XX asr Beruniysi

    Sobiq SSSR Fanlar akademiyasi akademigi Viktor Ambartsumyan o'z xotiralarida buyuk o'zbek olimi haqida bunday dey­di: “Habib Muhamedovich Abdullayev­dek buyuk insonlar har kuni, har yili tug'ilavermaydi. Bunday insonlar 100 yilda bir tug'iladi”.

    Odatda oʻzbek xalqidan etishib chiqqan buyuk allomalar haqida soʻz borganda Forobiy, Ibn Sino, Zamaxshariy, Beruniy, Ulugʻbek singari mashhur ajdodlarimiz nomlarini faxr bilan tilga olamiz, lekin XX asrda dunyoga kelib, jahon fani taraqqiyotiga katta hissa qoʻshgan vatandoshlarimiz ham ular bilan bir safda turishi mumkinligini koʻpam xayolimizga keltiravermaymiz.

    Men bu oʻrinda geologiya sohasidagi kashfiyotlari bilan ilm-fan olamini larzaga keltirgan mashhur oʻzbek olimi, jamoat arbobi, akademik Habib Abdullayevni nazarda tutyapman.

    Sobiq SSSR Fanlar akademiyasi akademigi Viktor Ambartsumyan oʻz xotiralarida buyuk oʻzbek olimi haqida bunday dey­di: “Habib Muhamedovich Abdullayev­dek buyuk insonlar har kuni, har yili tugʻilavermaydi. Bunday insonlar 100-yilda bir tugʻiladi”.

    1912-yili chekka bir qishloqda tugʻilgan bolakayni Toshkentga kelib, Oʻrta Osiyo geologiya maktabi asoschisi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, jahonshumul geolog olim darajasiga erishadi, deb hech kim oʻylamagan. Lekin Habib ­Abdullayev qisqa muddatda ilm-fanning eng yuksak choʻqqilarini zabt etib, akademik Gʻani Mavlonov yozganidek, “Oʻrta Osiyo tarixida etishib chiqqan yigirma birinchi buyuk olim” sifatida shuhrat qozondi.

    U umri davomida Oʻrta Osiyo industrial ins­titutida kafedra mudiri, direktor, Oʻzbekiston Xalq komissarlar soveti raisi oʻrinbosari, Davlat plan komissiyasi raisi, OʻzFA vitse-prezidenti, prezidenti lavozimlarida ishlab, yirik davlat, jamoat va fan arbobi darajasiga koʻtarildi. Lekin qanday lavozimda ishlashidan qatʼiy nazar, hech qachon ilmni tashlab qoʻymadi. 1946-yilda “Oʻrta Osiyoning sheelitli skarnlari geologiyasi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqladi.

    H.Abdullayev rudalar geologiyasi sohasida olib borgan izlanishlari bilan endgen ruda hosil boʻlishi nazariyasini rivojlantirdi. Uning Toshkent va Moskva nashriyotlari hamda ilmiy jurnallarida chop etilgan 150 dan ortiq ilmiy tadqiqoti, 7 ta monografiyasi geologiya fani taraqqiyotiga muhim hissa boʻlib qoʻshildi.

    1957-yilda bevosita uning ishtiroki va rahbarligida “CHotqol-Qurama togʻlari magmatizmi va metallogeniyasining asosiy xususiyatlari” monografiyasi, 1960-yilda esa, “Oʻrta Osiyo magmatizmi va rudalanish jarayoni” asarlari yaratildi. Olimning soʻnggi turkum ishlaridan biri “Ruda — petrografiya provinsiyalari va ularni tasniflash masalalari” boʻldi. Jahondagi barcha yirik ruda konlarining shakllanish xususiyatlariga bagʻishlangan “Metallogeniya — foydali qazilma konlarini qidirib topishning geologik asosi” monografiyasi uchun 1970-yili (vafotidan keyin) Beruniy nomidagi Oʻzbekiston davlat mukofotiga loyiq koʻrildi. Olim qalamiga mansub asarlarning aksari rus tilida yozilgan boʻlib, ularning eng muhimlari nemis, ingliz va xitoy tillariga tarjima qilingan.

