib, ularning hayot bogʻi chechaklarini xazon qildi. Ular jon berdilar, lekin Vatanni asrab qolishdi. Xalqlar fashizm changaliga tushmasin, odamlar tinch, musaffo osmon ostida yashasin, deya jang qildilar. Qirgʻinbarot urushda ikkki millionga yaqin yurtdoshlarimiz qatnashdi, ularning besh yuz ming nafardan koʻprogʻi halok boʻldi. Urush koʻlami va dahshati qamrovi shunchalar keng ediki, oʻsha paytdagi xonadonlarning birontasini bu fojea chetlab oʻtmagan. Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan gʻalaba munosabati bilan Oʻzbekistonda nihoyatda savobli, tarixiy ishlar amalga oshirilmoqda. Sobiq Ittifoqda odatiy boʻlib kelgan nomaʼlum soldatlar nomlari tiklanmoqda. Arxivlardan ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan ota-bobolarimizning hujjatlari koʻtarildi. Ular asosida Xotira kitobi yaratildi. Bu bizlarni deb jonidan kechgan ota-bobolarimizga avlodlarning mehr-oqibat dostoni boʻlib qoldi. Xotira kitobi vatanparvarlik, qahramonlik tarixi boʻlib xizmat qilayotir. Chunki u urushda halok boʻlgan insonlar nomini xotirlab, qahramonliklarini yodga solib turibdi.
Har yili 9-may kuni mangu olov atrofiga gulchambar qoʻyib, porloq xotiralarini yodga olamiz. Shunday xotirlash va qadrlash orqali bugungi yoshlarimiz mard, jasoratli insonlar avlodi ekanini anglayapti. Shuning barobarida harbiy vatanparvarlik sabogʻini olishadi. Keyingi yillarda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini, front ortida matonat bilan mehnat qilgan bobo-momolarimizni xotirlash va qadrlash hurmatli Prezidentimizning alohida eʼtibori, yuksak insonparvarligi tufayli yana-da keng nomoyon boʻlayotir.
Zero, oʻz mard, jasoratli yurtdoshlarimiz fashistlar qadami Oʻzbekistonga etib kelmasin, deb hayotini qurbon qildilar. Ular nafaqat sobiq Ittifoq hududini, shu bilan birga Evropadagi koʻplab mamlakatlarni fashizmdan ozod qilishda ham qahramonlik koʻrsatishdi. Ularning koʻrsatgan qahramonliklari, dahshatli urush voqealari tarixini aytib, yozib ado qilish qiyin. Urushning soʻngi kunlari Reyxstag ustiga gʻalaba bayrogʻini tikkanlar qatorida yurtdoshlarimiz ham bor edi. Brest qalʼasi devorida hozir ham saqlanib turgan Oʻlayapman, lekin taslim boʻlmayman. Alvido Vatanim!, degan yozuvda ularning ham nomi, xotirasi muhrlangan.
