Koronavirus pandemiyasi jahon mamlakatlari qatori, yurtimizda ham ko'pgina rejalarni amalga oshirishga jiddiy ta'sir ko'rsatyapti. Lekin o'z vaqtida ko'rilgan choralar natijasida 2021-yilning birinchi yarim yilligini yalpi ichki mahsulotning o'tgan yilning shu davriga nisbatan 106,2 foizga o'sishi bilan yakunlashga erishdik.
O'tgan davr ichida barcha sohalar qatori, iqtisodiy barqarorlikni ta'minlash, investitsiyaviy faollikni rag'batlantirish, aholi bandligini oshirish va tadbirkorlik sub'ektlarini qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratilgani tufayli iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida ishlab chiqarish hajmining o'sishi kuzatildi. Sanoat, xizmatlar, qishloq xo'jaligi sohalarida yuqori ko'rsatkichlar qayd etildi.
216 milliard so'mlik 9 ta investitsiya
loyihalari ishga tushirildi
Mamlakatimiz iqtisodiyotining barcha tarmog'i kabi agrar sektorda ham keng ko'lamli islohotlar olib borildi. Xususan, bugungi kunga qadar yerlarni foydalanishga kiritish uchun 1 203 km sug'orish tarmoqlari qurilib, 391 km kollektor tarmoqlari ta'mirlandi, 997 dona sug'orish quduqlari va 201 dona nasos agregatlari o'rnatilib, 1 782 km elektr uzatish tarmoqlari tortildi. Natijada respublika bo'yicha jami 189,0 ming gektar, shundan 100,5 ming gektar foydalanishdan chiqqan yerlar hamda yer osti zaxira suvlari mavjud bo'lgan 88,4 ming gektar cho'l, adir hududlardagi lalmi va yaylov yerlar o'zlashtirilib, qishloq xo'jaligi foydalanishiga kiritildi.
O'zlashtirilgan yer maydonlarda 20 ming gektar sabzavot, 12,5 ming gektar poliz, 18,2 ming gektar moyli, 17,3 ming gektar dukkakli, 38 ming gektar ozuqa ekinlari, 37,9 ming gektar bog', 26 ming gektar uzumzor, 9,2 ming gektar sholi va 9,8 ming gektar boshqa qishloq xo'jaligi ekinlari joylashtirildi.
2021-yilda fermer xo'jaliklari va qishloq xo'jaligi korxonalari tomonidan 7 mln tonna sabzavot, 1,6 mln tonna kartoshka, 3,1 mln tonna meva va 1,8 mln tonna uzum yetishtirish belgilangan. Buning uchun qo'shimcha ravishda hisobot davrida 64 ming gektar mevali bog' va 37,6 ming gektar uzumzorlar barpo etildi. Mevali bog'lar va uzumzorlarni tashkil etish uchun 64,3 ming dona mevali, 100,6 ming dona tok ko'chatlari hisob-kitob qilinib, bugungi kunga qadar 44,9 mln dona meva va 51,9 mln dona tok ko'chatlari yetkazib berildi.
Fermer va qishloq xo'jaligi korxonalarning g'alladan bo'shagan takroriy maydonlariga 92,5 ming gektar sabzavot, 22,9 ming gektar kartoshka va 33,8 ming gektar poliz ekinlari ekilishi belgilangan bo'lib, o'tgan davrda 13,2 ming gektar sabzavot, 453 gektar kartoshka, 10,7 ming gektar poliz ekinlari ekilgani agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar natijasi, desak mubolag'a bo'lmaydi.
Eksportchi korxonalarning 1 208 ta
muammosi hal etildi
Ma'lumki, investitsiya — bu iqtisodiyot drayveri bo'lib, u bo'lmasa, iqtisodiyot rivojlanmaydi. Iqtisodiyotda investitsiyalarni keng miqyosda jalb etish esa ko'plab sohalar, tarmoqlar va hududlarga yangi texnologiyalar, ilg'or tajribalar kirib kelishiga xizmat qiladi.