    Olimning Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti sifatida mamlakatimizda ilm-fanning barcha sohalari boʻyicha milliy kadrlar yetishtirish, Oʻzbekistonda barcha fanlarni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirishdagi xizmatlari beqiyos. U eskirgan andozalar asosida ishlab kelayotgan rahbarlar bilan keskin kurashgan insondir.

    H. Abdullayevning dunyo darajasidagi olim ekanini shundan ham bilish mumkinki, u 1956-yildan Meksika, Fransiya, Chexoslovakiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Hindiston singari mamlakatlarda geologiya masalalariga bagʻishlangan xalqaro kongress va simpoziumlarda qatnashib, geologiyaning muhim masalalari boʻyicha maʼruzalar qilgan. Bu maʼruzalar mutaxassislarda juda katta qiziqish uygʻotgan. 1960-yili Buyuk Britaniya va Irlandiya Mineralogiya jamiyati, Fransiya Geologiya jamiyatiga aʼzo boʻlgan.

    Taʼkidlash lozimki, H.Abdullayev tashabbusi bilan 1957-yili “Fan va turmush” jurnali yana chiqa boshlagan, “Oʻzbek sovet ensiklopediyasi”ni nashr etishga kirishilgan.

    1959-yilda olim “Ruda paydo boʻlishining granitoid intruziyalar bilan genetik bogʻliqligi” mavzusidagi tadqiqoti uchun Lenin mukofoti bilan taqdirlangan. Bu mukofot sobiq shoʻrolar tuzumining eng katta mukofoti boʻlib, hammaga ham, ayniqsa, milliy res­publikalar vakillariga berilavermasdi.

    Bevosita uning rahbarligida OʻzFA tarkibida YAdro fizikasi, Falsafa va huquq, Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi, Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi, Mineral resurs­lar kabi yangi institutlar tashkil etildi.

    Amalga oshirilgan bu ulkan ishlar akademikning nafaqat Oʻzbekiston, balki sobiq ittifoqdagi obroʻsi ham behad darajaga koʻtarilishiga sabab boʻldi. Buni koʻrolmagan va hamon eski andozalar asosida ishlayotgan baʼzilar akademik Habib Abdullayevga qarshi kurash boshlab, uni va oʻzbek xalqining unga oʻxshagan ulugʻ farzandlarini yana qatagʻon qilishga urinishadi.

    “Abdullayev asarlarining shiddat bilan tarqalishi oʻzini bu sohada yagona, hech boʻlmaganda, bilimdon hisoblaydigan moskvalik, leningradlik va sibirlik baʼzi atoqli mutaxassislarni sarosimaga solib qoʻydi, — deb yozgan edi bir guruh mos­kvalik va toshkentlik olimlar. — Hazil gapmi, hali ittifoqda tanilib ulgurmagan oʻrta osiyolik qandaydir “yakkaxoʻja” olim markazning tajribalari, maxsuslashgan metallogeniya va petrologiya maktablari uzoq yillar mobaynida yecholmagan dolzarb, oʻta muhim muammolarni bir oʻzi poyoniga etkazib, baland saviyada uddalab hal qilsa-ya!”

    SHu paytdan boshlab 1937-yildan tirik qolgan “arboblar” “ilm sahnasi”dan quvilgan “olimlar” bilan birlashib, ulugʻ olimning koʻzini ochirmay qoʻyishdi. Ular Oybek va uning rahbarligidagi yozuvchilarga qarshi ham jang boshlagan edi. Oʻzi tosh­boʻron qilinayotgan olim bu sharmandali holni koʻrib chiday olmaydi.

    Oʻsha kezlarda akademiya prezidiumi aʼzolarining aʼzolik muddati tugab, yangi saylov kompaniyasi boshlangandi. H. Abdullayev Oybekning prezidium aʼzoligida qolishi uchun kimlargadir qoʻngʻiroq qilib, ulardan Oybekni himoya qilishni soʻraydi.

