Xususan, Asosiy qonunimizning 53-moddasiga koʻra, bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan Oʻzbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat isteʼmolchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi. Zero, mulk huquqi daxlsizligini taʼminlamasdan turib iqtisodiy rivojlanishga erishish mushkul.

Shu bois, mamlakatimizda xususiy mulk huquqi daxlsizligini taʼminlash, uning huquqiy asoslarini yaratish, qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhitni shakllantirish, har qanday xususiy mulkdorning qonuniy yoʻl bilan qoʻlga kiritgan mulki daxlsizligiga aslo shubha qilinmasligini taʼminlaydigan ishonchli huquqiy kafolatlar tizimi yaratilgan.

Xususan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 17-moddasida “Har bir inson yakka holda, shuningdek, boshqalar bilan birgalikda mulkka egalik qilish huquqiga ega. Hech kim zoʻravonlik bilan oʻz mulkidan mahrum etilishi mumkin emas”, deb belgilab qoʻyilgan. Bu mulkdor qonun yoʻl qoʻygan asoslarda, doirada oʻz mulkiga oʻzi egalik qiladi, oʻzi foydalanadi va oʻzi tasarruf etadi, degani. Ammo shunga qaramay, ayrim mansabdor shaxslar tomonidan fuqarolar va tadbirkorlarning xususiy mulkiga nisbatan tajovuz qilish holatlari hali-hamon uchrab turibdi. Bu esa, tadbirkorlikning izchil rivojlanishiga, ishlab chiqarish koʻlamini kengaytirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va eksport koʻlamini oshirishga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, Konstitutsiyamizning 53-moddasida xususiy mulk daxlsizligi va himoyasi kafolatlarini kuchaytirish, xususiy mulk ustuvorligini asosiy tamoyil sifatida belgilash, shu jumladan, mulkdor huquqini himoya qilish tizimini joriy etish haqidagi normani belgilab qoʻyish kerak, deb hisoblaymiz. Shu bilan birga, xususiy mulkning huquq va himoyasini mustahkamlash, har qaysi xususiy mulkdor qonuniy yoʻl bilan qoʻlga kiritgan yoki yaratgan oʻz mulkining daxlsizligiga aslo shubha qilmasligini taʼminlaydigan ishonchli kafolatlar tizimini yaratish lozim. Qolaversa, mulklarni olib qoʻyish yoki buzishdan oldin mulkdorga yetkazilgan zarar toʻliq qoplanishi haqidagi norma ham kiritilishi kerak.

Ishonchim komilki, bu orqali tadbirkorlar oʻz biznesiga bexavotir investitsiya kiritadi, ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirib, mahsulot hajmi va olayotgan daromadini koʻpaytiradi. Eng muhimi, bunday tartib-qoidalar pirovardida, iqtisodiyotda xususiy mulkning samarali faoliyati uchun qulay sharoitlarni yaratadi.

Qahramon ERGASHEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati