Forum oʻz platformasida hamda B2B va B2G shaklida oʻtkazilayotgan ikki tomonlama uchrashuvlar doirasida 1 000 dan ortiq mansabdor shaxslar, siyosatchilar, vazirliklar, idoralar, savdo-sanoat palatalari, biznes uyushmalari rahbarlari, ITBga aʼzo mamlakatlar ishbilarmon doiralar vakillari va xususiy investorlarni birlashtirdi.

Tadbir davomida Bankka aʼzo mamlakatlardagi investitsiyalar, savdo va sugʻurta sohalarida ITB faoliyati, tashabbuslari va qarorlari bilan bogʻliq masalalar yoritib borildi. Forum kun tartibida koronavirus pandemiyasi oqibatlarini bartaraf etish chora-tadbirlari va mexanizmlari ham muhokama qilindi.

Forum ishi ITB Prezidenti Muhammad Sulaymon al-Jassir va Boshqaruvchilar Kengashi raisi, Oʻzbekiston Respublikasi nomidan Bank Boshqaruvchisi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovning maʼruzalari bilan ochib berildi.

Tomonlar Forum yangi “oʻsish nuqtalari”ni belgilash hamda ishbilarmon doiralari vakillari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri biznes aloqalarini va hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun noyob platformaga aylandi, deya yakdil fikrga keldilar. “Yangi kompaniyalar, yangi bitimlar, yangi texnologiyalar va yangi ish oʻrinlari” tamoyili uzoq muddatli rivojlanish maqsadlariga erishish uchun unifikatsiyalashgan algoritm ekanligi bildirildi. Shu munosabat bilan, ITBga aʼzo mamlakatlar iqtisodiyotlarining investitsiya va savdo salohiyatidan samarali foydalanishga qaratilgan xalqaro iqtisodiy hamkorligini faollashtirish dolzarbligi qayd etildi.

Shuningdek, koviddan keyingi davrda iqtisodiy tiklanish, aholi bandligini oshirish va hayot sifatini yaxshilashning eng kuchli “drayveri” xususiy sektor ekanligi taʼkidlandi. Bankka aʼzo mamlakatlar iqtisodiyotlariga xususiy sektorning hissasini oshirishga qaratilgan uchta, yaʼni Xalqaro Islom savdo-moliya korporatsiyasi, Investitsiyalar va eksport kreditlarini sugʻurtalash boʻyicha Islom korporatsiyasi va Xususiy sektorni rivojlantirish boʻyicha Islom korporatsiyasining faoliyati batafsil ochib berildi.

ITB unga aʼzo mamlakatlarni pandemiyaning salbiy oqibatlarini muvaffaqiyatli bartaraf etish va yangi iqtisodiy muhitga moslashishda qoʻllab-quvvatlashda davom etishi, xususiy sektorning rolini ragʻbatlantirishga eʼtibor qaratishi maʼlum qilindi.

ITB rahbariyati forum ishtirokchilarini oʻz mamlakatlarida xususiy sektor ekotizimlarini rivojlantirish uchun Bank tomonidan taqdim etilayotgan moliyaviy vositalaridan, shu jumladan, moliyaviy liniyalar, sugʻurta, tezkor moliyalashtirish, oʻz-oʻzini moliyalashtirish, aktivlarni boshqarish va sukuk boʻyicha maslahat xizmatlaridan faol foydalanishga chaqirdi.

Forum dasturiga shuningdek, Bankka aʼzo mamlakatlar ITB tuzilmalari tomonidan qoʻllab-quvvatlash usullari va mehanizmlari muhokamasiga bagʻishlangan tematik sessiyalar hamda xususiy sektor vakillari oʻrtasidagi munosabatlarni tiklashning samarali algoritmlari kiritildi.

Oʻzbekistonning investitsiyaviy va savdo imkoniyatlari hamda ITBga aʼzo mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarini mustahkamlashning shart-sharoitlari ham atroflicha ochib berildi. Muhokamalarda ITBning shoʻba korxonalari, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, “Rossiya eksport markazi” kompaniyalar guruhi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi, turli mamlakatlardan bir qator tijorat banklari rahbarlari, xususiy investorlar va tadbirkorlar, shuningdek, investitsiya kompaniyalari va konsalting agentliklari vakillari qatnashdi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.