    “SHanba kuni edi, — deb xotirlaydi olimning rafiqasi Fotimaxon Abdullayeva. — Turmush oʻrtogʻim fursatni gʻanimat bilib, berilib ishlayotganida, toʻsatdan telefon jiringladi. Olsam, Habib Muhamedovichni soʻrashdi. Goʻshakni domlaga uzatib, endi ortimga burilganimda, Habib Muhamedovichning:

    — Axir Oybek oʻzbek adabiyotining togʻlaridan biri-ku! Nega unday deysiz? — deganini eshitib toʻxtadim. — Bu haqda hatto oʻylab koʻrishni ham istamayman!

    Domla goʻshakni zarda bilan menga uzatdi-da, yozuv stolidan qoʻzgʻaldi.

    Qisqa kechgan suhbatda domlani kim xafa qilganini darrov fahmladim. Habib Muhamedovich hech kim, hech nimani koʻrmay, zahrini havoga sochdi:

    — Har kimni toqqa oʻxshatavermang, deydi-ya, ablah! Oybekning kimligini, uning qudratini bilmaydi u, bilganida bu gapni aytmasdi. Tavba, bunday “noyob” nusxalarni qayerdan topishar ekan-a?! YAna u xalqni toʻgʻri yoʻlga boshlovchi rahbar, gʻoyaviy rahbar emish!

    Domla qoʻlidagi ruchkani mahkam siqqanicha, xona boʻylab yura boshladi:

    — Akademiya prezidenti ekanman, Oybek prezidium aʼzoligidan chiqarilmaydi. Bu — bir. Ikkinchidan, men sening tovuqmiya aqling bilan bergan buyrugʻingga boʻysunmayman”...

    SHu soʻzlarning oʻzi Habib Abdullayevning qanday ulugʻ inson boʻlganini koʻrsatadi, deb oʻylayman.

    Professor Omonulla Fayzullayev xotiralaridan

    1962-yilning erta bahor kunlari edi...

    Aytilgan vaqtda Oʻzbekiston Fanlar akademiya­sining rayosati joylashgan Kuybishev koʻchasidagi binoning ikkinchi qavatiga koʻtarildim...

    ...SHu payt Markaziy qoʻmitaning oʻsha vaqtdagi kotiblaridan biri shoshilinch ravishda kirib keldi. Hamma oʻrnidan turib qarshi oldi... Yigʻilganlar oʻtirgach, Markaz qoʻm kotibi tik turganicha majlisni oʻzi ochdi va gap boshladi. Uning gaplarini aynan keltirolmayman, albatta. Ammo umumiy mazmuni yodimda.

    Notiqning qiyofasi vajohatli, soʻzlari keskin edi. U oʻz gapini akademiyaga, asosan, uning prezidenti H. Abdullayevga hujum qilishdan boshladi. Akademiyada siyosiy-tarbiyaviy ishlar yomon ahvoldaligi, hatto unda mayda burjua millatchiligi ildiz otayotgani va bunda akademiya prezidenti H. Abdullayev faol qatnashayotganini taʼkidlab, uni qattiq qoraladi. “endilikda bunga chidash mumkin emas, unga chek qoʻymoq darkor”, dedi-da, oʻtirganlarga murojaat qilib, ulardan shu xususda oʻz fikr-mulohazalarini bayon etishni talab qildi.

    eng odilona gaplarni Qori Niyoziy domla gapirdi. Uning soʻzlari, avvalo, haqqoniyligi, ikkinchidan, dadilligi, soʻzlayotgan paytdagi xatti-harakatlari bilan menda zoʻr taassurot qoldirdi...