Shu nuqtai nazardan joriy yilning birinchi yarim yilligida 4,8 mlrd. dollar miqdorida xorijiy investitsiyalar o'zlashtirildi yoki prognozga nisbatan 130 foizga bajarildi. Eng muhimi, Davlat investitsiya dasturi doirasida 746 mln dollarlik 50 ta yirik va ahamiyatli loyihalar, hududiy investitsiya dasturlari doirasida esa 21 trln so'mlik 5 246 ta loyihalar ishga tushirilib, 70 mingdan ortiq yangi ish o'rinlari yaratildi. Bu, albatta, quvonarli holatdir.
Hisobot davrida respublika bo'yicha eksport hajmlari 7 mlrd 55 mln dollarni yoki o'tgan yilning mos davriga nisbatan o'sish surati 112,3 foizni tashkil etganini ham alohida qayd etish zarur. Ayniqsa, eksportchi korxonalarning muammolarini tezkorlik bilan hal etish, ularga zarur ko'makni ko'rsatish maqsadida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida 24 soat faoliyat yurituvchi respublika eksport shtabi faoliyati yo'lga qo'yilib, eksportchi korxonalarning 1 208 ta muammoli masalalari tezkorlik bilan hal etilgani mamlakatimizda biznes vakillariga davlat siyosati darajasida katta e'tibor qaratilayotganidan dalolat beradi.
Ularni moliyaviy qo'llab-quvvatlash maqsadida eksportni rag'batlantirish agentligi tomonidan jami 150 mlrd so'mlik moliyaviy yordamlar ko'rsatilgani, shuningdek, eksportoldi moliyalashtirish maqsadida eksportni qo'llab-quvvatlash jamg'armasiga ajratilgan 100 mln dollar mablag' to'liq o'zlashtirilib, 193 ta eksportchi korxonalarga arzon foizlarda ajratilishi ta'minlangani ko'plab tadbirkorlarimiz uchun katta rag'bat va imkoniyat bo'ldi.
Albatta, joriy yilning birinchi yarim yilligida qilingan ishlar diqqatga sazovor. Lekin hisobot davrida yutuqlar bilan birga bir qator muammo va kamchiliklar ham borki, ularni o'z vaqtida bartaraf etish kechiktirib bo'lmas vazifa hisoblanadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida O'zbekiston Respublikasining 2021-yilga mo'ljallangan Davlat dasturining birinchi yarim yillikdagi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisobotini eshitish jarayonida ayni shu jihatlarga alohida e'tibor qaratildi.
Majlisda Hukumat tomonidan taqdim etilgan hisobotda barcha muhim masalalar keng qamrovda aks ettirilgani, ayniqsa, Vazirlar Mahkamasiga, uning tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarga yuborilgan parlament hamda deputatlik so'rovlariga berilgan javoblar chuqur tahlil qilingani ijobiy baholandi. O'z navbatida, Hukumatga yil yakuniga qadar Dastur ijrosini to'liq bajarish choralarini ko'rish bo'yicha bir qator taklif va tavsiyalar bildirildi.
Birinchidan, Dasturning birinchi yarim yillikka belgilangan 116 ta bandidan 89 tasi to'liq ijro etilgan, 7 ta bandning ijrosi muddatidan avval ta'minlangan. Ammo ayrim bandlar ijrosi bajarilishi kechikkan, belgilangan vazifalar hozirga qadar ta'minlanmagan. Hozirda 1-iyul holatiga muddatidan kechikishga yo'l qo'yilgan ayrim topshiriqlar yuzasidan zarur choralar ko'rilmoqda. Xususan, partiyamiz elektorati manfaatiga xizmat qiladigan, moliyaviy bozorni kengaytirishga qaratilgan muhim tadbir ko'zda tutilgan 60-band ijrosi yuzasidan “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalash faoliyati to'g'risida”gi qonun loyihasi shu yil 9-iyul kuni Qonunchilik palatasiga kiritildi.