Oʻzbekiston oʻgʻlonlarining jasurligi, mardligi frontlarda ibrat boʻlgan. Shulardan biri Omon Umarov dushmanni Smolensk, Kiyev, Odessa, Sevastopoldan siqib chiqarishda jang qildi. Oʻzi komandirlik qilgan otryadi bilan Odessa yaqinidagi dushman ayerodromiga hujum qilib, dushmanning 16 samolyotini, 30 ta avtomashinasini ishdan chiqardi... 353-togʻ-oʻqchi polki jangchisi Qoʻchqor Turdiyev 1941-yilning 25-oktyabrʼ kuni oʻrtoqlari bilan razvedkaga borgan edi. Kuchli otishmadan soʻng hamma safdoshlari halok boʻldi. Uning oʻzi esa dushman dzotini, oʻnlab nemis soldati va ofitserini yoʻq qildi. Bir necha dushmanni asir olib kelib, front qoʻmondoniga topshirdi. Uning ana shu kabi qator qahramonligi, jasurligi uchun qahramon unvoni berildi. Oʻzbekistonlik jangchilar oʻzlarining jasurligi, irodaliligi va mohir merganligi bilan ham shuhrat qozongan. Bu ayniqsa Moskva ostonasidagi qirgʻinbarot janglarda yaqqol namoyon boʻldi. Aynan shu jangda dushman qaqshatqich zarbani egan edi. Gitlerning yashin tezligidagi urush rejasi barbod boʻlishida bu jang katta katta burilish yasaganligi tarixdan maʼlum. Albatta, bu gʻalaba frontdagi va uning ortida mehnat qilayotgan barchaniki edi. Lekin yurt uchun, xalq uchun oʻlimdan ham qoʻrqmay jangga kirganlar safida yurtdoshlarimiz oz boʻlmagan. Birgina Moskva ostonasida Ishoqov, Abubekov, Yusupov, Madaminov kabi oʻzbek snayper merganlari yuzlab fashist gazandalarini er tishlatdi. Bunday jasorat, qahramonliklar frontda afsonadek tildan tilga koʻchib yurardi. Bejiz 1753 nafar yurtdoshimiz Moskva himoyasi uchun, medali bilan mukofotlanmagan. Bu jasorat, vatanparvarlikning katta eʼtirofi edi. Shu oʻrinda alohida aytib oʻtish kerakki, bu dahshatli urushda oʻzbekning jasur qizlari ham yigitlardan kam emasligini nomoyon etishgan. Jumladan, urush boshlanganda institutda oʻqiyotgan andijonlik Zebo Gʻaniyeva Meni frontga yuborishingizni soʻrayman, deb ariza bergan. U qisqa va tezkor tayyorgarlikdan soʻng razvedkachi va snayper boʻlib jangga otlandi. Uning nomi, jangdagi jasorati, koʻrsatgan qahramonliklari tarix sahifalarida yuksak sharaf bilan yodga olinadi...
Volgograd shahri atrofida Sharqning 11 qahramoni degan tepalik bor. Urushgacha bu joy Perelazovsk xutori deb atalgan. Keyinchalik uning nomi oʻzgarishiga vatandoshlarimizning mislsiz qahramonligi sabab boʻldi. Oʻshanda 128- gvardiya Turkiston togʻ-oʻqchi diviziyasi dushmanga qaqshatqich zarbalari bilan mashhur boʻlgan. Vzvod komandiri, yurtdoshimiz kichik leytenant M.Kabirovga Perelazovsk xutorini egallab, dushmanni yoʻlatmaslik ushlab turish vazifasi topshiriladi. 40 nafar jangchi toʻrt tomoni dushmanga ochiq daladan emaklab oʻtib, shafqatsiz jang va yoʻqotishlardan soʻng tepalikni egallashadi. 11 kishi tirik qolgan va ularning 9 nafari oʻzbek yigitlari edi. Ular dushmanning 300 ta soldatiga qarshi turib, tepalikni 12 kun qoʻlda ushlab turishadi. Dushman chekinadi. Katta jangning taqdirini hal qilgan bu hayot-mamot jangida 11 kishidan faqat A. erdonov bilan M. Kabirovgina tirik qolishdi. Perelazovsk qishlogʻining Sharqning 11 qahramoni deb atalishining sababi shunda. Ikkinchi jahon urushi boʻlib oʻtgan joylarda oʻzbekistonlik jangchilar nomi bilan ataladigan joylar koʻp. Ulardan yana biri Shukurovka. Fargʻonalik Ahmadjan Shukurov Kursk atrofida dushmanning 110ta soldat va ofitserini qirib tashlab, 15 tasini asirga tushirdi. U jangda koʻrsatgan jasorati uchun qahramon unvoni byuyerildi. Shu sabab jang kechgan Zolotarevka qishlogʻi hozir ham Shukurovka deb ataladi. Partizan otryadining razvedkachisi Mamadali Topiboldiyevni belorussiyaliklar chuqur hurmat bilan eslaydi. U shaxsan oʻzi dushmanning koʻplab soldat va ofitserini yoʻq qilib, 180 tasini asirga tushirgan edi. Oʻzbek xalqining bahodir oʻgʻloni belorus xalqining xaloskor ramziga aylandi. Pisarevo qishlogʻi ahli uning sharafiga shu joyni Topiboldiyevka deb ataydigan boʻldi.