    — Konstantin Evlampievich! — dedi u Jitovning tepasiga borib. — Garchi sen Turkistonning yangi tarixi boʻyicha mutaxassis boʻlsang ham hech vaqoni bilmaydigan olim ekansan. Jadidlar sen oʻylagandek yomon odamlar emas. Oʻzbek ziyolilari orasidan etishib chiqqan maʼrifatparvar, bilim va madaniyat tarqatuvchi faol kishilar boʻlgan ular. Jadid — yangilik degani. Ular milliy maktablarda yangicha oʻqitish usullarini targʻib qilishgan. Jadidlarning koʻpchiligi Turkiston milliy mustaqillikka erishadi, deb umid qilgan.

    Bir qismi esa bunga ishonmay, milliy mafkurani targʻib qila boshladi. SHundan keyin bu taraqqiyparvar oqimda boʻlinish roʻy berdi. Axir Hamza va Gʻafur Gʻulom ham, Sadriddin Ayniy va Oybek ham, Abdulla Qodiriy va Usmon Nosir ham jadid boʻlgan yoki dunyoqarashi shular taʼsirida shakllangan oʻzbek ziyolilari edi-ku! Mening oʻzim ham jadid boʻlganman!

    Habib Muhamedovich-chi? U Oʻsh viloyati Aravon qishlogʻida yashagan bir kambagʻal dehqon farzandi. Oʻrta va oliy maʼlumotni sovet hokimiyati davrida olgan, uning dunyoqarashi ham shu davrdagi komsomol va partiya tashkilotlari ishida faol qatnash­gani tufayli shakllangan.

    Shunday ekan, qanday qilib uni jadidlarga bogʻlash mumkin? Rost, Habib Muhamedovich hozirgi baʼzi ziyolilardan farqli oʻlaroq, zoʻr vatanparvar, oʻz millatiga favqulodda gʻamxoʻr, uning yorqin kelajagiga ishonchi baland odam. Ammo millatiga mehri baland odamni millatchiga chiqarishga hech kimning haqqi yoʻq! Bu erda men hech qanday tor millatchilikni koʻrayotganim yoʻq...

    SHundan keyin Qori Niyoziy ikkinchi notiqning tepasiga bordi va:

    — Bilasiz, akademiyaga men ham, boshqalar ham prezident boʻlganmiz. Ammo toʻgʻrisini aytish kerak, Abdullayev biz qilolmagan zarur ishlarni roʻyobga chiqardi. Akademiyani yana-da yuqori darajaga koʻtardi. Siz esa uning yaxshi ishlaridan koʻz yumib, tuhmat bilan shugʻullanyapsiz. Qani ayting-chi, bu tuhmatlarni sizga kim oʻrgatdi? — dedi.

    Markaz qoʻm kotibi jahl bilan: “Haqorat qilinmasin!” dedi.

    Qori Niyoziy Markaz qoʻm kotibiga oʻgirildi:

    — Siz va bular (u dastlab soʻzlagan ikki tuhmatchini qoʻlini bigiz qilib koʻrsatib) haqorat va tuhmat qilsalaring mayli-ku, bizga haq soʻzni aytish mumkin emas ekan-da! — dedi asabiy ohangda. — Men siz gapirayotganingizda jim oʻtirgan edim. Iltimos, siz ham menga xalal bermang!

    Markaz qoʻm kotibi qizishib ketib, qoʻlidagi qalamni jahl bilan stolga otib yubordi.

    — Sizlar bilan bu masʼuliyatli masalani hal qilib boʻlmas ekan, bu haqda tegishli joyda gaplashamiz! — deb oʻrnidan turib, xonadan chiqib ketdi. Uning ketidan ikki tuhmatchi ham joʻnab qolishdi.

    Bir necha soniya xonaga ogʻir sukunat choʻmdi. Habib Muhamedovichning xira tortgan koʻzlarida yosh halqalandi, oʻpkasi toʻlib, zoʻrgʻa: “Katta rahmat sizlarga!” deya oldi, xolos.

