Aholisi 96 ming nafarni tashkil etuvchi Xovos tumani Sirdaryo viloyatining qadimiy va boy tarixga ega. Tarixiy manbalar va arxeologik tadqiqotlar Xovos 2 500-yillik tarixga ega ekanligidan dalolat beradi. Bugungi kelib esa zamonaviy va koʻrkam qiyofa kasb etgan Xovos tumani viloyat markazi Guliston shahridan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan. Tuman hududi Tojikiston Respublikasi, Toshkent va Jizzax viloyatlari bilan chegaradosh. Tumanda mavjud 27 ta mahallalarda oʻndan ziyod millat vakillari ahil-inoqlikda yashab kelishmoqda.
Ana shunday ahil-inoqlikda umrguzaronlik qilayotgan xalqimizga davlat xizmatlarini sifatli, tezkor va shaffof tarzda koʻrsatishga bel bogʻlagan markaz xodimlari endi yangi va koʻrkam binoda faoliyat olib boradi.
“Mega lider” MCHJ quruvchi-bunyodkorlari tomonidan qurilgan yangi binoning umumiy maydoni 1 200 kvadrat metrni tashkil etadi. Zamonaviy arxitektura yechimlarini oʻzida mujassam etgan bino eng zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlangan. Markazga tashrif buyuruvchilarga keng va yorugʻ, shinam xizmat zalida qulay sharoitlarda xizmat koʻrsatiladi. Elektron navbat tizimi 2 ta monitorda aks etib turadi, 8 ta qabul oynasida koʻrsatiladigan xizmatlarda shaffoflik asosiy mezon sanaladi.
Xovos tumani Davlat xizmatlari markazi bir kunda oʻrtacha 50-100 nafar fuqaroga davlat xizmatlari koʻrsatish quvvatiga ega. 2020-yilning oʻtgan davrida aholi va tadbirkorlik subyektlariga 15 mingdan ziyod davlat xizmatlari koʻrsatildi.
Binoda tadbirkorlar uchun bosh vazir qabulxonasi, Xalq qabulxonasi, tuman adliya boʻlimi, sektorlar uchun alohida xonalar ajratilgan. Shuningdek, markazda bank kassasi ham tashkil etilgan. Kutish zalida esa kitob javoni mavjud boʻlib, fuqarolar bu yerda badiiy kitoblarni mutolaa qilish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu yerga farzandlari bilan tashrif buyurgan ota-onalar uchun yorqin ranglarda jihozlangan bolalar maydonchasi kichkintoylarning vaqtlarini mazmunli oʻtkazishga yordam beradi.
Markazda elektron navbat tizimi joriy etilgan boʻlib, tashrif buyuruvchilarning navbati monitorlarda koʻrinib turadi. Mavjud monitorlar orqali esa davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi yangiliklar, davlat xizmatlari olish tartiblari toʻgʻrisidagi roliklar muntazam namoyish etib boriladi.
Dilfuza Jarbekova,
Davlat xizmatlari agentligi
Sirdaryo viloyat boshqarmasi
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar
shoʻbasi xodimi.