Stalingrad jangida ofitser Mamasoli Jabborov komandirligidagi moto-oʻqchi rota dushmanning 400 dan ortiq soldat va ofitserini yoʻq qilib, ikki yuzdan ortiq fashistni asirga oldi, koʻplab qurol-yarogʻni qoʻlga kiritdi. Snayper Hayit Xoʻjamatov esa dushmanning oʻnlab soldat i ofitserini yoʻq qildi. Oʻzbek yigitlari Evropa mamlakatlarini gʻam fashizmdan qutqazishda jasorat koʻrsatdilar. Xususan, Fransiyaning Aleye, Belʼfor, Sen-Sheli va Gar i Lozer departamentlarini ozod qilishda Abdulla Rahmatov, Sariboy Shomurodov, Rahmon Rahimov, Nasib Amirov kabi oʻzbek oʻgʻlonlari qatnashdi. Fransiyani ozod qilishda koʻrsatgan qahramonliklari uchun Hoshimjon Ismoilov va Tojiboy Ziyoyevlar Fransiyaning Janna dʼArk ordeni bilan mukofotlangan. Turgʻun Qoʻchqorov va Ahmad Mamajonovlar Italiyaning Karraru shahrini ozod qilishda jang qildilar. Urushning soʻnggi kunlari Reyxstag gumbaziga gʻalaba bayrogʻini tikkan qahramon jangchilar safida vatandoshimiz Karimjon Isoqov ham boʻlganligi vatandoshlarimizning mardligi, sabot jangchi ekanligini eslatib turadi.
Saboq
Ikkinchi jahon urushi tugaganiga 76 yil toʻldi. Lekin bu urushni boshlagan gʻoyaning tugʻilganiga yuz yildan oshdi. Shuning uchun har yili 9-may kuni Ikkinchi jahon urushi nimadan boshlangan edi?, degan savol koʻpchilikning xayoliga kelishi tabiiy. Aslida fashizm yovuz gʻoya, yovuz mafkuradan boshlangan. Insoniyat AKT texnologiyalar davridan konvergent texnologiyalar, yaʼni nana, bio, axborot-kommunikativ va kognitiv texnologiyalar davriga kirib borayapti. Buning quvonchli tomoni inson hayoti, turmushi uchun cheksiz qulayliklar yaratishida. Tashvishli tomoni bugungi texnologiyalar yovuz gʻoyalarning amalga oshirishiga cheksiz imkoniyatlar yaratib berishi mumkin. eng muhimi, ana shu texnologiya imkoniyatlaridan nima maqsadda foydalanishda. ezgu maqsadgina farovonlik, tinchlikka eltadi. Bugun ommaviy madaniyat gʻoyalari faollashayotgani har birimizni hushyor qilishi zarur. Chunki bu gʻoyalar odamlarni azaliy milliy maʼnaviy-axloqiy fazilatlaridan ayirishga qaratilgan. Shaxs erkinligini absolyutlashtirish, oila, ota-ona obroʻsi, ibo, hayo, hamdardlik tuygʻularini soʻndirishga qaratilgan gʻoyalar targʻib qilinmoqda. Odamlar internet orqali bir kishi yoki guruh tomonidan boshqariluvchi obunachilarga aylantirilmoqda. Tugʻilishni kamaytirish maqsadida insoniy, tabiiy yashashni inkor qilish kabilar targʻib qilinmoqda. Bularning barchasi insoniyatni ogohlikka, tinchlikni asrashga, urushdek yovuz xatoliklarni takrorlamaslikka chaqiradi.
Muhammadjon QURONOV,
pedagogika fanlari doktori, professor