    Olimning rafiqasi Fotima Abdullayeva xotiralaridan

    1961-yil dekabr oyida SSSR Oliy Sovetining sessiyasi boshlanishi kerak edi. Oʻzbekistonlik deputatlarning barchasiga bilet olingan, bir kundan soʻng Moskvaga joʻnashga tayyorgarlik koʻrilayotgan edi. Kechki payt telefon jiringladi. Goʻshakni olsam, Markazqoʻmning mafkura boʻyicha kotibi rasmiy, oʻta sovuq ohangda Habib Muhamedovichni soʻradi. Domla tunda ishlash niyatida birpas mizgʻib olish uchun besh-oʻn daqiqa avval boshini yostiqqa qoʻygan edi...

    — Habib Muhamedovich endigina yotgan edi, — dedim muloyim ovozda. — Biror zarur gap boʻlsa, ayting, uygʻonsa, unga etkazaman.

    — Uygʻoting! — dedi u nopisandlik bilan. — Sizga aytadigan gap emas bu!

    Habib Muhamedovich ovozimni eshitib uygʻongan, tumbochka ustidagi ikkinchi apparat goʻshagini koʻtarib, gapimizni eshitib turgan ekan. Qoʻlimdagi goʻshakni qoʻymay, men ham suhbat davomini eshitdim. Salom yoʻq, alik yoʻq, toʻgʻridan-toʻgʻri sovuqdan-sovuq:

    — ertaga Moskvaga ketmaysiz. Ustingizdan shikoyat tushdi. Sizlarni yuzlashtiraman, — deya gapini tugatdi u.

    Abdullayev:

    — YUzlashtirish qochib ketmas, — dedi xotirjamlik bilan. — Bu birinchisi emas-ku. Sessiyadan qaytgach...

    — Yoʻq! — deya soʻzni kesdi va ­goʻshakni qoʻydi shekilli, qisqa gudok eshitildi.

    ...ertasiga Q.Boboev, N.Vasilʼkovskiy, ­A.Uklonskiy va boshqalar Zuhra Rahimboboyevaning qabulida boʻladi. Ular Markaz qoʻm kotibi bilan bir taraf, Habib Muhamedovichning yolgʻiz oʻzi bir taraf boʻlib, chaquv xatini satrma-satr koʻrib chiqishadi.

    Xatda koʻrsatilishicha, Habib Muhamedovich millatchilikda, oʻzbeklarga alohida eʼtibor berganlikda ayblangan ekan. Ular tomonidan barcha ayblovni mafkura boʻyicha kotib soʻzlab, guruhdagilarni dadillashtirishga daʼvat etib turadi. SHunda toqati toq boʻlgan Habib Muhamedovich: “Menga ham navbat berasizlarmi yoki shu joyning oʻzida sudyani chaqirib, sud majlisini boshlaysizlarmi?” degach, A.Uklonskiy: “Habib Muhamedovichni eshitish kerak”, deb taklif kiritadi. Abdullayev: “Soʻrang-chi, men ularni qachon va qanday tarzda kamsitib, millatchilikka yoʻl qoʻyibman?” degach, u istar-istamas bosim oʻtkazishga majbur boʻladi.

    Habib Muhamedovichning savoli bir zum hammani oʻylashga va javob berishga majbur qilsa-da, ular miq etmay turaverishadi... SHunda akademik Uklonskiy jim turolmay: “Nima, men yosh bolamanmi oʻzimni xafa qildirib qoʻyadigan?” — deb “tomosha”ga nuqta qoʻyadi. — Oʻzimni oʻzim himoya qilishga kuchim etadi. Hayronman, u xatda mening nomim qayerdan paydo boʻldi? Habib Muhamedovichning yoqasidan mahkam tutishga arziydigan boshqa bahona topilmadimi?”

    ... Boshqalar ham shunga oʻxshagan fikr bildirib, kutgan natija boʻlmaydi. Lekin u koʻzlangan maqsadga erishgan — topshiriqni aʼlo darajada bajarganidan xursandligi sezilib turardi. CHunki Habib Muhamedovichni SSSR Oliy Sovetining sessiyasida oxirgi marta qatnashish imkonidan mahrum etganidan boshi osmonda edi...

