Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik so'nggi yillarda mamlakatimiz iqtisodiyotining o'sish nuqtalaridan biri, aholi bandligini ta'minlashning katta manbaiga aylandi. Shu bois, yurtimizda bu sohani rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilib, Prezidentimizning farmon va qarorlari asosida barcha zarur sharoitlar yaratib berilyapti. endi, hokimlar va sektor rahbarlari ishni to'g'ri tashkil etib, yangi korxonalar ochilishi, ularning yashovchanligi, mahsulotlar hajmi, yaratilgan ish o'rinlari bo'yicha amaliy natijalarga erishishi kerak.

Davlatimiz rahbarining mutasaddi rahbarlar oldiga qo'yayotgan talabi ham shunday, aslida. Joriy yilning 8-aprel kuni hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta'minlash borasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida Prezidentimiz yana bir bor quyi pog'onadagi rahbarlar tadbirkor bilan do'st bo'lishi, ularni qo'llab-quvvatlashi lozimligini ta'kidladi.

Mamlakatimizda bu yo'nalishda olib borilayotgan katta islohotlarga qaramay, hududlarda hamon tadbirkorlikni keng tashkil etish bo'yicha muammo va kamchiliklar borligi tanqidiy tahlil qilindi. Viloyat, tuman (shahar) hokimlari oldiga qisqa fursatda har bir tuman kesimida tadbirkorlar bilan ishlash tizimini aniq hisob-kitoblar asosida qanday tashkil etish, o'z hududida qaysi tadbirkorlik yo'nalishlari rivojlantirilib, nechta yangi loyihalar ishga tushirilishi, bu orqali qancha aholining bandligi ta'minlanishi, yil oxirigacha nechta soliq to'laydigan tadbirkorlar paydo bo'lib, byudjetga qancha qo'shimcha mablag' tushishiga oid aniq hisob-kitobni tayyorlashi vazifasi qo'yildi.

Hududlarda tadbirkorlikni jadal rivojlantirish bugungi kunda dolzarb masalaga aylangan. Bunda kambag'allikni qisqartirish, aholi bandligini ta'minlashning asosiy omili ekinini islohotlarning o'zi ko'rsatmoqda. Davlatimiz rahbari har bir viloyat, tuman, mahallada tadbirkorlar sonini ko'paytirish, ularni qo'llab-quvvatlash, muammolariga echim topishga ko'maklashish bo'yicha mutasaddilar oldiga qat'iy vazifa qo'yayotgani boisi ham shunda.

O'tgan yilning 24-sentyabrida Prezidentimiz raisligida hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar muhokamasi yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida yurtimizda birinchi marta tuman va shaharlardagi iqtisodiy ko'rsatkichlar, tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash muhiti, infratuzilma va mavjud resurslardan foydalanish darajasi o'rganilib, tahlillar asosida ulardagi tadbirkorlik rivoji holati “yaxshi”, “o'rta” va “qoniqarsiz” hududlarga ajratilishi belgilab berilgan edi. O'shanda respublikadagi 33 ta tuman qizil hududga tushgani ta'kidlangan. Ular orasida Xovos tumani ham bor edi.

Reyting natijalari tahlil qilinganida, tumanimizdagi ayrim yo'nalishlar, xususan, aholi jon boshiga to'g'ri keladigan sanoat mahsulotlari, xizmat ko'rsatish, eksport, to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalar ko'rsatkichi pastligi hamda tadbirkorlarning yashovchanlik mudati qisqa ekanligi ma'lum bo'ldi. Ana shu kamchiliklarni bartaraf etish hamda tumanni “qizil” hudud toifasidan “yashil” hududga o'tkazish bo'yicha sektor rahbarlari boshchiligida  ishchi guruhlar shakllantirilib,  yo'l xaritalari ishlab chiqildi. Xalq  deputatlari tuman kengashi muhokamasidan o'tgach, bu yo'l xaritalari asosida tegishli ishlarni amalga oshirishga kirishdik. Ijroni ta'minlash yuzasidan har bir soha bo'yicha bajariladigan ishlar belgilab olinib, ularga ijtimoiy-iqtisodiy kompleks tashkilotlaridan 120 nafar xodim tegishliligi bo'yicha  biriktirildi.

