“Hozirgi zamon jamiyatida ommaviy axborot vositalari insonlarning eʼtiqodlari va xatti-harakatlariga taʼsir koʻrsatishda muhim rol oʻynaydi, shuningdek, ularning oʻzaro munosabatlariga taʼsir koʻrsatadi. OAVda suitsidlar haqidagi xabarlar suitsidal xavfi bor yosh yoki ijtimoiy jihatdan oʻxshash guruhlarda taqlidiy oʻz joniga qasd qilishlarni chaqirishi mumkin. Bu holat “Yuqish effekti” yoki “Verter sindromi” deb ataladi.

OAV mutaxassislari uchun moʻljallangan “Oʻz joniga qasd qilish prevensiyasi” nomli qoʻllanmada “Zaif insonni oʻz joniga qasd qilishiga turtki boʻluvchi juda koʻp omillar qatorida suitsid holatlarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishi boʻlishi mumkin”.

Yuqoridagilarni inobatga olib, oʻz joniga qasd qilish, ayniqsa, voyaga yetmaganlar orasida oʻziga va oʻzgalarga zarar yetkazish hodisalari toʻgʻrisidagi xabarlarni OAVda bayon qilish, shu kabi sahnalarni namoyish etish boʻyicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqib, tasdiqlash va unga rioya qilinishini qatʼiy nazorat qilish kerak. 16-noyabr kuni ertalabdan 25 yoshli yigitning oʻz joniga qasd qilish holati yoritilgan xabar aynan maktabga bogʻlab berilgani, aslida esa hodisaning maktabga mutlaqo aloqador emasligi ham mana shuning yaqqol misoli boʻldi”, deyiladi vazirlik xabarida.