    Habib Abdullayev hayotidan lavhalar

    Kunlarning birida Habib Abdullayevning uyiga bir yigit kelibdi. U Moskvada iqtisod boʻyicha nomzodlik dissertatsiyasini yoqlab kelib, uylangan, ammo uyi yoʻqligi sababli er-xotin boshqa-­boshqa yotoqxonalarda yashayotgan ekan. Habib Muhamedovich uning oʻz vaqtida himoya qilganini eshitib va Moskva institutlarida ilmga chanqoq bir necha yigit-qiz borligidan xabar topib, koʻp xursand boʻlibdi.

    SHunday surʼat bilan ishlashni, doim birinchi boʻlib yashash lozimligini aytibdi yigitga. SHu orada yordamchisi Gʻ.Alievga yotoqxona masalasini tez hal qilish haqida topshiriq beribdi. Oradan birmuncha vaqt oʻtkazgach, Gʻ.Aliev domla huzuriga kirib, yozgi taʼtilni oʻtkazish uchun ketayotganini ayta boshlagan ekan, domla undan yosh olim uchun uy-joy masalasining hal boʻlgan yo boʻlmaganini soʻrab qolibdi. Muammo haligacha hal boʻlmagan ekan. “SHunday ekan, nega menga ayt­madingiz, — deb koyibdi yordamchisini akademiya prezidenti. Soʻng: “Ikki yoshning muammosini hal qilmay turib hech qayerga bormaysiz!” debdi. Rahbari xonasiga xursand kayfiyatda kirib, mulzam boʻlgan yordamchi sekingina “Xoʻp boʻladi”, deb chiqib ketibdi. Lekin buni qarangki, shu vaqtgacha hal boʻlmagan masala ertasigayoq hal boʻlib, iqtisodchi yigitga oilasi bilan baxtli hayot kechirishi uchun zarur sharoit yaratib berilgan ekan.

    * * *

    Urushdan keyingi ogʻir yillar. Oʻsha kunlarning birida Habib Muhamedovichning shogirdlaridan birining onasi vafot etibdi. Nochor ahvolda qolgan shogird ustozining uyiga yordam soʻrab boribdi. Ustoz unga avval hamdardlik bildiribdi va: “Mening oldimga kelib toʻgʻri qilibsan. Ustozning vazifasi faqat shogirdining ilmiy ishiga rahbarlik qilishgina emas, yaxshi kunida ham, yomon kunida ham uning yonida turish, unga yordam berishdir”, deb dafn marosimi xarajatlari uchun lozim mablagʻni berish bilangina kifoyalanmay, institutdan ham unga moddiy yordam koʻrsatish haqida koʻrsatma beribdi.

    * * *

    1950-yillarning boshlarida kosmopolitizmga qarshi boshlangan kurashning salbiy oqibatlari atoqli arabshunos olim M.Salyeni ham chetlab oʻtmagan.

    Mashhur sharqshunos, akademik I. Krachkovskiyning sevimli shogirdi, 8 jildli arab folklori durdonasi “Ming bir kecha”ning tarjimoni boshi uzra qora bulutlar suza boshlagan. Hatto 1950-yilning kuzida uni Fanlar akademiyasi aʼzoligidan haydash masalasi koʻtarilgan. Bu notoʻgʻri harakat ijtimoiy-gumanitar fanlarda yomon tamoyillarning avj olishiga sabab boʻlishini sezgan, Salyeni mashhur tarjimon va sharqshunos olim sifatida qadrlagan Habib Abdullayev tegish­li idoralarga xat yozib, uni davr balolaridan saqlab qolgan.

    Butun hayoti davomida ezgu niyat va ezgu amallar bilan yashagan insonlardan ezgu ishlar va ezgu xotiralar qoladi. Habib Abdullayev oʻzidan ezgu ishlar va ezgu xotiralar qoldirgan ana shunday insondir.

    Naim KARIMOV,

    Akademik