Har bir yo'nalish kesimida tahlil qilganimizda, tumanda sanoat mahsulotlari hajmi 2019-yilda 98 milliard 334 million so'mni tashkil qilib, aholi jon boshiga 1 million 40 ming so'mga to'g'ri kelgani, viloyat sanoatidagi ulushi 3,7 foizni tashkil etgani aniqlandi. Bu borada yetarli natijaga erishish maqsadida qiymati 225,5 millirad so'mlik 11 ta sanoat ishlab chiqarish loyihalari ishga tushirilib, past quvvatda ishlayotgan 15 ta sanoat korxonasining quvvatlari oshirildi. Natijada jami sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 202 milliard so'mni tashkil etishiga, aholi jon boshiga esa 2 million 104 ming so'mdan to'g'ri kelishiga erishildi.

Masalan, tumandagi “Textile Fashion” MCHJga aylanma mablag' hamda xomashyo sotib olish uchun viloyat Ipoteka bankidan 2 milliard so'm kredit ajratib berildi. Natijada 850 ming AQSH dollariga teng trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilib, qo'shimcha 70 ta yangi ish o'rni yaratildi.

Yana bir yo'nalish — xizmatlar hajmi 2019-yilda 101 milliard 42 million so'm atrofida bo'lib, aholi jon boshiga 1 million 68 ming so'mga to'g'ri kelgan. Ushbu yo'nalishda umumiy qiymati 11,4 milliard so'mlik 16 ta yangi loyihani amalga oshirish hisobiga yillik xizmat ko'rsatish hajmi 10,9 milliard so'mga oshdi. 33 ta korxona faoliyati tiklandi. Jumladan, "Mustang-trans-2020" MCHJ va "Trans-omad-2020" MCHJlar tomonidan transportda yuk tashish xizmatini tashkil qilish uchun shaharlararo litsenziya olib berilishi natijasida 2020 yil yakuni bilan 1,2 milliard so'mlik transport xizmatlari ko'rsatildi. Buning natijasida tumanda xizmatlar hajmi 123,5 millird so'm yoki o'sish sur'ati 122,2 foizga yetkazildi.

Tumanda eksport hajmi ham nisbatan past darajada edi. 2019-yil yakuni bilan bu boradagi ko'rsatkich 4 million 988 ming dollarni tashkil etib, aholi jon boshiga 53 dollardan to'g'ri kelgan.  9 ta korxonani eksport faoliyatiga jalb etish evaziga o'tgan yil yakuni bilan jami 13 million AQSH dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirildi. Reja 120,6 foizga bajarildi. Aholi jon boshiga 136,1 AQSH dollardan to'g'ri keldi.

To'g'ridan-to'g'ri investitsiyalar esa hisobot davriga nisbatan 136 foizga bajarilib, 10 million AQSH dollariga etdi. 2020-yilda 266,1 milliard so'mlik to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalar o'zlashtirilib, aholi jon boshiga 2 million 813 ming so'mdan to'g'ri keldi yoki 2019-yilga nisbatan 163,9 foizga o'sishga erishildi.

Tumanda ishbilarmonlik muhiti va tadbirkorlikni rivojlantirish sifat ko'rsatkichlarini oshirish bo'yicha ham qator ishlar amalga oshirildi. Faoliyat ko'rsatmayotgan 244 ta tadbirkorlik sub'ektiga iqtisodiy kompleks tashkilotlari hodimlari biriktirildi va ular tomonidan soliq idoralariga hisobotlar taqdim etilishi ta'minlandi. Tumanda 2019-yilda 286 ta tadbirkorlik subyekti faoliyat ko'rsatgan bo'lsa, hozir ularning soni 780 taga yetdi.

Bu natijalarga erishishda, birinchi navbatda, har bir tadbirkor bilan alohida, mijozbay ishlash yaxshi samara berdi. Amalga oshirilgan ishlar joriy yilda ham davom ettirilib, yil yakuni bilan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan va tadbirkorlik qilish istagini bildirgan 450 nafar fuqaroga imtiyozli kredit ajratish orqali oilaviy tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish ko'zda tutilgan.

Uchqun KAMOLOV,

Xovos tumani hokimi