Ikkinchidan, O'zLiDeP dasturidagi muhim yo'nalishlardan biri bo'lgan davlat xizmatlarini ko'rsatishda byurokratizm, sansalorlik va boshqa ma'muriy to'siqlarni bartaraf etish, eskirgan, zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni tubdan qisqartirish choralari ko'rilayotgani ham quvonarlidir. Zotan, davlatimiz rahbarining joriy yil 23-martdagi tegishli farmoni bilan 18 turdagi ma'lumotlar “elektron hukumat” tizimi orqali berilishi, 28 ta turdagi davlat xizmatining natijasi aholiga pochta aloqasi orqali etkazilishi belgilandi.
Uchinchidan, energetika tizimi iqtisodiyotni rivojlantirishning eng muhim omili hisoblanadi. Bu borada elektr energetikasi sohasida raqamlashtirish siyosatini amalga oshirilayotgani, bugungi kunga qadar 7,2 milliondan ortiq aholi xonadonlariga zamonaviy elektron hisoblagichlar o'rnatilgani, ularning 6,3 milliontasi billing tizimiga ulanib, elektr energiyasi iste'molini onlayn monitoring qilish yo'lga qo'yilgani diqqatga sazovor, albatta.
Shu o'rinda hisobotda keltirilgan bir raqamga to'xtalishni joiz bildim. Ayni vaqtda respublikada elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvatlari 14 ming 131 megavattni tashkil etmoqda. 2000-yilda bu ko'rsatkich 7 ming 750 megavattni, 2016-yilda 10 ming 830 megavattni tashkil qilgan. So'ngi 20 yilda ishlab chiqarish quvvatlari 2 barobarga, oxirgi 4 yil ichida esa 25 foizga o'sgan.
Joriy yilning yakuniga qadar 9 ta issiqlik va quyosh elektr stansiyalari ishga tushirilib, generatsiya quvvatlari 1 ming 560 megavattga oshirilishi maqsad qilingan. Ushbu muhim vazifani bajarish hamda Toshkent, Xorazm, Navoiy viloyatlarida belgilangan aniq loyihalar amalga oshirilishi uchun Hukumat albatta, barcha zarur choralarni ko'rishiga ishonamiz. Bu borada fraksiyamiz ham energetika vazirligi bilan hamkorlikda nazorat tahlil tadbirlarini amalga oshiradi.
To'rtinchidan, serquyosh yurtimizda etishtirilayotgan noz-ne'matlar o'zining betakror ta'mi, inson organizmi uchun foydali bo'lgan vitaminlarga boyligi bilan alohida ajralib turadi. Shu bois meva-sabzavotlarimizga talab xorijda ham yuqori. Hozirgi murakkab sharoitda aholini asosiy turdagi qishloq xo'jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta'minlash, eksport ko'lamini kengaytirish dolzarb masalalardan bo'lgani bois, aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash va yil davomida narx-navo barqarorligiga erishish uchun ijro organi bilan deputatlik korpusi hamkorlikni keng yo'lga qo'yib, nazorat ishlarini kuchaytirish kerakligi tavsiya etildi.
Xulosa shuki, Davlat dasturida aholi turmush sharoitini yanada yaxshilash, odamlarning hayotdan rozi bo'lib umrguzaronlik qilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, bandlikni ta'minlash va kambag'allikni qisqartirishga qaratilgan muhim masalalar o'z aksini topgan. Shu nuqtai nazardan uning har bir bandida belgilangan vazifalar o'z vaqtida va sifatli bajarilsa, joylardagi muammolar yechim topadi, jamiyatda, odamlar hayotida o'zgarish bo'ladi.
Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik
Palatasi Spikeri o'rinbosari