Maʼmuriy reglament davlat xaridlarida Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2025-yil 1-apreldan yuridik va jismoniy shaxslarni Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali qabul qilinadi.
Arizalar YAIDXP orqali dam olish va bayram kunlaridan qatʼi nazar, har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin.
Davlat xizmatini koʻrsatganlik uchun toʻlov undirilmaydi.
Vakolatli organ ariza tushgan kundan boshlab 15 ish kunida Reyestrga yagona yetkazib beruvchi sifatida kiritish haqidagi arizani koʻrib chiqadi.
Talabgorning Reyestrga kiritish haqidagi arizasi va unga ilova qilingan maʼlumotlar vakolatli organ tomonidan ariza kelib tushgan kundan boshlab 2 ish kuni ichida Portalga majburiy jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtiriladi.
Vakolatli organ ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalari tomonidan taqdim etilgan xulosalar hamda arizani koʻrib chiqish davomida toʻplangan boshqa maʼlumotlar asosida arizani qanoatlantiradi yoki qanoatlantirishni rad etadi.
Agar ariza qanoatlantirilsa, bu haqida talabgorga QR-kod qoʻyilgan xulosa talabgor oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda – Davlat xizmatlari markaziga, YAIDXP orqali murojaat etilganda – talabgorning shaxsiy kabinetiga yuboriladi.